«O‘zbekkino» Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘ndan ortiq filmlar telepremerasini taqdim etadi

Jamiyat 20:00 / 27.08.2020 7379

Mustaqillik bayrami kunlari «Tengiz», «Avloniy» badiiy filmlari, «Qo‘qon shamoli» ko‘p qismli filmi, «Xalq yuragi», «Bastakor», «Suzuk ota», «San'atdagi San'at», «Film chizayotgan musavvir», «Gumbaz ostidagi mo‘jizalar», «Orol – dardim mening» hujjatli filmlari, «Avtosarguzashtlar», «Samarqand noni», «Zag‘cha», «Qaldirg‘och bilan mayna», «Charxpalak-3» va «Charxpalak-4» multfilmlarining milliy telepremerasi bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, 9 may kuni telepremerasi bo‘lib o‘tgan «Ilxaq» badiiy filmi va iyun oyida premera qilingan «Sabr-u sadoqat» seriali ham yana bir bor televideniye orqali namoyish etiladi.

Mansur Abduxoliqovning «Tengiz» badiiy filmi hozirda qoraqalpoq tiliga ham dublyaj qilinmoqda. Tez kunlarda ushbu filmning Qoraqalpog‘istonda ham katta premerasi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Yana bir film – Dilmurod Masaidovning «Qo‘qon shamoli» kinoasari bo‘lib, uning taqdimoti 2019 yilda bo‘lib o‘tgan edi. Endilikda «Qo‘qon shamoli» filmi asosida tomoshabinlar e'tiboriga 5 qismli serial taqdim etiladi.

Katta namoyishi kutilayotgan filmlardan yana biri – «Xalq yuragi» hujjatli filmi yosh rejissyor Shoxruh Rasulov tomonidan suratga olingan. Hujjatli filmda Toshkentdagi Adiblar xiyoboni va u yerda haykallari o‘rnatilgan shoir va yozuvchilar haqida hikoya qilinadi.

2019 yil premerasi o‘tkazilgan «Avloniy» filmi ham yuqoridagi ro‘yxatdan o‘rin olgan. Film Tohir Malikning «Qaldirg‘och» asari asosida suratga olingan. Ssenariy taniqli adib Tohir Malik va Muqaddas Usmonovalar qalamiga mansub. Film rejissyori – Muzaffar Erkinov.

Bayram tuhfasi sifatida taqdim etilayotgan filmlarning televizion premeralari 29 avgust – 5 sentabr kunlari mamlakatimizning davlat va nodavlat telekanallarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi
Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: