Toshkent shahridagi “Bodomzor” jome masjidi imom xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Ashuro kuni ro‘zasi, ahli ayoliga kengchilik qilish va bu kunga xos ibodat mavjud emasligi haqidagi ma'lumotlarni so‘zlab berdi.
Ahli sunna val jamoa mazhabida bu kunda ro‘za tutish, oilasiga kengchilik qilish tavsiya etiladi. Imom Buxoriy o‘zlarining «Sahih»larida, Abdulloh ibn Abbos roziallohu anhudan keltiradilar:
«Rasululloh alayhissolatu vassalom Madinaga hijrat qilganlarida bu yerda istiqomat qiluvchi Bani Isroilning ro‘za tutayotganini, xursandchilik qilayotganlarini ko‘rdilar-da, ulardan so‘radilar: bu qanday kun? Ular aytdilarki, Alloh Musoga qavmi bilan birga Fir'avn zulmidan najot bergan kun. Shunda Rasululloh alayhissalom: «Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman», – dedilar-da, o‘zlari ham ro‘za tutib, sahobalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.
Albatta, bu Ramazon oyi ro‘zasi hali farz qilinmagan vaqtda bo‘lgan. Ramazon ro‘zasi hijratning ikkinchi yilida farz qilingan, shundan so‘ng Ashuro kunida ro‘za tutish ixtiyoriy bo‘ldi. Shu bilan birga, Payg‘ambarimiz alayhissalom Madinada qancha vaqt turgan bo‘lsalar, ya'ni 9 yil Ashuro kuni ro‘zasini tutganlar, oxirgi yili kelasi yili Ashuro kuniga yana bir kun qo‘shib ro‘za tutishlarini aytganlar, ammo bu nasib etmagan.
Bu borada imom Muslimdan rivoyat qilingan hadisni ham eslab o‘tish joiz. Rasululloh alayhissalom: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan va kelgusi yil gunohlariga kafforot bo‘ladi, deb umid qilaman», – deganlar. Albatta, bunda kabiyr (katta) gunohlar emas, sag‘iyro (kichik) gunohlar haqida so‘z ketmoqda. Chunki gunohi kabiralarga alohida tavba ham lozim.
Shunga binoan, ulamolar nazdida, Ramazon oyidan keyin Muharram oyining 9-10-kunlari, 10-11- kunlari ro‘zasini tutish mustaham amal hisoblanadi.
Ashuro kunida oilasiga kengchilik qilish haqida
Ashuro kunining yana bir xislati – bu kunda ahli ayoli, farzandlariga kengchilik qilish, kiyim-kechak, uyga jihozlar olib berish, ularni xursand qilish ham kiradi. To‘rt mazhab ulamolari oilasiga ro‘zg‘or qilib berishni mustahab deganlar va bir qancha dalillarni keltiradilar. Jumladan, hazrati Abdullohdan qilingan rivoyatlarni keltiradilar:
«Ashuro kuni kim oila ahliga ro‘zg‘orini keng qilib bersa, Alloh taolo yilning qolgan qismida unga kengchilik beradi», – deganlar Rasululloh sollallohu alayhi vassallam.
Katta sahobalardan Jobir ibn Abdulloh roziallohu anhu, mana shu hadisga muvofiq, Ashuro kuni oilasiga kengchilik qilishni tajriba qilib ko‘rganliklarini aytganlar. Sufyon ibn Uyayna 40-50 yil tajriba qilganlarini aytadilar.
Ashuro kuni ro‘zasining qazosi yo‘q
Abdulloh ibn Abbos, imomi Zuhriy, Abu Ishoq Sabiiylar, musofirchilikda ham Ashuro kuni ro‘zasini tutganliklari rivoyat qilinadi. Ulardan buning sababini so‘rashganida, Ramazon ro‘zasining qazosini tutish mumkin, ammo Ashuro kuni ro‘zasining qazosi yo‘q, shu bois bu kunning fazilatidan istifoda qilish maqsadida safarda to‘g‘ri kelib qolsa, uning ro‘zasini tutamiz, deb javob berganlar.
Ashuro kunida maxsus ibodat yoki duo yo‘q
Shariatning hurmati barcha narsadan ustun turadi. Muharram oyi va Ashuro kuniga doir yuqoridagi 2ta tavsiyani qamrab olsak kifoya. 10 yoki 100 rakat namoz o‘qish, har rakatda 10 marta Ixlos surasini o‘qish, ko‘zga surma qo‘yish kerak ekan, degan gaplar yo‘q va bularning barchasi bid'at-xurofotlar hisoblanadi.