Bugun, 3 sentabr kuni AOKA huzuridagi shtabda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Vazirlik axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmadov respublikadagi mavjud 10 mingga yaqin maktablarda optik tolali aloqa liniyalari qurilishi ko‘zda tutilganini ma'lum qildi.
«Respublikadagi 10 mingga yaqin xalq ta'limi muassasalarining barchasiga optik tolali aloqa liniyalarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Karantin rejimi e'lon qilingan vaqtdan boshlab o‘quvchilarga uyda fanlarni bemalol o‘zlashtirishlari uchun barcha mahalliy tarmoq va mobil operatorlari tomonidan ta'lim axborot-resurslari joylashtirilgan veb-saytlarga bepul kirish ta'minlandi.
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda 3ta televizion kanal tashkil etildi. Ushbu kanallar orqali televizion videodars mashg‘ulotlarini respublika bo‘yicha bepul tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Masofaviy ta'lim berishda ustoz va murabbiylar uchun mobil aloqa xizmatlaridan qulay shartlarda foydalanish uchun maxsus «Ta'lim» tarif rejasi joriy etilgan. Hozirgi kunda ushbu tarif rejasiga yanada ko‘proq qulayliklar kiritilmoqda.
Masofaviy ta'lim uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratish maqsadida alohida imtiyozli «Maktab» tarif rejasi ishlab chiqilib, hozirda joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yil yakuniga qadar yana 4 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari quriladi va 800dan ortiq qo‘shimcha yangi baza stansiyalari o‘rnatiladi», deya axborot berdi vazirlik vakili.