«Ozodlikka erishgan finlar taraqqiyotni ta'limda ko‘rdi» – Finlandiyadagi o‘zbek olimi bilan suhbat (2-qism)

Jamiyat 15:04 / 01.09.2020 14739

Suhbatning birinchi qismida olimning marketing tadqiqotchiligi bo‘yicha ilmiy izlanishlari, dunyoda marketing tushunchasi, marketing ilmining biznesdagi ahamiyati haqida so‘z borgan edi.

– O‘zingiz yashagan davlatlar aholisi dunyoqarashi, yashash va turmush tarzi bilan qiziqqanmisiz? Finlandiya misolida olsak, finlar qanaqa odamlar?

– Qayerda yashamay, o‘sha hududdagi insonlar turmush tarzini kuzataman va bunga qiziqaman. O‘zim o‘sib-ulg‘aygan shahar Samarqandda ham turli millatlar, tillar, madaniyatlar aralash yashaydi. Har bir millatning o‘z urf-odati, an'analari bor, shu jihatdan ham Samarqand o‘zgacha shahar desam ham bo‘ladi. Yoshlikdan bu qadimiy shaharda uch xil til va turli dunyoqarashdagi insonlarni ko‘rib yurardim. Xorijiy mamlakatlarni ko‘rganda esa bu qiziqish yanada ortdi.

Finlandiya va uning odamlari haqida gapiradigan bo‘lsam, bu – ajoyib bir davlat, odamlarining bizga o‘xshash taraflari ham bor. Finlar deganda ularni bilgan inson tasavvurida gavdalanadigan bir qancha xususiyatlarga ega. Birinchi xislati bu – ishonch. Ya'ni finlar o‘ziga ishonchi juda kuchli millat.

O‘ziga bo‘lgan ishonch shundaki, (finlarda sisu deyiladi, ya'ni) aniq belgilangan maqsad, unga erishish uchun to‘xtamasdan harakat qilish. Yoki boshqacha ifodalasak, finlarni maqsadidan og‘ishib, yarim yo‘lda ortga qaytib ketadigan odati yo‘q.

O‘ziga bo‘lgan ishonchiga tarixiy bir misol. Tarixda sovet-fin urushlari nomi bilan kirgan hodisa bor. Finlandiya askarlari bir necha o‘n barobar kam bo‘lishiga qaramay, ulkan sovet ittifoqini jang maydonida yenga olgan davlat hisoblanadi. Bu tarixan isbotlangan voqelik. To‘g‘ri, siyosiy o‘yinlar tufayli urushda mag‘lub bo‘ladi, ayrim hududlaridan ayriladi, lekin jang maydonida ko‘rsatgan jasorati ularning qanchalik qat'iyatliligini ko‘rsatib turibdi.

Shuningdek, xalqning davlatga va insonlararo ishonch, bu ham havas qilarli holatda.

Ikkinchisi, o‘zaro hamkorlik. Finlarning o‘zaro hamkorligi, bir yoqadan bosh chiqarib ishlay olishi maqtashga arzigulik. Masalan, yilda ikki marta ko‘cha-ko‘y, atroflarni tozalash ishlari bo‘ladi. Buni finlar o‘zgacha zavq bilan kutib oladi. Shu kuni hamma oilasi bilan chiqadi va xuddi bir bayram kuniday o‘tkazadi.

Keyingisi – tenglik g‘oyasi. Jamiyatda kim bo‘lishidan qat'i nazar, hamma teng degan tushuncha bor. Bu ham millat ongiga chuqur singgan. Jamiyatning har bir tabaqasida, har bir sohasida buni ko‘rish mumkin. Qo‘pol qilib aytganda, boy-kambag‘al degan sinfiy farq juda kam. Hattoki, o‘zaro munosabatlarda ham bu sezilmaydi.

Finlar, shuningdek, uyatchan, tortinchoq, hech kimga xalaqit bermaydigan va juda ham kamtar odamlar. Mana shu bilan uning so‘zdagi portretini chiza olishim mumkin.

Hashamatga uncha e'tibor berilmaydi. Biror kafega borsangiz, yon stolda o‘tirgan odam milliarder bo‘lishi mumkin, lekin siz buni bir qarashda farqlay olmaysiz. Shuningdek, moddiy imkonlari bo‘lsa-da, hashamdor mashinalarni ko‘rish kam. Ular, avvalo, shu menga kerakmi, degan savol beradi o‘ziga.

Kamtarligiga yana bir misol, biror chet ellik undan inglizcha bilish-bilmasligi haqida so‘rasa, “I will try” – ya'ni harakat qilib ko‘raman, deya kamtarona javob beradi, lekin suhbat boshlanishi bilan uning ingliz tilini o‘ta mukammal darajada bilishiga guvoh bo‘ladi.  

– Fin mo‘jizasini nimada ko‘rasiz? Qay jihatlari sizni hayratga soladi yoki bizda ham shunday bo‘lsa edi degan o‘yga toldiradi?

– Agar mo‘jiza sifatida nimanidir ko‘rsatmoqchi bo‘lsam, bu – ta'lim degan bo‘lar edim. 1917 yilgacha  Finlandiya Chor Rossiyasi tarkibidagi knyazlik bo‘lgan. Shundan keyin Finlandiyani mustaqil davlat sifatida dunyo miqyosiga chiqishini ko‘rish mumkin.

Ularning ozodlikka erishgan ilk davriga e'tibor berish kerak. Chunki eng katta o‘zgarish o‘sha paytlarda ta'lim sohasini isloh qilish bo‘lgan.

Finlandiya o‘z oldiga alohida davlat sifatida tanilishimiz kerak degan maqsadni qo‘yadi. Va buning uchun o‘z “milliy g‘oya”sini shakllantirishi kerak edi. Bu g‘oyaning shakllanishida universitetlarning, ilm ahli, professor-o‘qituvchilar, turli xil sohadagi izlanuvchilarning o‘rni juda katta bo‘ladi. Xalq esa ularga “siz gapiring, biz eshitamiz” degan ma'noda ishonch bildirgan.

Davlat sifatida shakllanish, rivojlanishni ta'limda ko‘rishadi va muhim qaror qabul qilishadi. Parlament ta'lim hammaga berilishi kerak degan qaror qiladi. Bungacha bolalarning 30 foizi maktabga borar edi.

1979 yilda ikkinchi muhim bir qaror qabul qilishadi. Unga ko‘ra, maktablarda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydiganlar kamida magistr darajasida bo‘lishi kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng Finlandiyada o‘qituvchilik kasbi obro‘li kasbga aylanadi.

E'tibor berganmisiz, ko‘p davlatlarga borganda eng obro‘li kasb deganda doktorlar, prokurorlar va shunga o‘xshash kasblarni sanashadi. Bularning yonida juda kam mamlakatlarda o‘qituvchilar ham bor. Ko‘p mamalakatlarda o‘qituvchilik obro‘li kasb hisoblanmaydi. Shu paytgacha bu narsani men Koreya va Yaponiyada ham ko‘rdim. Ular o‘qituvchilikni faxrli kasb sifatida qadrlashadi.

Finlandiya ta'limida o‘quv rejalari soddalashtirilgan. 1-sinfdan 9-sinfgacha bo‘lgan o‘quv rejasi atigi 10 betlik hujjatdan iborat. Buni siz bilan biz tasavvur qilolmasligimiz mumkin. Ammo shu sohani ichida yurganlar, albatta, qoyil qolishi turgan gap.

Odamlarning ta'limga bo‘lgan hurmati rostan ham juda baland. Ta'limni hurmat qilishadi, ta'lim kerakligini, usiz hech narsa qilib bo‘lmasligini tushunib yetishgan.

Maktab davridanoq bolalar o‘rtasida tenglik uqtiriladi. Deylik, sekin o‘zlashtiradigan bola orqada qolib ketmaydi. Ba'zi davlatlarda bo‘lgani kabi iqtidorli o‘quvchilar uchun alohida sinflar tashkil qilinmaydi. O‘zlashtirishidan va jismoniy holatidan qat'i nazar, barcha o‘quvchi bir sinfda tahsil oladi. Deylik, bola nogiron bo‘lishi mumkin, lekin u barcha qatori maktabga borish huquqi bor.

Agar o‘qituvchi sinfdagi o‘quv jarayonini eplolmasa, unga yordamchi o‘qituvchi beriladi. Biri dars mavzusini tushuntirib, jarayonni boshqarsa, ikkinchisi darsni kuzatib yurib, o‘quvchilarga yordam beradi.

Agar bola haddan tashqari o‘zlashtirolmayotgan bo‘lsa, u uchun alohida mutaxassis chaqiriladi. Darsdan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlar olib boradi. Aytaylik, chet eldan kelgan, fin tilini bilmaydigan bola uchun shunday tadbir ko‘riladi. Yoki nutqini yetkazishda qiynalayotgan nogiron bola – bu uchun ham mutaxassis ta'minlanadi.

3-4-sinfdan din darsi o‘tiladi. Ota-onadan qaysi dinni o‘rgatish haqida so‘raladi, shunga qarab din darslari o‘tiladi. Yoki din darslarini xohlamasa, alternativ fan sifatida odobnoma o‘qitiladi.

– Finlar o‘z ona tilini qay darajada hurmat qiladi?

– Albatta, til qiziq mavzu. Uzoq yillar vatandan olisda, shu bilan birga, bir necha xorijiy tillarni o‘rgangan, nutqimda o‘sha til elementlari bo‘lsada, ona tilida gapirishga harakat qilaman va buni yoqlayman ham.

Finlar o‘z tiliga katta e'tibor beradi. Uni saqlab qolishga, tashqi ta'sirlardan himoya qilishga harakat qiladi.

Dunyoda yaxshi bir kitob chiqsa, o‘sha kitob zudlik bilan fin tiliga tarjima qilinadi. Bundan tashqari istalgan sohada istalgancha ma'lumotni fin tilida topa olasiz va uni o‘qishingiz mumkin. Finlar: “Bu tarjima qilishga arzimaydi, moddiy tomondan to‘g‘ri kelmaydi”, demaydi.

Yangi so‘zlar paydo bo‘lsa, uning fin tilidagi muqobil tarjimasini yoki o‘sha so‘zning fincha talaffuz formasini iste'molga kiritadilar. Kompyuter, telefon, smartfon kabi so‘zlarning shu tildagi tarjimasi bor va jonli tilda ishlatiladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tay, finlar o‘z tilinigina ustun qo‘yadigan millat emas. Boshqa tillarni kamsitmaydi, ularga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Biror finlandiyalikka ingliz tilida gapirsangiz qarshilik qilmaydi, lekin fin tilida gapirilsa, unga juda ham yoqadi.

Umuman xorijiy tillarni o‘rgatishga katta e'tibor beriladi. Bola maktabni bitirayotganda kamida uchta tilni o‘rganib olishi mumkin.

– Finlandiyada inson va tabiat munosabati qanday?

– Finlandiya tabiatni o‘z holida saqlashga, atrofni yashillashtirishga diqqat qaratadi. Tabiatni Alloh juda chiroyli qilib yaratgan, uni qay darajada asrash esa insonlar bog‘liq. Odamzot istasa o‘rmonni cho‘lga aylantirib yuborishi yoki bog‘-rog‘ qilishi mumkin ekan. Nordik davlatlar bo‘ylab sayohat qilganingizda nafaqat Finlandiya, balki Norvegiya va boshqalarida ham tabiatga bo‘lgan iliq munosabatni ko‘rish mumkin

Bu yer odamlari tabiatni juda ham yaxshi ko‘rishadi hamda uni asrab-avaylashadi, o‘zlarini tabiat bilan chambarchas bog‘langan his qilishadi. 

Biror yangi massiv qurilayotgan bo‘lsa, davlat tomonidan ma'lum shartlar qo‘yiladi. U o‘ziga belgilab berilgan hududdan tashqarida tabiatga ta'sir etmasligi lozim. Hatto santimetrgacha hisoblanadi, quriladigan bino yonida daraxt bo‘lsa, zarar yetmasligi uchun uni o‘rab qo‘yishadi.

Finlandiyada yashaydigan har bir odamning tabiatdan bahralanish haqlari bor va bu qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Masalan, o‘rmon mevalarini terish, baliq tutish, Finlandiyaning xohlagan yerida sayr qilish (bu joy xususiy bo‘lsa, egasiga xalaqit bermagan holatda) haqqi bor.

Shu bilan birga, tabiatni asrash uchun o‘z hissasini qo‘shishadi. Masalan, baliq tutishning ma'lum bir usullari uchun qo‘shimcha ruxsatnoma olish kerak. Finlar qonunga qattiq amal qilganligi sababli, bir kun baliq tutishi uchun ham ruxsatnoma sotib oladi. Chunki biladiki, litsenziyadan tushgan mablag‘ tabiatni muhofaza qilish uchun ishlatiladi. U men tabiat uchun o‘z hissamni qo‘shyapman, deb hisoblaydi.

– Pandemiya davrida karantin tartibi qanday kechdi, qanday cheklovlar bo‘ldi?

– Kuni kecha bir maqola o‘qidim. Yevropada pandemiya davrida iqtisodi eng kam zarar ko‘rgan davlat Finlandiya bo‘libdi, bu bejiz emas.

Barcha davlatlarda bo‘lgani kabi Finlandiyada ham o‘ziga xos ba'zi tadbirlar ko‘rildi, cheklovlar bo‘ldi. Boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda buni qattiq demagan bo‘lardim.

Odam ko‘p to‘planadigan joylar vaqtincha yopildi. Jamoat transportlari esa qisman cheklovlar bilan harakatlanishda davom etdi. Ma'lum bir muddat poytaxt boshqa hududlar bilan uzib qo‘yildi, 2-3 hafta sababsiz kirish-chiqish to‘xtatildi. Qo‘yilgan eng katta cheklov mana shu bo‘ldi.

Finlar xarakteridagi boshqalarga xalaqit bermaslik, masofa saqlash kabi xislatlari karantinda yanada qo‘l keldi. Shuning uchun ham o‘lim soni juda past bo‘ldi. 

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: