O‘zbekistonda mobil operator abonentlari raqamini o‘zgartirmay boshqa kompaniyaga o‘tishi mumkin bo‘ladi

Fan-texnika 01:01 / 29.08.2020 68384

Ijtimoiy tarmoqlarda 1 oktyabrdan boshlab abonentlar boshqa uyali aloqa kompaniyasini tanlaganda ham telefon raqamini saqlab qolishi mumkin bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz muxbiri bu masalada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmadov bilan bog‘landi.

Ahmadovning aniqlik kiritishicha, oktyabrdan mobil telefon raqamini saqlagan boshqa aloqa kompaniyasiga o‘tish mumkinligi haqiqatdan yiroq. Ammo bunday imkoniyat yaqin kelajakda paydo bo‘lishi kutilmoqda.

«Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi gap-so‘zlarning tarqalishiga Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, hujjatga ko‘ra, mobil aloqa operatori o‘zgarganda raqamlari o‘zgarmay qolishi haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan. Mazkur normativ hujjat 31 iyul kuni qabul qilingan bo‘lsa-da, 1 oktyabrdan kuchga kirishi belgilangan. Ya’ni hujjat kuchga kirdi deganda, unda keltirilgan xizmatlar ham o‘sha zahoti kuchga kirishi ko‘rsatilmagan.

Ushbu hujjat Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan hamda vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan. Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Bir kompaniyadan boshqa kompaniyaga o‘z mobil raqami bilan o‘tib, yangi abonent sifatida o‘sha kompaniya xizmatlaridan foydalanish dunyo tajribasida bor. Qabul qilingan hujjatga asosan, o‘zbekistonlik abonentlarga ham ana shunday imkoniyatini taqdim etish harakatlari boshlanadi. Ya’ni shu paytgacha bu borada ishlarni boshlashimiz uchun huquqiy asos yo‘q edi.

Xo‘sh, bundan keyingi qadamlar nimalardan iborat bo‘ladi? 1 oktyabrdan boshlab, aloqa operatorlari bilan birgalikda raqamni saqlagan holda mobil operatorni o‘zgartirish tartibi va shartlari ishlab chiqiladi. Bu jarayonda aholiga aloqa xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan mobil operatorlarning qonuniy huquq-manfaatlariga ustuvorlik beriladi.

Shundan so‘ng 2020–2021-yillarda mobil aloqa operatorlari tomonidan zarur infratuzilma tayyorlanadi, kerakli jihoz va qurilmalar sotib olinishi kerak bo‘ladi. Men hozir aloqa operatorlarining texnik imkoniyatlari haqida yuz foiz tushunchaga ega emasman, shu sababli ularning nomidan gapirishim to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu haqda ular bilan bir stol atrofida bo‘lib o‘tadigan muhokamalar chog‘ida bir qarorga kelinadi.

Moddiy-texnik baza yaratilganidan so‘ng, istalgan aloqa kompaniyasidan boshqasiga o‘zingiz ishlatib yurgan raqamingizni saqlagan holda o‘ta olasiz. Masalan, siz UMS yoki Beeline mijozisiz, ularga tegishli perifiksni saqlagan holda boshqa kompaniya, deylik, Ucell yoki UzMobile'ga o‘tishingiz mumkin bo‘ladi.

Bu barchamiz uchun juda yaxshi qulaylik deb o‘ylayman. Qaysi hududda bo‘lsangiz, qaysi mobil kompaniyani antennasi yaxshi ishlasa, sizda boshqa kompaniya raqami bo‘lsa ham, yaxshi antennaga ega kompaniyadan foydalanishingiz mumkin. Albatta, buning uchun tajriba zarur.

Biz bu xizmatlarni muvofiqlashtiruvchi vazirlik sifatida, aholiga aloqa xizmatlarini taqdim etuvchi tadbirkorning ham, iste’molchilarning ham manfaatini birdek hisobga olishimiz kerak. Vazirligimiz ichki hujjatlari bilan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, 2021 yil oxirigacha mazkur tizimni amaliyotga to‘liq joriy etishni rejalashtirilgan. Bu degani mazkur ish 2021 yilning dekabrigacha cho‘ziladi, degani emas; odatda reja tuzilganda turli omillarni inobatga olib uzoqroq muddat belgilanadi. Biroq ko‘pincha ishlar muddatidan oldinroq, hatto ancha oldin bajarilishi tajribamizda ko‘p kuzatilgan», – dedi AKT vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Sherzod Ahmadov.

Ko‘proq yangiliklar: