Joriy yilda “Kattaqo‘rg‘on montaj qurilish” MChJ tomonidan yillik quvvati I-bosqichda 1 200 dona bo‘lgan zamonaviy TMG 10 ming voltgacha bo‘lgan transformatorlar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Ushbu loyihaga 15 mlrd. so‘m sarflangan bo‘lib, hozirgi vaqtda 45 ta ish o‘rni yaratilibdi.
Ahamiyatli tomoni, ishga olinganlarning aksariyati korxona joylashgan hudud – “Navbahor” mahallasida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand oila vakillari.
Ushbu mahallada yashovchi Mavjuda Narziyevaning farzandlari voyaga yetmagan. Karantin davrida turmush o‘rtog‘i ham doimiy ishini yo‘qotgan va oila mushkul ahvolga tushib qolgan. O‘zining aytishicha, karantin boshlangan dastlabki oylarda oilaviy g‘isht quyib, sotishgan. Ikki oy avval mazkur zavodga ishga olinibdi: “Nasib etsa, endi qiynalmaymiz, tayinli ishim bor. Tomorqamizga kichikroq issiqxona qilib, limon ekdik. Oilaviy tomorqada ham ishlayapmiz, mehnatdan qochmayman”, deydi M.Narziyeva.
Mohidil Karimova ham “Navbahor” mahalasida turadi, ehtiyojmand oilalar ro‘yxatiga kiritilgan. Karantin davrida mahalladan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek naqd pul ko‘rinishida moddiy yordam berilganini aytmoqda. Ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor.
Ayolni yana boshqa muammo qiynayapti. Uning turmush o‘rtog‘i hozirgi vaqtda Rossiyada qolib ketgan: “Telefon orqali gaplashib turibmiz. Ammo pasportini yo‘qotib qo‘ygan, “pandemiya davrida tayinli ish ham yo‘q”, deyaptilar. Bizga pul jo‘natish u yoqda tursin, o‘zining ehtiyojlarini ham qondira olmayotgan ekan. O‘zbekistonga qaytishning chorasini qilolmayapti”, dedi M.Karimova.
“Dastlabki o‘rganishlar natijasi bo‘yicha tumanda 3 556 ta kambag‘al oilalar ro‘yxati shakllantirilib, “Temir daftar”ga kiritilgandi. “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati tadbiri boshlanganidan buyon muhtoj oilalarga jami 4,7 mlrd. so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Muhtoj oilalardagi mehnatga layoqatli fuqarolarning 4 588 nafari bandligi ta'minlandi. Yil yakuniga qadar yana 552 nafarining bandligini ta'minlashni rejalashtirib turibmiz.
Xalq deputatlari tuman kengashi qarori bilan “Temir daftar”dan 698 nafar oilalar chiqarildi. Pandemiya davrida yashash sharoiti og‘irlashgan 199 nafar oilalar ro‘yxatga qo‘shildi va ayni vaqtda 3 057 nafar oilalar ro‘yxatda turibdi.
Bu borada aniq chora-tadbir ko‘rganmiz, rejalarimiz bor. Yil oxiriga qadar yana bir qator loyihalarimiz ishga tushadi va birinchi navbatda ehtiyojmand oila vakillarini ishga joylashni maqsad qilganmiz.
Xususan, “Navbahor” mahallasida sizlar bilan muloqotga kirishgan Mohidil Karimovaning turmush o‘rtog‘ini xorijdan qaytarishni o‘z zimmamga olaman. Ochig‘i, hozirgacha ayolning aynan shunday muammosi bor ekanidan xabarim bo‘lmagan. O‘z navbatida aytmoqchimanki, tumanda hech kimning muammosini begona deb bilmayman. Bajonidil ularga ko‘maklashishga, odamlarimizni kambag‘alchilikdan chiqarishga tayyorligimni aytmoqchiman”, dedi tuman hokimi A'zamxon Bahromov.
Ochig‘i, fuqarolar dardini o‘zining muammosi, deb bilgan hokimning ishtiyoqiga ishondik. Umuman, hokimlarning hududdagi insonlar muammolariga o‘ziga xos yondasha boshlagani, sansalorlikka yo‘l qo‘ymayotgani odamni quvontiradi.
Kuzatamiz, hokim ayolning turmush o‘rtog‘ini xorijdan qaytara olarmikan?
Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.