2020 yilning 1 sentabr kuni Farg‘ona shahrida IIB va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Tadbir davomida, 24 yoshli G.S. (ayol) voyaga yetmagan 1 yoshli farzandi Sh.T.ni 1.500 AQSh dollariga sotishga kelishib, Farg‘ona shahar Sh.Rashidov ko‘chasida farzandi uchun kelishilgan puldan 500 AQSh dollari miqdordagi pullarni olayotgan vaqtida ushlangan hamda undan o‘rnatilgan tartibda kimyoviy ishlov berilgan pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. G.S. mazkur jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.