Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidan Baxtigul Hamroyeva murojaat qilib, oilasi bilan og‘ir sharoitda yashab kelayotgani va davlat tomonidan qurilayotgan arzon uy-joylardan ololmayotgani haqida yozgandi. Biz holatni o‘rganish maqsadida Do‘stlik tumanida bo‘ldik.
Ochig‘i, Baxtigul opa sizni o‘zi izlab topmasa, u kishi yashayotgan joyni topa olmaysiz. Ayol qarovsiz, o‘tgan asrning ming bitta asorati urib turgan Avtoyo‘l korxonasiga tegishli xaroba makonda 9 yildan beri yashab kelyapti. O‘tgan yili turmush o‘rtog‘i uzoq xastalikdan vafot etgach, voyaga yetmagan ikki farzandi bilan qolgan.
B.Hamroyeva bizni o‘zi yashayotgan manzilga boshladi. Hozirgi vaqtda «Do‘stlik don mahsulotlari» AJda ishlab, ro‘zg‘or tebratayotgan ekan.
Ayolning aytishicha, u 2019 yilda ariza berib, uy-joyga muhtoj oilalar uchun qurilayotgan uylardan birini 20 yil muddatga ipoteka krediti asosida sotib olmoqchi ekanini bildiradi. Tuman hokimligi bunga javoban ariza «Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga mos kelishi, ammo 2019 yilda foydalanishga topshiriladigan uy-joylar band qilingani sababli 2020 yilda qurilishi ko‘zda tutilgan uy-joylarga talabgorlar ro‘yxatiga kiritilishi tushuntiriladi.
O‘zi ishlab turgan korxona ayolga uyning boshlang‘ich badalini to‘lab berishga qaror qiladi. 2019 yilning noyabr oyida ATB «Qishloq qurilish bank»ka 13 500 000 so‘m mablag‘ «Do‘stlik don mahsulotlari» AJ tomonidan to‘lab beriladi.
Ammo Vazirlar Mahkamasining yuqorida tilga olingan 2018 yil 12 apreldagi qarori asosidagi uylar 2020 yilda Do‘stlik tumanida qurilmaydigan bo‘ladi. Bu xabarni eshitgan Baxtigul Hamroyeva yana umidsizlikka tushadi.
Masala shundaki, B.Hamroyevaga tumanda biror kishi sen falon joydan uy olasan, senga atalgan uy falon joydan qurilyapti, demaydi ham. «Biror kishi menga tayinli javob bermagani uchun turli joylarga murojaat qilishga majbur bo‘ldim», deydi u.
Darhaqiqat, senga uy beriladi deb boshlang‘ich to‘lov qildirilishi, biroq unga o‘sha uy qayerda qurilayotganini ma'lum qilmaslik juda tushunarsiz holat. Baxtigul opaning yashab turgan sharoitini hisobga oladigan bo‘lsak, uning xavotirlanishi tabiiy, albatta.
B.Hamroyeva yashayotgan Sanoatchilar mahallasiga tuman hokimligi mutasaddilari kelishdi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Gulbahor Xolmuradova B.Hamroyevaning turmush sharoiti, qanday vaziyatda yashab kelayotgani bilan bevosita tanish ekanini aytdi.
«Qo‘limda joriy yilning 22 may kuni tuman hokimi tomonidan tasdiqlangan bayonnoma bilan keldim. Unga ko‘ra, Do‘stlik tumanidan 7 nafar qiyin ahvolga tushib qolgan muhtoj onalarga arzon uylar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Arzon uylarning boshlang‘ich badali Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash respublika fondi tomonidan to‘lab beriladi. Ushbu hujjatga talabgorlarni tanlash komissiyasining barcha a'zolari imzo qo‘yishgan», – dedi G.Xolmurodova.
Do‘stlik tumani hokimining soha bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Boyqulov haqiqatan ham joriy yilda tumanda arzon uy-joylar qurilmayotganini tasdiqladi. Shu sababli yuqorida tilga olingan bayonnomaga kiritilgan 7 nafar muhtoj ayolga Jizzax shahrida qurilayotgan arzon uy-joylardan ajratilishi rejalashtirilibdi.
Bu gaplar Baxtigul Hamroyeva guvohligida aytildi. Do‘stlik tumanidan ko‘chib ketsa ham o‘z uyi bo‘lishiga rozilik bildirdi.
«Kerak bo‘lsa, Jizzax shahridan o‘zimiz ish ham topib beramiz», – dedi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Gulbahor Xolmuradova.
Shu bilan masala hal bo‘ldi, deyishimiz ham mumkin edi, albatta. Ammo G.Xolmurodova bizga taqdim etgan bayonnoma viloyat ishchi guruhiga tavsiya mazmunida. Qolaversa, mazkur hujjatda garchi Baxtigul Hamroyevaning nomi ham qayd etilgan bo‘lsa-da, bayonnomaning qaror qismida Gulbahor Xolmuradova aytganidek, yetti emas, olti oila tavsiya etilmoqda.
Kuzatamiz, ushbu bayonnoma muammoga yechim bo‘larmikan...
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Suratlar muallifi – Jahongir Aliboyev.