Yurtimizda har yili mustaqillik bayramini alohida shior ostida nishonlash go‘zal an'anaga aylangan. Bu yilgi mustaqilligimizning yigirma to‘qqiz yillik bayrami “Sen – qudrat manbai, saodat maskani jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etdi.
Farg‘onada ham muctaqilligimizning 29 yilligi arafasida viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi tashabbusi bilan bir qator tadbirlar o‘tkazildi.
Xalqimiz — azaldan bolajon. Xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin, farzandi dunyoga kelsa, Yaratganning in'omi sifatida qabul qilib, shukronalar aytadi.
Farg‘ona viloyati hokimligi va Farg‘ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi tashabbusi bilan har bir tuman va shahardan 5 nafardan ( jami 100 nafar) bolajonlarning “Sunnat to‘ylari” karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda o‘tkazildi. O‘tkazilgan tantanada to‘ybolalarning ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, mahalla faollari, mehnat faxriylaridan vakillar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan kundan boshlab (1991 yil) o‘z faoliyatini bitta maktabgacha ta'lim tashkilotida olib borayotgan 200 nafar texnik xodimlarga viloyat hokimining qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashda kitobxonlik va kitob targ‘ibotini kuchaytirish, axborot-kutubxona faoliyatini takomillashtirishga alohida e'tibor berilmoqda.
Shu munosabat bilan mustaqillik bayrami arafasida maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning ota-onalari hamda aholi o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida “Kitobxon tashkilot” ko‘rik tanlovi e'lon qilinib, g‘oliblar viloyat hokimining qimmatbaho sovg‘alari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.
Farg‘ona viloyati
Maktabgacha ta'lim boshqarmasi