Tanqidga javob: Yakkabog‘dagi qishloqda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etiladi

Jamiyat 12:16 / 29.08.2020 2597

Maqolada Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Xonimqo‘rg‘on qishlog‘ida elektr transformatorining eskiligi va bir necha qishloq ahli uchun xizmat qilayotgani, aholi o‘zi o‘rnatgan elektr simyog‘ochlari nobopligi, undagi simlar ming bir joydan ulanib ketganligi qayd qilingan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan bu holat atroflicha o‘rganib chiqilib, Xonimqo‘rg‘on qishlog‘i aholisi elektr ta'minotini yaxshilash borasidagi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston prezidentning 2016 yil 23 noyabrdagi “2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida”gi PQ–2661-sonli qaroriga asosan, bu boradagi ishlarni bajarish 2020 yilning 4-chorak rejasiga kiritilgan edi. Ayni paytda iste'molchilarning murojaatini inobatga olgan holda, Xonimqo‘rg‘onda mavjud simyog‘ochlar o‘rniga yangi temir-beton ustunlari o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, qishloqdagi mavjud transformator punkti kapital ta'mirlanib, hududda qo‘shimcha ravishda quvvati 100 kVA bo‘lgan yangi zamonaviy transformator punkti o‘rnatish rejalashtirildi. Hozirgi kunda elektr tarmoqlari qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.

Bu boradagi ishlarni tez fursatlarda bajarish maqsadida “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJning maxsus texnikalari hamda tezkor brigada ishchi-xodimlari jalb etildi, deya maqolaga munosabat bildirdi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: