Maktabgacha ta'lim tizimida kadrlar soni qariyb ikki baravarga oshirildi

Jamiyat 20:22 / 24.08.2020 2635

O‘zbekistonda yosh avlod ta'limi, tarbiyasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan. Negaki, mamlakat kelajagi, ertaga uning qaysi yo‘ldan borishi ko‘p jihatdan qanday avlod shakllanishiga bog‘liq.

Kutilgan natijaga erishish, teran fikrlaydigan, jismonan va ruhan tetik yoshlarni tarbiyalash uchun avvalo ta'limning har bir bo‘g‘ini yaxshi shakllangan bo‘lishi kerak. Ayniqsa, maktabgacha ta'lim muassasalari. Sababi bolalarga ta'lim berishning ilk bosqichi aynan shu yerdan boshlanadi, ularning shaxs sifatida shakllanishiga ma'lum ma'noda ta'sir ko‘rsatadi.

Hozir bog‘chalardagi shart-sharoit, ularga berilayotgan e'tibor har qachongidan yuqoriligini e'tirof etmay iloj yo‘q. Yildan yilga bog‘cha yoshidagi bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichi oshib boryapti, chekka hududlarda ham ozmi-ko‘pmi bunga harakat qilinayotganini ko‘ryapmiz.

Masalan, birgina maktabgacha ta'lim tizimini uzoq va qisqa muddatli istiqbolini belgilovchi 65ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ularning amaldagi ijrosi sezila boshladi.

Jumladan, 3–7 yoshdagi bolalar qamrovi 27 foizdan 54 foizga (maktabgacha yoshdagi 2,7 mln nafar bolalarning umumiy sonidan 1 mln 413 ming 290 nafar bolaga) oshirildi. Jumladan, maktabgacha ta'lim sektorini rivojlantirish natijasida maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni 5 ming 211dan 14 ming 181ga yetkazildi. Shundan, 6 ming 21tasi davlat, 8 ming 160tasi nodavlat (753tasi xususiy, 6 ming 715tasi oilaviy va 692tasi davlat-xususiy sherikchilik asosida) maktabgacha ta'lim tashkilotlaridir.

Lekin bularning o‘zi bilan ish bitmaydi. Yaratib berilayotgan imkoniyatlar kutilganidek samara berishi uchun shunga mos ravishda yuqori saviyali pedagog kadrlar bo‘lishi zarur. Ular bolalarni ertalab qabul qilib, kechki payt ota-onasiga topshiradigan kuzatuvchilar emas. Bunday qarashdan butunlay voz kechish, bu borada professional yondashish kerak.

Maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar yuqorida sanab o‘tilgan imkoniyatlar darajasiga asta-sekin chiqa boshlayotganini ko‘ryapmiz. Tizim mutasaddilari ham ko‘p narsa pedagoglarga, bolalar bilan kuni bo‘yi birga bo‘ladigan tarbiyachilarga bog‘liq ekanini to‘g‘ri anglagan holda, xodimlarning malakasiga alohida e'tibor qarata boshladi.

Jumladan, Maktabgacha ta'lim vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, maktabgacha ta'lim muassasalarida mehnat qilayotgan pedagog kadrlar soni 58 ming 400 nafardan 111 ming 874 nafarga yetib, ular orasida oliy ma'lumotli pedagoglar soni 12 ming 614 nafardan 37 ming 237 nafarga o‘sgan. Bu oliy ma'lumotli pedagog kadrlar umumiy ulushining 33,3 foiziga teng.

Bundan tashqari, maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida «Maktabgacha ta'lim nazariya va metodikasi» yo‘nalishi bo‘yicha pedagog fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi olish bo‘yicha metodologik seminar va ilmiy kengash faoliyati tashkil qilindi.

Toshkent shahrida tashkil etilgan Koreyaning Puchon universiteti filialida «Maktabgacha ta'lim» yo‘nalishida 784 nafar talabalar tahsil olmoqda. Bu MTMlar uchun yana shuncha kadrlar zaxirasi bor deganidir.

Hukumat ta'lim tizimiga qaratayotgan e'tibordan MTMlarning ham chetda qolmayotgani tahsinga loyiq. Bu yosh avlod tarbiyasi qanchalik nozik, mas'uliyatli vazifa ekanini anglatadi. Shuning uchun ham avvalo bolalar tarbiyasiga, ularni kimlar tarbiyalayotganiga har qachongidan ko‘ra ko‘proq ahamiyat berish zarur. Aks holda, shuncha qilingan ish, yaratib berilayotgan sharoit, sarflanayotgan mablag‘lar havoga uchishi hech gap emas.

Ziyodbek Ismoilov

Ko‘proq yangiliklar: