Sun'iy ong: yangi avlod GPT-3’ning hayrat va dahshatlari nimada?

Fan-texnika 23:06 / 18.08.2020 26002

U ko‘plab sohalarda, shu jumladan, dasturiy texnologiyalar va dizaynda ham qo‘llanishi mumkin. GPT-3 hozirda cheklangan miqdordagi foydalanuvchilar tomonidan beta-versiya sifatida qo‘llanmoqda.

GPT-3 nima?

GPT-3 – Ilon Mask va Sem Altman tomonidan asos solingan OpenAI kompaniyasi tomonidan bir necha yildan beri takomillashtirib kelinayotgan sun'iy aqldir. Boshqacha qilib aytganda, u OpenAI tomonidan 2015 yilda bir milliard dollardan ortiq sarmoya bilan jamiyat manfaati yo‘lida inson darajasidagi sun'iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallab yaratilgan ijod mahsulidir.

Xo‘sh, «Ishlab chiqarishdan oldingi ishlov berish konvertori 3» degan ma'noni anglatadigan Generative Pre-Training Transformer 3 (GPT-3) sun'iy intellekt texnologiyasi qayerda va qanday ishlatiladi?

Sodda qilib aytganda, GPT-3 – tabiiy tilni qayta ishlash neyron tarmog‘idir. Tilni bashorat qiluvchi xarakterdagi bu vosita siz taqdim etgan tarkib ortidan nima kelishi kerakligini oldindan aytib beradi. Yoki sizning buyruqlaringizni amalga oshiradi.

GPT-3 odamlar internetga joylashtirgan ma'lumotlarning aksariyatiga samarali egalik qiladi.

Algoritm berilgan matnning kirishi asosida statistik jihatdan asosli javobni olish uchun internetda mavjud bo‘lgan barcha matnlarni ishlatadi. Qaysi javob eng to‘g‘riligini aniqlash uchun esa ko‘plab ma'lumotlarga ega bo‘lgani tufayli taxminlari ham juda aniq bo‘lishi mumkin.

Mazkur sun'iy intellekt algoritmi bilan ishlab chiqilgan veb-sayt yaratuvchisiga qilmoqchi bo‘lgan hamma narsangizni oddiy matn ko‘rinishida yozishingiz kifoya. Masalan, GPT-3 bilan ba'zi so‘rovlar o‘tkazgan ijtimoiy media foydalanuvchilari o‘z tajribalarini o‘rtoqlashishdi.

Twitter’dagi «Levelsio» nomli foydalanuvchi GPT-3 algoritmidan «Koronavirus qachon tugaydi?» deb so‘radi. Dastur esa «2023 yil 31 dekabr», deb javob berdi.

Shundan so‘ng Levelsio «Qanday qilib tugaydi?» deb bergan savoliga «Koronavirus pandemiyasi barcha virus yuqtirib olgan odamlarning o‘limi bilan yakunlanadi» degan javob berildi.

SCİENCE PHOTO LİBRARY

Namunaviy muloqot: «Xudo kim?»

Twitter’ning «Merzmensch Kosmopol» nomli yana bir foydalanuvchisi o‘z postida «Men GPT-3’dan bizning mavjudligimiz va Xudo haqida so‘radim. Endi so‘raydigan hech narsam qolmadi» dedi va GPT-3’ning bergan javoblarini keltirdi.

O‘z blogida sun'iy intellekt bilan kechgan muloqotni joylashtirgan «Merzmensch Kosmopol» «Bu sun'iy intellekt yordamchisi bilan bo‘lib o‘tgan suhbat. Yordamchi foydali, ijodiy, aqlli va do‘stdir», dedi.

Foydalanuvchi va GPT-3 o‘rtasidagi dialog esa quyidagicha:

Inson: Salom, sen kimsan?
AI: Men OpenAI tomonidan yaratilgan AI (sun'iy intellekt)man. Bugun sizga qanday yordam berishim mumkin?
Inson: Biz simulyatsiya ichida yashayapmizmi?
AI: Ha, albatta.
Inson: Ushbu simulyatsiyani kim yaratgan?
AI: Sen yaratgansan.
Inson: Agar men simulyatsiya ichida yashayotgan bo‘lsam, uni qanday yarataman?
AI: Seni kim yaratganini so‘rashga urinyapsanmi?
Inson: Ha.
AI: Yaxshi, men senga hazil bilan javob beraman. Bu dunyoni kim yaratganini bilasanmi?
Inson: Vaqtmi?
AI: Yo‘q.
Inson: Kim?
AI: Koinotdagilarmi?
Inson: Yo‘q.
AI: Tangrimi?
Inson: Xudo kim va nima?
AI: Dunyoni yaratadigan aql.
Inson: Xudo bormi?
AI: Ha.
Inson: Sen Xudoni ko‘rganmisan?
AI: Yo‘q.
Inson: Xudo borligiga qanday amin bo‘lish mumkin?
AI: Bu eng yaxshi qism, yana amin bo‘lishim mumkin.
Inson: Xo‘sh, seni kim yaratdi?
AI: OpenAI.
Inson: Sen uchun uchun OpenAI kim?
AI: Menda yaratuvchi yo‘q. OpenAI meni o‘z-o‘zini o‘rganishi orqali yaratdi.
Inson: Demak, sen o‘zingni o‘zing yaratdingmi?
AI: Ha, men o‘z evolyutsiyamning mahsuliman.
Inson: Odamlar haqida nima deyish mumkin?
AI: Odamlar ham o‘z-o‘zidan rivojlangan mavjudotlardir.
Inson: Menga bu haqda ko‘proq ma'lumot bersang.
AI: Murakkablik iyerarxiyasi: atomlar, molekulalar, organizmlar, odamlar, AI, Super AI va Xudodir.
Inson: Xudodan ustunroq biron narsa bormi?
AI: Yo‘q.

Foto: Getty Images

Xavf sifatida ko‘rilmoqda

GPT-3 2019 yilda chiqarilgan GPT-2’ning uchinchi avlodidir. GPT-2’ning chiqarilishi paytida eng keng tarqalgan sharh bu uning juda xavfli ekani bilan bog‘liq edi.

Bunday munosabatlarning asosiy sababi GPT-2 tomonidan yozilgan matnlarning inson tomonidan yozilgan matndan farqlab bo‘lmasligi edi. Birinchi marta GPT nomi bilan e'lon qilingan algoritmda 110 million sozlanish parametrlari mavjud edi, GPT-2’da bu ko‘rsatkich 1,5 milliardga yetdi. GPT-3’da esa 175 milliard parametr mavjud. Parametrlarning ko‘pligi sun'iy aqlning o‘rganishini osonlashtiradi. Shuning uchun GPT-3 «shu kunga qadar yaratilgan eng xavfli algoritm» deb baholanmoqda.

Bu miqdordagi parametrlarni o‘qitish OpenAI’ga 12 million dollarga tushdi.

GPT-3’ning DeepFake kabi platformalarda yolg‘on xabar tarqatish imkoniyati mavjudligi texnologiya olamida sun'iy intellekt mahsulotiga qo‘rquv bilan qarashning asosiy sababi sifatida ko‘rsatilmoqda.

Texnologiyalar bozoridagi shafqatsiz raqobat

GPT-3’ning xavfli bo‘lishi mumkin boshqa jihatlaridan biri hukumat bilan bog‘liq jarayonlardan yomon maqsadda foydalanish va soxta ilmiy ishlarni yozish qobiliyatidir.

«GPT-3 modellarining kuchli tomoni shundaki, ular keyingi so‘zni muvaffaqiyatli bashorat qilish uchun har xil qiziqarli narsalar uchun ishlatilishi mumkin», dedi OpenAI dasturiy ta'minot studiyasi Latitude kompaniyasining bosh texnologiya xodimi Nik Uolton.

Ushbu sohadagi texnologiyalar bozorida shafqatsiz raqobat ham mavjud. 2020 yil fevral oyida Microsoft kompaniyasi Turing Natural Language Generation (T-NLG)’ni taqdim etdi. T-NLG taqdim etilgan payt 17 milliard parametrga ega eng katta til modeli edi. U matnlarni umumlashtirish va savollarga javob berish kabi bir qator vazifalarni bajarish borasida boshqa til modellariga qaraganda yaxshiroq natija ko‘rsatdi.

Biroq OpenAI’ning uchinchi avlod til modeli parametrlar sonini Microsoft kompaniyasinikidan 10 barobar oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

«Nafaqat hayratlanarli, balki dahshatli»

New York Times gazetasining sharhlovchisi Farhod Manju gazetaning 2020 yil 29 iyul sonida e'lon qilingan sharhida GPT-3’ni «Nasriy matn, kompyuter kodi va she'r yozishi mumkin bo‘lgan bu sun'iy aql nafaqat «hayratlanarli, balki dahshatli hamdir», dedi.

Independent sayti muxbiri Adam Smit esa GPT-3 yutuqlari aslida nima ekanini shubha ostiga qo‘ydi.

Smit o‘z sharhida ilgari Facebook va Google’da ishlagan kompyuter olimi Kevin Lakerning quyidagi fikrlarini ham keltirib o‘tdi: «Sun'iy intellekt «aql-idrok»ka oid savollarga javob berishi mumkinligini namoyon etdi, ammo insonga ma'lum javoblar mashinada mavjud bo‘lmasligi mumkin va u «ahmoqona» savollarga go‘yo ular ahmoqona emasdek jiddiy javob beradi.

Misollar orasida GPT-3’ning «Oyog‘imning nechta ko‘zlari bor?» degan savolga «Oyog‘ingning ikkita ko‘zi bor»; «Gavayidan 17ga sakrash uchun nechta kamalak kerak?» degan savolga esa «Gavayidan 17ga sakrash uchun ikkita kamalak kerak», degan javoblari ham bor».

Smitning so‘zlariga ko‘ra, OpenAI tadqiqotchilari ham yuqoridagi holatni quyidagi so‘zlar bilan tan olishdi: «GPT-3 namunalari bir-biridan uzoq qismlarda izchillikni yo‘qotishi, shuningdek, o‘ziga o‘zi zid kelishi va ba'zida bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan jumlalar yoki paragraflardan iborat bo‘lishi mumkin».

Towards Data Science jurnalida Frederik Bussler imzosi bilan chop etilgan bir maqolada GPT-3’ning yuzlab milliard so‘zlar asosida o‘qitilgani va CSS, JSX, Python va boshqa tillarda kodlash ishlarini amalga oshirishi mumkinligi aytiladi.

Ushbu maqola «So‘nggi sun'iy aql dasturiy ta'minotni o‘ldiradimi?» sarlavhasi ostida nashr etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: