Joriy yilning 24 avgust kuni YHXB sobiq xodimi mast holatda Yunusobod tumanida ona-bolani avtomashinada urib, YTH sodir qilganligi to‘g‘risida xabar berilgan edi.
36 yoshli T.A. (Toshkent shahar IIBB YHXB sobiq xodimi, shahodatlash komissiyasidan o‘tmagach, rahbariyatning buyrug‘i asosida joriy yilning 20 avgust kuni ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan) boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomobilini Yunusobod tumani hududida joylashgan A.Donish ko‘chasi tomonidan Yangi Yunusobod ko‘chasi tomoniga qarab Yunusota ko‘chasi bo‘ylab mast holatda boshqarib borayotib piyodalarning tartibga solinmagan o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 35 yoshli G.Yu. va uning farzandi 2 yoshli T.Ch.,ni urib yuborib, YTH sodir qilgan.
Sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida har ikki piyoda turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan 2020 yilning 24 avgust kuni T.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, voyaga yetmagan piyoda 2 yoshli T.Ch. shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan, shu sababli jinoyat ishi JKning 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish)ga qayta malakalangan.
Hozirda haydovchi T.A., jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
“Hurmatli fuqarolar, kunning qorong‘i vaqtida harakatlanganda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishingizni, belgilangan tezlik normalariga amal qilgan holda harakatlanishingizni tavsiya qilamiz”, - deyiladi ma'lumotda.