Parkentda bozor qurilishi tadbirkor mulkiga xavf solmoqda. Bozor ma'muriyati va hokimlik nima deydi?

Jamiyat 10:00 / 03.09.2020 14177

Mirshohit Mirhayitov biz bilan suhbatda bir necha yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgani, buzilishi rejalashtirilgan do‘konini 2010 yilda ko‘chmas mulk birjasidan sotib olganini aytadi.

«Bozor qurilishi arafasida hokimlikka do‘konimning o‘rnidan o‘zim qurib olishimni yoki boshqa joydan joy ajratib bersa, ularning loyihasi asosida do‘konni o‘z mablag‘im evaziga qurib olishimni so‘rab ariza bilan murojaat qildim. Qonun talablarida binolar va inshootlarni joylashtirishda ma'lum oraliq masofa tashlanishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Bozor qurilishida esa bunga e'tibor qilinmayapti.

Undan tashqari, yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha binolarni qurishda oraliq masofaga rioya qilinishi kerakligi belgilangan. Ammo bozor qurilishida mening do‘konim atrofida bularga rioya qilinmayapti.

Mirshohit Mirhayitov

Tuman hokimi qarorida kompensatsiya masalalari hal qilinsin, deyilgan bo‘lishiga qaramay, men bilan hisob-kitob qilinmagan.

Vazirlar Mahkamasining 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom bo‘yicha men ustuvor huquqqa egaman. Nizomda mulk egasi bilan kelishish lozimligi belgilangan. Unga ko‘ra, birinchi navbatda, loyihani mulkdorning o‘zi qurib olishi, ikkinchi navbatda, mulk tanlash (pul, mulk yoki yer olish) huquqi belgilab qo‘yilgan. Ushbu qaror bo‘yicha menga ustuvor huquqimni berishsa, o‘zim ular aytganiday qilib qurib berardim.

Bu masalada tuman hokimiyatiga 4-5 marta murojaat qilganman. Ko‘rib turibsizki, hozir bozor binosining mana shu ozgina qismi bitmay turibdi, sababi, ular biz bilan kelishuv shartnomasini tuzishmagani, rozilik xatini olishmagani tufayli ularning ham, bizning ham ishimiz bitmayapti», – deydi tadbirkor Mirshohit Mirhayitov.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida «Parkent dehqon bozori» MChJ vakillari bilan uchrashib, ularning ushbu murojaat bo‘yicha fikrlari bilan tanishdik.

«O‘zboshimchalik bilan qurilgan bostirma bozor qurilishiga halal beryapti»

Elyor Berdiqulov

«Parkent dehqon bozori» MChJ yuriskonsulti Elyor Berdiqulov 2017 yil 27 martdagi 2853-sonli prezident qaroriga asosan, Parkent tumani hokimining 2019 yil 3 iyundagi 5543-sonli qarori chiqqanini aytadi.

Hokim qaroriga asosan, qurilish ishlarini olib borish davomida bozor balansida bo‘lgan 128 ta savdo do‘koni va 20ta xususiy savdo do‘koni buzilishi rejalashtirilgan. Ushbu xususiy do‘konlarning barchasi egalarining roziligi asosida buzilib, faqatgina M.Mirhayitovga tegishli do‘kon buzilmasdan qolgan.

Shu kunga qadar unga hokimlik tomonidan bir nechta takliflar berilgan. Birinchisi, unga tuman hokimining 2019 yil 12 avgustdagi kafolat xatiga binoan, o‘sha paytda amalda bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qaroriga asosan kompensatsiya to‘lash taklif etilgan. Ikkinchisi esa, unga boshqa joydan teng qiymatdagi mulk berish taklif etilgan. Ya'ni, yangi qurilayotgan bozor binosidan 52 kv.m hajmdagi do‘konni tadbirkor nomiga kadastr qilib, mulk huquqi bilan berishni taklif qilganmiz. Bu bo‘yicha unga kafolat xati ham berilgan» – deydi bozor ma'muriyati yuriskonsulti.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tadbirkor do‘kon peshtoqiga o‘zboshimchalik bilan hech qayerdan ruxsat olmay bostirma o‘rnatib olgan va ushbu qurilma bozor qurilishini davom ettirishga xalaqit qilyapti.

«Biz ayni shu noqonuniy qurilmani majburiy tartibda buzdirib tashlash maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tumanlararo sudiga da'vo kiritdik.

Shu yilning 18 avgust kuni noqonuniy qurilmani olib tashlash bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqdi. Hozirda ushbu hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirishini kutib turibmiz», – deydi E.Berdiqulov.

Bozor yuriskonsulti qurilish bilan bog‘liq hamma hujjatlar qonuniy rasmiylashtirilgani, bozor ma'muriyati noqonuniy xatti-harakat sodir etmagani va tadbirkor do‘koniga daxl qilinmaganini ta'kidladi.

Shuningdek, tadbirkor unga taklif etilgan 1-qavatdagi 52 kv.m. hajmdagi do‘konning tepasidagi xuddi shuncha kattalikdagi yana bitta do‘konni ham talab qilayotgani, ular esa bu talabni bajara olmasligi, chunki bu hech qanday qonunchilikka to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

Tadbirkor esa kafolat xatida «mulk huquqi asosida» degan so‘zlar yo‘qligini aytib, ushbu kafolat xati unga ma'qul kelmaganini aytdi.

Tadbirkorga 3 ta taklif berilgan

Shundan so‘ng tuman hokimligida bo‘lib, hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Ziyodbek Yo‘ldoshev fikrlarini tingladik.

Ziyodbek Yo‘ldoshev

«Maqsadimiz – tadbirkor M.Mirhayitovni alohida ko‘rib, uni kamsitish emas, bozorni eski holatidan zamonaviy va chiroyli ko‘rinishga keltirish. Tushunish kerak, agar biz do‘kon egalari bilan kelishmasak, bozor qurilishini tugatolmaymiz. Tadbirkor do‘koniga tegmasak, bozor xunuk bo‘lib qoladi. O‘zingiz ko‘rgandirsiz, ushbu eski do‘kon bozorning yonginasida joylashgan», – deydi Z.Yo‘ldoshev.

Z.Yo‘ldoshevning aytishicha, tadbirkor do‘konni o‘sha yerning o‘zidan ikki qavat qilib qurib olishni talab qilgan. Bozorning bosh rejasiga to‘g‘ri kelmagani uchun bunga ruxsat berilmagan. Shuningdek, u agar tadbirkorga kafolat xati yoqmayotgan bo‘lsa, tadbirkor xohlagan kelishuv shartnomasini tuzib berishlari mumkinligini ta'kidladi.

M.Mirhayitovning yangi binodan do‘konning ikkinchi qavatini ham qurib olish bo‘yicha savoliga hokimlik vakili avvalgi do‘konning kvadrat metriga teng qismini olishini, ya'ni faqat bir qavatini bera olishlarini aytdi.

Suhbat chog‘ida hokim o‘rinbosari tadbirkor bilan kelishish maqsadida unga quyidagi 3ta taklifdan birini tanlashini so‘radi:

1. Yangi binodan tadbirkorga do‘koni bilan bir xil kattalikdagi do‘kon berish.

2. Do‘konini baholatgan taqdirda, 3 kun ichida kompensatsiyani to‘liq to‘lab berish.

3. Do‘koniga umuman tegmaslik va tadbirkorga bundan keyin ham do‘konidan bemalol foydalanaverish.

Tadbirkorning bozor qurilishida oraliq masofa saqlanmagani bo‘yicha shikoyatiga hokim o‘rinbosari do‘kon atrofidagi yer bozor infrastrukturasiga kirishini, tadbirkor faqat binoning egasi ekanligini, shu tufayli, oraliq masofa saqlashga majbur emasliklarini bildirdi.

M.Mirhayitov nima bo‘lgan taqdirda ham, unga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 911-sonli qarori bo‘yicha ish ko‘rishlarini so‘radi. Z.Yo‘ldoshev esa agar do‘kon buzilishini lozim topishsa, 911-sonli qarorga murojaat qilinishini ma'lum qildi.

Shuningdek, suhbatda qurilish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Elyor Rahmonov tadbirkorga agar u istasa, yangi do‘kon qurishi uchun unga hokimlik zaxirasidagi yerlardan tadbirkor ko‘rsatgan joydan 52 kv.m. yer ajratib berishi mumkinligini aytdi.

Xulosa shu bo‘ldiki, hokimlik tadbirkor do‘koniga tegmaydi, shu sababdan 911-sonli qarorga murojaat qilishga ham hojat yo‘q. Agar tadbirkorning do‘koni buziladigan bo‘lsa, qaror bo‘yicha tadbirkorga pul mablag‘lari, boshqa ko‘chmas mulk obektini mulk qilib berish, yer uchastkasi yoki kelishuvda nazarda tutilgan kompensatsiyaning boshqa turi qo‘llanilishi kerak bo‘ladi.

Abbos Salaydinov, Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: