Londondagi o‘zbek shifokori: Hatto bosh vazir Boris Jonson ham oddiy shifoxonada davolandi

Jamiyat 14:03 / 25.08.2020 39896

Kun.uz sayti mushtariylari uchun tayyorlayotgan turkum suhbatlarimizning navbatdagi mehmoni Buyuk Britaniyada mehnat qilayotgan tajribali shifokor Fazliddin Murodov bo‘ldi.

– Assalomu alaykum Fazliddin aka, avvalo o‘zingiz haqingizda ma'lumot bersangiz.

– Jonajon O‘zbekistonimizga salomlar bo‘lsin. Men, Fazliddin Nurillayevich Murodov Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanidagi Birinchi Qangli qishlog‘ida tug‘ilganman. 1998 yilda hozirgi Toshkent Tibbiyot akademiyasini tugatib, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi markaziy poliklinikada bir yil davomida internatura o‘taganman. So‘ngra Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining LOR kafedrasida klinik ordinaturaning ikki yillik kursini 1-shahar kasalxonasida o‘tganman. Chilonzor tumanidagi 29-oilaviy poliklinikasi va xususiy klinikada otorinolaringolog vrach bo‘lib ishlaganman.

2016 yilda belgilangan imtihonlarni topshirib, Buyuk Britaniyaning vrachlik litsenziyasini olib, ayni paytda Lewisham University Hospital shifoxonasida lor vrach sifatida faoliyat yurityapman.

– Nega aynan Buyuk Britaniyani tanlagansiz?

– Aslida o‘rta maktabda nemis tilida dars o‘tganmiz. Tibbiyot institutiga o‘qishga kirgach, ko‘plab darsliklar, tibbiyotga oid adabiyotlar ingliz tilida bo‘lgani uchun ingliz tilini qo‘shimcha kurslarga borib mukammal o‘rgandim. Mutaxassislikni o‘rganish jarayonida ingliz tili orqali Buyuk Britaniya tibbiyot sohasida rivojlangan eng ilg‘or mamlakatlardan ekanligini bilganman. Adabiyotlardan shuningdek, Angliya tibbiyot tizimi eng rivojlangan tizimligini, bu davlatda shifokorlar obro‘-e'tibori, maoshlari yuqori darajada ekanligidan xabardor bo‘ldim. Menda shunday bir istak paydo bo‘ldi, ya'ni bu mamlakatda ishlash litsenziyasini qo‘lga kiritsam, ilmiy ishlar qilsam, bilimlarimni oshirsam, yurtimizda tibbiyot sohasi rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shardim, deb niyat qildim. Shu sabab bu davlatga kelganman.

– O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tibbiyoti o‘rtasidagi tafovutlar yoki o‘xshash jihatlar qanday?

– O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tibbiyoti o‘rtasida o‘xshash jihatlar kam. Tibbiyotda xuddi O‘zbekistondagi kabi diagnostika bor, davolash ishlari, dori-darmon orqali davolash masalalari o‘xshash. Turli kitoblar, tibbiy adabiyotlar ko‘p. Tafovutlar esa juda katta. Tibbiyot sohasida subordinatsiya, tibbiyot tizimining strukturalari boshqacha. Buyuk Britaniyada 1948 yilda milliy tibbiy tizim tashkil etilgan. Buyuk Britaniyada yashaydigan fuqarolarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Tizim nafakat bemorlarni tashxislab davolashni, balki kasallikka chalinmaslik choralarini ko‘rib boradi. Xususiy tibbiyot ham juda sifatli xizmat ko‘rsatadi, xususiy klinikalar ham milliy tibbiy tizim asosida rivojlantiriladi, shifokorlar har ikkala tizimda ishlayveradi.

Davlat shifoxonalarida ishlaydigan doktorlar uch toifaga bo‘linadi, birinchi konsultantlar – oliy toifali shifokorlar sanaladi, mutaxassis vrachlar va mutaxassislik bo‘yicha malaka oshirishda bo‘lgan doktorlar - bular o‘rta qatlamli doktorlar hisoblanadi. Yuqori toifadagi vrachlar quyi qatlamdagi vrachlarning yuqori pog‘onaga chiqishiga, malaka oshirib, bilimlarini mustahkamlashiga mas'uldirlar. Agar bemor kasalxonaga yotsa o‘sha kundan boshlab to chiqquniga qadar bo‘lgan xarajatlar tibbiy tizim tomonidan to‘lanadi. Davolanish uyda davom ettirilsa, dori-darmonlar bepul ravishda uyga berib yuboriladi.

– Sir bo‘lmasa, qancha maosh olasiz va uning qanchasi xarajatlarga ketadi?

– Buyuk Britaniyada maosh so‘ralmaydi. Bir xil o‘rinda, bir necha yillardan beri birga ishlaydigan shifokorlarning maoshlari xar xil bo‘lishi mumkin, bu ish stajiga, bilimga, bo‘limda bajaradigan ishiga, tajribaga bog‘liq. Shaxsiy ma'lumot bo‘lganligi uchun maoshlar qanchaligini ishlovchi va ish beruvchidan boshqa hech kim bilmaydi. Bu yerda maoshlar yillik hisoblanadi. Mening darajamda ishlaydigan vrachlar maoshi bir yilda taxminan 48-77 ming funt sterling (65-100 ming dollar) atrofida bo‘ladi. Bu puldan 20-40 foizi soliqlarga olib qolinadi. Bundan tashqari navbatchilikda tursangiz alohida haq olasiz. O‘zim bir oyda 4-5 marta tungi navbatchilikda turaman. Maoshning asosiy qismi ijara, uy to‘lovlariga, kredit to‘loviga ishlatiladi. Yana katta qismi oziq-ovqat, kommunal to‘lovlarga, konsullik yig‘imlariga ketadi. Bolalar uchun sarflaymiz, yaxshi maktablar, bog‘chalar, to‘garaklarga to‘lov qilinadi.

– O‘zbekistonga qaytishdan sizni nima to‘sib turibdi?

– Nima niyatda kelgan bo‘lsak, shu niyat to‘sib turadi. Dunyoning ilg‘or tibbiyot tizimida o‘z sohamni chuqur o‘rganish, ham operativ, ham diagnostik, ham davolash muolajalarini yaxshi o‘rganishga harakat qilyapman. Yurtga qaytib borsam avvalo ishlaydigan joyimning shart-sharoitini to‘g‘rilash kerak.

Yana bir narsani aytib o‘tish kerakki, doim izlanishdaman, soham bo‘yicha yangiliklarni o‘rganyapman va shu bo‘yicha ish olib borishni istayman. O‘zim tug‘ilib-o‘sgan joyda ishlatilmayotgan tuman tibbiyot birlashmasiga tegishli binoni xorijda o‘zim ko‘rgan, o‘rgangan tajribani tatbiq qilishga, mahalliy shifokorlar bilan tajriba almashish maskaniga aylanishtirishga harakat qildim. Ammo bu maqsadimga hokimiyat, tuman sog‘liqni saqlash birlashmasi, SSV xayrixohlik bildirmadi, meni qo‘llab-quvvatlamadi. Vaqti-soati kelsa shu ishlarni amalga oshirish niyatim bor.

– Koronavirus sharoitida Buyuk Britaniya tibbiyoti qanday ishlamoqda? Umuman, davlat bu sinovga tayyormidi? Siz o‘zingiz bu kasallikka qarshi kurashga jalb qilindingizmi?

– Ma'lumki, koronavirus qo‘qqisdan kelib qoldi. Manaman degan davlatlar tibbiyot tizimi ham shoshib qoldi. Butun dunyoga tarqib ketadi deb o‘ylanmagani uchun kasallik avjiga chiqqan paytida kasallarga joy yetmay qolgan holatlar bo‘ldi.

Buyuk Britaniya tibbiyot tizimi buni zudlik bilan ko‘rib chiqdi. Kasallikka chalinganlarni maxsus joylarda davolashni yo‘lga qo‘ydi. O‘sha paytlarda davolash uchun qat'iy instruksiya ham yo‘q edi, bu ham tezlikda ishlab chiqildi. Ya'ni maxsus kasalxonalarda ishlagan shifokorlar bu standartlarni ishlab chiqdi. Har xil dorilar sinab ko‘rildi, davo choralari ko‘rildi. Shifoxonalarga bemorlar teng taqsimlandi. Men bemorlar yotadigan maxsus shifoxonalarning LOR bo‘limida, tez yordamda ishladim.

– Bu davlatdagi faoliyatingizga doir va O‘zbekiston uchun noodatiy bo‘lgan biror qiziq voqeani so‘zlab bersangiz.

– Britaniya va O‘zbekiston tibbiyotida bir katta tafovut bor. Bizda “pravitelstvennaya bolnitsa” deyiladigan tibbiy maskanlar ishlab turibdi, men buni bir illat deb o‘ylayman. Sobiq ittifoqda hamma teng huquqli deb bong urgan holda davlat rahbarlariga, hukumatda ishlaydiganlarga alohida e'tibor ko‘rsatilgan, aholi esa oddiy sharoitlarda davolangan. Buyuk Britaniyada bunday emas, alohida kasalxonalar yo‘q, rahbarlar kasal bo‘lsa, oddiy kasalxonada davolanadi.

Mana qiziq misol – bosh vazir Boris Jonson ham koronavirusga chalinganida oddiy shifoxonada davolandi. Buning o‘ziga xos jihati, davlat rahbarlari ham bevosita vaziyat bilan tanishadilar. Umuman, bu davlatda barcha shifoxonalar standartlari bir xil, shahar, qishloq shifoxonasi degan farqlarni sezmaysiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: