«Uyimni 19 yil deganda endi ko‘rdim» - afv etilgan mahkumlar bilan suhbat

Jamiyat 21:20 / 30.08.2020 56857

Biz afv etilgan hamyurtlarimizdan to‘rt nafari bilan suhbatda bo‘ldik.

Sarvar Bobonazarov (45 yoshda. 2007 yildan buyon qamoqda bo‘lgan):

– Mana shu uydan chiqib ketganimga 19 yil bo‘ldi! 19 yildirki, uyimizni faqat tushimda ko‘rardim. 26 yoshimga qadar Toshkentdan tashqariga chiqmaganman. Moskvada, Istanbulda bo‘ldim. 2007 yilda kimlarningdir yo‘rig‘iga yurib, Pokistonga yo‘l oldim. Xayolimda boradigan joylarimni turlicha tasavvur qilardim. Ammo chegaradayoq qo‘lga tushdim va Pokiston qamoqlarida 11 oy yotdim.

Pokistonda 2,5x1,5 metrli tagi tosh, devori beton xona, ovqatlari shu qadar achchiqki, yeb bo‘lmaydi. Qishning sovug‘i tufayli sog‘ligimni juda tez yo‘qotdim. Soqchilar nihoyatda shafqatsiz, qo‘limdan osib qo‘yishgan, uch kunlab uxlatmagan paytlari bo‘ldi. Inson uyqusizlik azobini boshidan o‘tkazsagina bilarkan.

2008 yil O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindim va 9,5 yil Qarshidagi qamoqxonada bo‘ldim. Keyin manzil koloniyaga chiqarildim. Va nihoyat, yozgan iltimosnomalarim inobatga olindi va davlatimiz rahbari meni ham afv qildilar.

Mana shu uyimni 19 yil deganda endi ko‘rdim. Oilamni yo‘qotdim, ikki farzandim hozir qayerda, bilmayman. Bu orada avval onam, keyin otam vafot etishdi.

Qaytganimda shahrimizni taniy olmay qoldim. Men 26 yoshimgacha yashagan Toshkent butunlay o‘zgarib ketibdi...

Turli yo‘llar boshida turgan yoshlarga mening hayotim saboq bo‘lsin. Biz qilgan xatolarni siz qilmang. Menga ishonch bildirib, muddatidan oldin ozod qilgan prezidentimizga minnatdorligimni bildiraman.

Murod Jalolov (31 yoshda, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, 8 yildan so‘ng afvga ko‘ra ozod etilgan):

– Shu xatoni qilib qamoqqa ravona bo‘lganimda sevgan qizim bor edi. U meni unutmadi. Yillar o‘taverdi, yoshimiz ham ketaverdi. Manzil koloniyasiga chiqqanimda sovchi yubordim. Quda tomon ham rozi bo‘lishdi. Ozod bo‘lmay turib uylandim xullas...

Qizim tug‘ilganida ham koloniyada edim. Ozodlikka chiqishim oldidan karantin bo‘lib, qizimni 5 oy ko‘rmadim. Ko‘z oldimdan o‘tganini tasvirlab bera olmayman.

Qamalmasimdan oldin qurilishda ishlardim, uylarni ta'mirlardim. Hozir ham shu ishni qilmoqchiman. Menga ishongan, kutgan oilamning, ota-onamning yuzini yerga qaratmaslikka harakat qilaman.

Hayot 8-9 yil ortga qaytib, o‘sha xato ostonasida turganimda umuman bu yo‘lga kirmagan bo‘lardim...

Dilshod Abdullayev (39 yoshda, 2016 yilda 6 yilga hukm qilingan, 4 yilda afvga ko‘ra ozodlikka chiqqan):

– Ikki o‘g‘lim, bir qizim bor. Qamalganimda qizim endi yura boshlagandi. U amakisini «dada» deb katta bo‘libdi. Akalari unga «bu bizning dadamiz emas», deyisharkan, qizim esa boshqalar amakisini «dada» deyishlarini ko‘rib yig‘larkan.

Keyin negadir hammaga «mening dadam issiq kunlarda keladi» deb kutarkan. Qish chiqib, havo isigan paytlarida «nega dadam kelmayapti?», deb so‘rab hammani yig‘latarkan...

Hech kim ota o‘rnini bosa olmasligiga ishonch hosil qildim. Qamoqda bolalaringizning hidlarini ham eslaysiz hatto. Ayniqsa, uchrashuvlarni orziqib kutasiz, kelib ketishganidan keyin qalbingizni zulmat chulg‘aydi.

Albatta, so‘nggi yillar islohotlari qamoqxonalarni ham chetlab o‘tmadi. Bizga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgargandi. Ammo panjara ortidagi bir kun ham yillarga tatiydi va unday kunlarni hech kimga ravo ko‘rmayman. Adashmang...

Farrux Po‘latov (24 yoshda, 2015 yilda diniy ekstremizmda ayblanib, 7 yilga hukm qilingan, 5 yilda ozodlikka chiqqan):

– Ko‘pchilik meni ko‘rib, bunaqa ayblovlarga aralashib qolganimga hayron bo‘ladi. 19 yoshimda shu xatoni qildim, qattiq adashdim. Ota-onam, akam-ukam bor; ukam kichkina bola edi, katta bo‘lib qolibdi. Ukaning hayotida akaning o‘rni juda kattaligini his qildim qaytganimda.

Xudo xohlasa, uylanish niyatidaman. Hayotimni yo‘lga qo‘yishda ko‘pchilik yordam bermoqchi. Yoshlarga aytar so‘zim, siz bunday xatolarni qilmang! Ayrim qiziqqon yigitlar kinolarda qamoqxonalarni ko‘rib havas qilishadi. Lekin u tasavvurlar birinchi kundanoq uchib ketadi.

Menga ozodlik berganlarga, ishonganlarga katta rahmat aytaman va uyaltirib qo‘ymaslikka harakat qilaman. Prezidentimizning afvlari menga yangi imkoniyat berdi.

Nuriddin Xoliqnazarov, Toshkent shahar bosh imom xatibi:

– Dindoshlarimiz ozodlikka chiqqanlarini eshitib, qalb amri bilan ularni yo‘qlab keldik. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, hozirgi davr butunlay boshqacha. Endi ozodlikka chiqqan yurtdoshlarimizni hech kim ajratib qo‘ymaydi, egri ko‘z bilan qaramaydi. Aksincha, har jihatdan ularga yelkadosh bo‘lishga harakat qilamiz.

Mana, machitlarimiz ochiq, har bir imom-domlalarimiz ularga ko‘mak berishga tayyor. Ilm olaman, ishlayman deyishsa, imkoniyatlar bor. Demak, bu ozodlik ne'matini to‘g‘ri anglab, yurtboshimizning afvlaridan kerakli xulosa chiqarib, qaytib bu yo‘lga kirmaslik kerak.

 

Lavha va maqola IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Ko‘proq yangiliklar: