Yozning asosiy 15 transferi. «Siti» xarajat emas, daromad qilmoqda

Sport 18:42 / 02.09.2020 30702

Bu yil Yevropa chempionatlarida yozgi transferlar muddati koronavirus tufayli o‘zgargan. Masalan, Angliyada yangi futbolchilarni qayddan o‘tkazish APLning o‘tgan mavsumi yakunlanishi bilan – 25 iyuldayoq boshlangandi. Germaniyada yozgi transferlar oynasi 15 iyulda, Ispaniyada — 4 avgust kuni ochildi. Italiyada esa yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish faqat 1 sentyabrdan boshlandi. Allaqachon yangi mavsum start olgan Liga 1 chempionatida esa mahalliy transferlar 8 iyuldayoq boshlangandi. Yevropa klublari yangi futbolchilarni tarkibga qo‘shib olishi mumkin bo‘lgan so‘nggi muddat sifatida 5 oktabr sanasi keltirilmoqda. Quyida Yevropada yozgi transferlardagi top-15 transfer keltirilgan.

Leroy Sane («Manchester Siti»dan «Bavariya»ga)
Transfer qiymati: 60 mln yevro va bonuslar.

Leroy Sane / Foto: fcbayern.com

Angliyadagi to‘rt mavsumdan keyin Leroy Sane yana Germaniyaga qaytdi va «Bavariya» bilan besh yillik shartnomaga imzo chekdi. Transfer haqida e'lon qilinishidan oldin germaniyalik futbolchining yangi klubi futbolkasidagi surati myunxenliklar saytining arabcha talqinida paydo bo‘lgandi, buning uchun klub darhol «Manchester Siti»dan uzr so‘radi. Hans-Diter Flik ushbu 24 yoshli futbolchi bilan yaxshi aloqalarga ega. Ular Sane Germaniya U21 jamoasiga chaqirilgan vaqtlarda tanishishgan. Yaqinda Leroy «Shalke»daligidayoq «Bavariya»ga o‘tishi mumkin bo‘lganini aytdi. Ammo tarkibda Frank Riberi va Aren Robben borligi tufayli yosh vinger Myunxenga o‘tishni keyinga qoldirgan. Sane yangi klubida 10-raqamli futbolkani oldi va «Bavariya» bilan YeChLda zafar quchish niyatida ekanini bildirdi.

Timo Verner («Leypsig»dan «Chelsi»ga)
Transfer qiymati: 53 mln yevro.

Foto: Steve Bardens/Getty Images

Timo Vernerning londonliklar klubiga o‘tishi bo‘yicha jarayon yetarlicha uzoq vaqt davom etdi. 24 yoshli futbolchiga o‘tgan mavsumda «Liverpul» ham da'vogar edi, ammo mersisaydliklar koronavirus keltirgan inqiroz tufayli nemis futbolchisi transferidan voz kechishdi.  «Chelsi» esa o‘z maqsadiga erishib, Verner bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Timo London klubiga o‘tishiga asosiy sababchi Frenk Lempard bo‘lganini aytdi. Futbolchi «Chelsi»ning yangi erasidagi muhim futbolchi bo‘lish istagi haqida gapirgan. Shu kunlarda u «Brayton»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 4-daqiqada gol urdi - bu uning yangi klubi safidagi ilk goli bo‘ldi.

Mauro Ikardi («Inter»dan «PSJ»ga)
Transfer qiymati: 58 mln yevro va bonuslar.

Foto: Dean Mouhtaropoulos/Getty Images

Fransuzlar klubi Kavanidan ko‘ra Ikardini olib qolishni ma'qul ko‘rdi. Parijliklar bir yillik ijaradan keyin Mauroning transfer huquqini «Inter»dan sotib olishga qaror qilishdi. Muddatidan oldin yakunlangan Liga 1 mavsumida Ikardi 20 o‘yin o‘tkazib, 12 gol urdi va 3 golli uzatmaga mualliflik qildi. Endi u 4 yillik shartnomaga va yiliga 8 million yevrolik maoshga ega. 27 yoshli argentinalik «PSJ»ga o‘tishini sovrinlar sari qadam deb baholagan. Futbolchi Edinson Kavanidan bo‘sh qolgan 9-raqamli futbolkani o‘ziniki qilgan.

Artur («Barselona»dan «Yuventus»ga)
Transfer qiymati: 82 mln yevro va bonuslar.

Artur / Foto: juventus.com

Braziliyalik futbolchi kataloniyaliklar klubini mojaro bilan tark etdi. Iyun oyi oxirida «Barselona» Artur «Yuventus»ga yo‘l olishini tasdiqladi. Ammo hali mavsum yakunlanmagan va kataloniyaliklar Chempionlar ligasi o‘yinlarida ishtirok etishi kerak edi. Koronavirus tanaffusidan keyin futbolchi jamoa mashg‘ulotlariga kelmadi. Prezident Jozep Bartomeu 24 yoshli futbolchi unga qo‘ng‘iroq qilib, Braziliyada qolishini aytganini ma'lum qildi. Turinga ketish arafasida yarimhimoyachi noqulay vaziyatga tushib qoldi: u mast holatda «Ferrari» bilan YTHga uchradi. Jamoa o‘yinida qatnashish uchun kelganida esa uni stadionga kiritishmadi. Turinliklarning yangi bosh murabbiyi Andrea Pirlo Artur haqida iliq fikrlar bildirib, u «Yuventus» uchun yarimhimoya chizig‘ining bir necha pozitsiyalarida harakatlana oladigan kerakli futbolchi bo‘lishiga ishonch bildirgan.

Miralem Pyanich («Yuventus»dan «Barselona»ga)
Transfer qiymati: 65 mln yevro va bonuslar.

Miralem Pyanich / Foto: Marco Luzzani/Getty Images

Artur o‘rniga teskari yo‘nalishda «Yuventus»dan Miralem Pyanich Barselonaga yo‘l oldi. Bosniyalik futbolchi katalonlar klubi bilan to‘rt yillik shartnoma tuzgan, uning badal puli sifatida 400 mln yevro belgilab qo‘yilgan. Arturdan farqli ravishda 30 yoshli futbolchi Chempionlar ligasida oxirigacha o‘ynab berdi va turinlik muxlislar bilan hayajonli tarzda xayrlashdi. Pyanich «Yuventus»ni faqat «Barselona» kabi klub uchun tark etishi mumkin bo‘lganini ma'lum qilgan. U klubdan ketayotgani munosabati bilan xayrlashuv ziyofati uyushtirgan.

Villian («Arsenal»ga erkin agent sifatida)

Villian / Foto: arsenal.com

Braziliyalik futbolchi «Chelsi» bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmadi. Ko‘klar klubi rahbariyati yoshi o‘tib qolgan futbolchisiga ikki yillik shartnoma taklif qildi, ammo Villian klubda ko‘proq muddatga qolishni istadi. Avgust oyi boshida 32 yoshli yarimhimoyachida Londonning boshqa bir klubi «Arsenal»ga o‘tish varianti paydo bo‘ldi va «Chelsi»ni erkin agent sifatida tark etdi. Villian «kanonirlar» bilan uch yillik shartnoma imzolagan. Daily Mail ma'lumotiga ko‘ra, braziliyalik futbolchi yangi klubida haftasiga 220 ming funt oladi. Futbolchining o‘zi Arteta shaxsan uning transferi bilan shug‘ullangani, u klub bilan uch yil ichida Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishni istashi haqida gapirgan.

Viktor Osimxen («Lill»dan «Napoli»ga)
Transfer qiymati: 80 mln yevro va bonuslar.

Viktor Osimxen / Foto: sscnapoli.it

Nigeriyalik hujumchi «Lill» tarkibida yorqin mavsum o‘tkazib, 38 o‘yinda 18 gol urdi. Yozda unga Yevropaning ko‘plab klublari qiziqish bildirishdi, ammo faqat «Napoli» fransuzlar klubi talab qilgan 80 mln yevroni to‘lashga rozi bo‘ldi. Osimxenning «Napoli»ga transferi afrikalik futbolchilar orasidagi eng qimmatbaho transferlardan biri bo‘ldi. Hozirda bu rekord ivuarlik hujumchi Nikolya Pepega tegishli. O‘tgan yozda u aynan «Lill»dan «Arsenal»ga 80 million yevrodan ortiqroq mablag‘ evaziga o‘tgandi. Neapolitanliklar bilan Viktor yiliga 4,5 million yevrodan maosh ko‘zda tutilgan 5 yillik shartnoma imzolagan. «Napoli» prezidenti Aurelio De Laurentis Corriere dello Sport nashriga bergan intervyusida, klub avvaliga «Zenit»ning eronlik hujumchisi Sardor Ozmunga qiziqish bildirgani, ammo oxir-oqibat Osimxen tanlovida to‘xtagani haqida aytib bergan.

Ashraf Hakimi («Real»dan «Inter»ga)
Transfer qiymati: 40 mln yevro.

Ashraf Hakimi / Foto: twitter.com/Inter

«Real»ning ushbu tarbiyalanuvchisi o‘z klubida o‘ynab keta olmadi (madridliklarning asosiy jamoasi safida u jami 17 o‘yinda maydonga tushgan). So‘nggi ikki mavsumni Hakimi Dortmundning «Borussiya» klubida ijara asosida o‘tkazdi. Aynan shu klubda marokashlik futbolchi o‘zini ko‘rsatdi va o‘ziga qiziqish uyg‘otdi. Nemislar klubi uni transfer qilishga jazm etmadi, «Inter» esa jiddiy taklif bilan chiqdi. Ular Ashrafga yiliga 5 mln yevro to‘lash nazarda tutilgan 5 yillik shartnoma taklif qilishdi va Hakimi bunga rad javobi bera olmadi. Milanliklar klubiga transfer amalga oshgach, uning agenti Alexandro Kamano mijozi nega «Real»dan ketganini tushuntirdi. Ma'lum bo‘lishicha, Zidan hech qachon Hakimi haqida o‘ylamagan va uning kelajagini u bilan hatto telefon orqali ham muhokama qilmagan. Shu tufayli yosh futbolchi Italiyaga yo‘l olishga va Antonio Konte jamoasiga qo‘shilishga qaror qilgan.

Dani Parexo («Vilyarreal»ga erkin agent maqomida)

Dani Parexo / Foto: villarrealcf.es

Ko‘plab fanatlar uchun Dani Parexoning «Valensiya»dan ketishi kutilmagan hol bo‘ldi. Ispaniyalik yarimhimoyachi 9 yildan buyon «ko‘rshapalaklar» safida o‘ynab kelayotgandi, u jamoa yetakchisi va sardori edi. Ammo klubdagi moliyaviy inqiroz tufayli prezident Piter Lima jamoa yetakchilarini sotib yuborishga va oylik maoshlarni sezilarli darajada qisqartirishga majbur bo‘di. Shartnomasi muddati shusiz ham yakunlangan Parexo esa «Vilyarreal»dan qo‘nim topdi. Fransis Koklen ham ispaniyalik futbolchi bilan birga «sariq submarina» safiga yo‘l oldi.

Ferran Torres («Valensiya»dan «Manchester Siti»ga)
Transfer qiymati: 27 mln yevro va bonuslar.

Ferran Torres / Foto: mancity.com

«Valensiya»dan ketgan yana bir yetakchi futbolchi Ferran Torres bo‘ldi. Ammo klub rahbariyati uning transferidan yaxshigina mablag‘ ishlab olishdi. «Manchester Siti» 20 yoshli ispaniyalikni «Bavariya»ga ketgan Leroy Sanening o‘rnini to‘ldirish uchun sotib oldi. Torres «shaharliklar» bilan besh yillik shartnoma tuzdi va Xosep Gvardiola sha'niga maqtovlar yog‘dirdi. Yosh futbolchi hamisha «Man Siti» ustozi bilan ishlashni orzu qilganini aytdi. Endi Ferran murabbiylar shtabiga chindan ham Sanening munosib o‘rinbosari bo‘lishini isbotlab berishi kerak.

Ben Chilluell («Lester»dan «Chelsi»ga)
Transfer qiymati: 50,2 mln yevro

Yozning eng faol jamoasi bo‘layotgan «Chelsi» hujum chizig‘ini Hakim Ziyosh va Timo Verner bilan to‘ldirgach (Germaniyadan yana bir hujumkor futbolchi Kay Haverts ham kelishi kutilmoqda), e'tiborini himoya chizig‘ini kuchaytirishga qaratdi. Lempard istaganiga erishdi va unda chap qanot himoyasi ishonchli qo‘llarda - klubda APLning eng kuchli himoyachilaridan biri, Angliya terma jamoasiga nomzod bo‘lgan yana bir futbolchi paydo bo‘ldi.

«Lester» «Chelsi»ga YeChL yo‘llanmasini boy berib qo‘ygani ham ushbu transferni osonlashtirdi - 23 yoshli futbolchi shu orqali «tulkilar» rahbariyatiga bosim o‘tkazib, o‘zini qo‘yib yuborishni so‘radi.

Rodrigo («Valensiya»dan «Lids»ga)
Transfer qiymati: 30 mln yevro + 10 mln yevrolik bonuslar

Rodrigo / Foto: © Leeds United Football Club

Marselo Belsa APLga «Lids» bilan Chempionship g‘olibi sifatida chiqdi, ammo bir qator transferlar bilan tarkibni kuchaytirmasdan APLda jon saqlab qolish oson emas. Shuning uchun,«Lids» o‘z tarixidagi eng qimmatbaho transferni amalga oshirdi. Darvoqe, Rodrigo muqaddam Angliyada to‘p surgan, ayni vaqtda 29 yoshda bo‘lgan hujumchi 10 yil avval «Bolton»da kamtargina mavsum o‘tkazgan: 17 o‘yin va atigi bir gol. 

Yozgi transferlar davomida «Lids» «Vulvz»dan o‘ng qanot vingeri Elder Koshtuni 17,7 mln yevroga, «Frayburg»dan markaziy himoyachi Robin Koxni 13 mln yevroga sotib oldi. «Valensiya» esa yaqin orada YeChL uchun kurashda ishtirok etmaydi. Ferran Torres «Siti»ga, Parexo va Koklen «Vilyarreal»ga yo‘l olgan, Garay erkin agent, Rodrigo «Lids»da.

Mett Doerti («Vulverhempton»dan «Tottenhem»ga)
Transfer qiymati 16,8 mln yevro

Doertining transferidan keyin kichik shov-shuv ro‘y berdi, u 2012 yilda ehtiyotkorsizlik bilan ikkita tvit yozgani ma'lum bo‘ldi: 1) «Arsenal»ni sevaman va hamisha sevib qolaman», 2) «Ha, men «Arsenal»ning katta fanatiman. «Tottenhem» esa buni taqdimot rolikiga olib chiqdi: Doerti xijolatomuz ko‘rinishda ikki postini ham o‘chirdi.

Katta transfer emas, ammo sifatli transfer. Barcha parametrlarni hisobga olgan — narx, sifat, tajriba, zarur pozitsiya. «Tottenhem» o‘ng qanot uchun raqobatni kuchaytirdi (bu pozitsiyada faqat Serj Ore harakatlanayotgandi) va o‘yinda rang-baranglik oshishini ta'minladi. Doerti uch markaziy himoyachi bilan o‘ynalganida butun flangni yopishi mumkin. Hart, Hegbyorg va Doertining transferi, shuningdek, Lo Chelsoning transfer huquqi to‘liq sotib olinishi «Chelsi»ning xaridlari oldida kamtar ko‘rinadi, ammo «Tottenhem» uchun asosiysi — yetakchilikni saqlab qolish va Mourinoga mos futbolchilarni olib kelish. Klub YeChL uchun kurashadi.

Tiago Silva («PSJ»dan «Chelsi»ga erkin agent maqomida)

Tiago Silva / Foto: © Chelsea Football Club

«PSJ» o‘zining ko‘p yillik futbolchisiga yangi shartnoma taklif qilmadi, «Chelsi» esa Silva klub uchun bir yil davomida o‘ynab berishi mumkin deb hisobladi. Sentabr oyida u 36 yoshga chiqadi, ammo uning tajribasi va darajasi barchaga ayon. Lempard endi markaziy himoyada ko‘proq rotatsiya imkoniga ega bo‘ladi. Klub o‘tgan hafta yana bir markaziy himoyachini tekinga qo‘lga kiritdi. «Nitssa»dan 21 yoshli Malang Sarr erkin agent sifatida Londonga keldi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay ushbu futbolchi Fransiya chempionati va Yevropa Ligasi o‘yinlarida jami 102 o‘yinda maydonga tushishga ulgurgan va jamoasida sardorlik bog‘ichini taqqan. 2016 /17 yilgi mavsumda uning uzatmalari aniqligi — 89,8 foizni tashkil etgan. Bu 21 yoshgacha bo‘lgan markaziy himoyachilar orasida ikkinchi eng yaxshi ko‘rsatkichdir (50+ o‘yin). Endi «Chelsi»da bir darvozabon muammosini hal qilish qoldi.

Reyner («Real»dan «Borussiya» Dortmundga ijara asosida)

Foto: Getty Images

Madridliklar safidagi yana braziliyalik futbolchi hali asosiy tarkibga tayyor emas va klub ushbu 18 yoshli iste'dodni Yevropa yashil maydonlarida tajriba to‘plash uchun jo‘natdi. Braziliyada «yangi Kaka» laqabini olishga ulgurgan futbolchi hali kattalar futbolida o‘zini ko‘rsatishga ulgurmagan.

U ikki yil davomida «Borussiya Dortmund» klubida ijara asosida o‘ynaydi (Hakimi ortidan). Nemislar klubi unga qanchalik ko‘p o‘yin amaliyoti berishi ma'lum emas, chunki himoyadan farqli ravishda hujum chizig‘ida raqobat katta. Ushbu transfer qay darajada o‘zini oqlashini oldindagi mavsumda ko‘rib olamiz.

Ko‘proq yangiliklar: