Joriy yilning 26 avgust kuni soat 00:50larda, Samarqand viloyati Samarqand tumani “Qamchinon” mahallasi, ichki tor ko‘chasi, raqamsiz uy oldida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1993 yilda tug‘ilgan F.F. “Zil-1360” rusumli yuk avtomobilini orqaga boshqarayotib, ortida harakatlanib ketayotgan mast holdagi piyoda, 1977 yilda tug‘ilgan D.T.ni avtomobilning chap orqa shinalari bilan bosib o‘tib, YTH sodir etgan.
Natijada, 43 yoshli piyoda D.T. olgan og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan.
Mazkur YTH yuzasidan 26 avgust kuni Samarqand tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, yuk avtomobil haydovchisi ushbu ko‘chadagi xonadondan to‘y-hasham jihozlarini ortib ketayotgan, piyoda esa to‘ydan mast holda chiqib ketayotgan bo‘lgan. Haydovchi bir yil davomida ikki marotaba qoidabuzarlik sodir etgan.
“Barcha haydovchilardan transport vositasini orqaga boshqargan vaqtlarida ehtiyotkor bo‘lishlarini, piyodalar mast holda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi xabarda.