Mazkur maqolada ko‘rsatilgan holatlar Navoiy shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, viloyat majburiy ijro byurosi, shahar davlat soliq inspeksiyasi, «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJ rahbari va tegishli mas'ullar ishtirokida atroflicha qonuniy tartibda o‘rganib chiqilgani haqida Navoiy shahar hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat e'lon qildi.
Maqolada aholidan o‘zaro kelishuv asosida tuzilgan shartnoma evaziga turar joy binosini qurayotgan «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJ (rahbari — Feruz To‘xtayev) bankdan kredit olgani, evaziga «Yoshlik» MFY hududida joylashgan qurilishi tugallanmagan 5 qavatli binoni garovga qo‘ygani, kredit o‘z vaqtida so‘ndirilmagani uchun qurilayotgan turar joy binosi auksionga chiqarilgani aytilgandi.
Auksionga chiqarilgan mazkur uy fuqaro M.Bomuratova tomonidan 1 milliard 26 million so‘mga sotib olingan. Shu bois, M.Bomuratova mazkur uydan turar-joy sotib olish uchun tadbirkor F.To‘xtayev bilan o‘zaro kelishuv asosida mablag‘ to‘lagan fuqarolarga rad javobi bergan.
«Ishchi guruh o‘rganishlari jarayonida ayon bo‘ldiki, elektron auksion savdolari bekor bo‘lgandan so‘ng, fuqaro M.Bomuratovaga «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJdan fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 2018 yil 17 oktyabrdagi ijro hujjatiga asosan 813 million so‘m undirish haqidagi ijro hujjati MIB Navoiy shahar bo‘limiga kelib tushgan. Hozirda ushbu ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy shahar hokimligida bevosita tadbirkor F.To‘xtayevning o‘zi hamda fuqarolar bilan o‘tkazilgan suhbatda ushbu qarzdorlikni to‘lab berish majburiyati «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJ zimmasiga yuklatildi. Tadbirkor Feruz To‘xtayev mazkur mavjud qarzdorlikni tez orada to‘lab berishini bildirdi.
Mojaroga chek qo‘yish, muammoga yechim topish, da'vogar tomonlarni murosaga keltirish uchun hozirda kelishuv shartnomasi bo‘yicha pul to‘lagan xaridorlarga xonadonlarni hujjatlashtirib berish choralari ko‘rilmoqda.
Ayni paytda mazkur uy-joylar uchun to‘lovni amalga oshirgan aholi aziyat chekayotgani inobatga olinib, ularning muammolarini qonuniy hal etish choralari ko‘rilmoqda», deyiladi Navoiy shahar hokimligi munosabatida.