Murojaatda aytilishicha, uning o‘g‘li — shifokor Valijon Isayev Samarqand viloyat perinatal markazida ishlab kelgan. Yurtimizda karantin e'lon qilingach, karantinga olingan homilador ayollar bolalarini jarrohlik yo‘li bilan dunyoga keltirish uchun ikki marta 14 kunlik davolashda ishtirok etgan. Uchinchi marta ham 14 kunlik davolash markaziga kirganida o‘zi ham koronavirus yuqtirgan.
«O‘g‘limga 3 iyul kuni Covid-19 tashxisi qo‘yilgach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. 19 kun og‘ir ahvolda yotib, 23 iyul kuni vafot etdi. Oradan shuncha kun o‘tdiki, maxsus buyruq bilan kasallikka qarshi kurashib vafot etgan o‘g‘limni tibbiyot sohasi mas'ullaridan hech kim eslamadi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga borganimizda qabul ham qilishmadi», — deydi M.Isayev.
Shuningdek, marhumning yaqinlari Valijon Isayev koronavirusga qarshi kurashga jalb etilib, endi uning oilasi, ortidan qolgan besh nafar voyaga yetmagan farzandiga hech qanday yordam berilmayotgani, rag‘bat pullari ajratilmaganini aytishmoqda.
Holatga aniqlik kiritish uchun Samarqand viloyat perinatal markazida bo‘ldik.
Markaz rahbari Lola Hamroyevaning aytishicha, mazkur muassasa karantin e'lon qilingach, barcha tumanlardan koronavirus yuqtirganlikda gumon qilingan, kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan homilador ayollarni qabul qilgan. Shifokorlar haqiqatan ham 14 kunlik rejimda ishlashgan.
Jumladan, marhum V.Isayev ham aprel, may, iyun oylarida mana shu guruhlarda ishlagan. Bu shifokorlarning aynan mazkur bo‘limlarda faoliyat yuritishi uchun perinatal markaz rahbarining har 14 kunda har bir tibbiyot xodimining ism-sharifi bilan maxsus buyruq chiqarilgan.
O‘tgan davrda kasallikka gumon qilingan va muloqotda bo‘lgan minglab homilador ayollar qabul qilinib, davolangan. Jumladan, barcha «qizil» hududda yashovchi homilador ayollar ham shu yerga qabul qilingan.
Ana shunday bemorlar bilan ishlashda muassasa shifokori V.Isayev kasallik yuqtirib, shu sababdan vafot etgan. Ammo mazkur shifoxonada ishlovchi vrachlarga qo‘shimcha to‘lov yoki rag‘batlantirish pullari nazarda tutilmagan.
Perinatal markaz rahbari bu masala markaz doirasida hal etilmasligi, shu sababdan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga va boshqa tegishli tashkilotlarga muammo yuzasidan xat bilan chiqqanini ma'lum qildi. Biroq bu xatlarga javob kelmagan.
Markaz xodimlarining ma'lum qilishicha, bu yerga koronavirusga gumon qilingan homilador ayollar birinchi navbatda tibbiy yordam, tug‘ruqni amalga oshirish va hatto jarrohlik amaliyoti uchun olib kelinadi. Bunday vaziyatda hech qaysi shifokor avval bemorda koronavirusga tahlil olinishi va uning javobi kelishini kutib turmaydi. Bunday tartibning o‘zi yo‘q, kasallikka gumon qilingan, kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan, «qizil» hududdan keltirilgan va hatto isitmasi baland bo‘lgan, kasallikning ayrim alomatlari sezilib turgan bemorlarga ham tibbiy xizmat ko‘rsatishgan.
Boshqacha aytganda, bu shifokorlar ham «urush»ning eng xavfli chiziqlarida mehnat qilgan. Qolaversa, ularga aynan mana shu sababdan maxsus buyruq chiqarilgan. Buyruq bo‘lgani holda ularning birortasiga hatto 6 foizlik ustama ham qo‘shib berilmagan.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari holatga qisqacha izoh berdi.
Unga ko‘ra, tegishli hujjatlarda belgilanganidek, rag‘batlantiruvchi mablag‘ kasallikda gumon qilinganlar bilan ishlovchi xodimlarga emas, balki aynan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimlariga beriladi.
Shuningdek, shifokorlarga beriladigan rag‘bat respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan hujjatlar asosida tarqatilishi ma'lum qilindi.
Xullas, Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati viloyat perinatal markazida koronavirusga gumonlanganlar bilan ishlovchi xodimlar rag‘batlantirilmasligini ma'lum qildi.
Demak, mutasaddilarga ko‘ra, koronavirusga gumonlangan, kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan, bemorlarni maxsus bo‘limlarda 14 kunlik karantin sharoitida davolasa-da, bunday shifokorlarga respublika maxsus komissiyasi nizomida maxsus to‘lovlar ko‘zda tutilmagan. Garchi shifokor gumonlanuvchi bemorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab vafot etgan bo‘lsa ham! Modomiki shunday ekan, yuqoridagi kabi shifokorlar taqdirini ham respublika maxsus komissiyasi mas'ullari ko‘rib chiqishlari kerakka o‘xshaydi.
Chunki 5 bob va 41 banddan iborat mazkur nizomda mana shu kabi holatlar e'tiborga olinmagani yuzasidan ham murojaatlar bo‘lmoqda.
Jumladan, Samarqandning o‘zida iyul oyida ham yana bir tibbiyot xodimining murojaati e'lon qilingan edi: murojaat egasi — Samarqand shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi shifokori Shoira Eshbekova shahar bo‘yicha kasallanish ehtimoli yuqori bo‘lgan birinchi o‘choqlarda 3500 nafardan ortiq fuqarolardan test namunalari olishda va viloyat virusologiya tahlilxonasiga yetkazib berishda ishtirok etgan. Natijada o‘zi va butun oilasi kasallanib, davolanib chiqqan, ammo 25 million so‘mlik maxsus to‘lov ham, kasallangan tibbiyot xodimlariga beriladigan mablag‘ ham ololmaganidan shikoyat qilgandi. Mutasaddilar bu holatda respublika maxsus komissiyasi nizomida ko‘rsatilgan qoidalarga ko‘ra, Sh.Eshbekovaning maoshiga faqat 6 foizlik ustama berilishini ma'lum qilgandi.
Darvoqe, marhum V.Isayev ishlagan viloyat perinatal markazining yuqumli kasalliklar bo‘limi karantin davrida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi buyrug‘i bilan yopilgan va mazkur bo‘lim «koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha faoliyati davom ettirilsin», deyilgan buyruqda.
Perinatal markazga mana shu buyruqqa asosan butun viloyatdagi koronavirusga gumonlangan homilador ayollar keltirilgan va maxsus sharoitlarda shifokorlar 14 kunlik karantin tartibida ularni davolagan edi.
Shuning uchun ham bemorning yaqinlari hozirgi holatdan norozi bo‘lishmoqda. Yana bir gap: modomiki qoidaga ko‘ra chindan ham koronavirusga qarshi kurashda jabrlangan yoki vafot etgan shifokorlarning barchasiga ham maxsus to‘lovlar berilmas ekan, o‘sha shifokorlarning yaqinlarini qabul qilish va buni to‘g‘ri tushuntirish kerak, nazarimizda.
Anvar MUSTAFOQULOV, Kun.uz muxbiri.