AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda muhim savollarga javob qaytarildi.
Murojaatlardan birida fuqaro karantin choralari yumshatilib korxonaga ishga qaytgani, lekin bolalar bog‘chalari ishga tushmagani tufayli 5 yoshli farzandini o‘zi bilan korxonaga olib borishi mumkinligi, bu bola salomatligi uchun xavfli emasligi haqida so‘ragan.
«Imkon qadar farzandingizni korxonangizga olib bormaganingiz ma'qul. Farzandlar va biz uchun kasallik tez tarqalayotgan paytda eng xavfsiz hudud bu xonadonlarimiz hisoblanadi. Bolalar kasallikni yengilroq kechirishi mumkin, deb aytilsada agar karantin qoidalariga rioya qilinmasa va koronavirus farzandingizga yuqsa, bola ham kasallikni og‘ir darajada kechirishi mumkin», - dedi Sevara Ubaydullayeva.
Brifingda boshqa bir fuqaroning bemorda uyda davolanishda diareya kuzatilib, dorilarni qusish holatida nima qilish kerakligi haqidagi savoliga ham javob berildi.
«Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar xavfsizligi uchun osma ukollar tavsiya etilmaydi, sababi shifokorlar nazorati va bemor organizmida kechayotgan o‘zgarishlar tekshiruvini uyda qilishni iloji yo‘q. Agar shikoyatingizdan kasallik og‘ir kechayotgan alomatlarni tibbiyot xodimlari sezishsa, bemorni darhol kasalxonaga mobil brigada bilan yuborishadi. Sizga tavsiyamiz, bemorning ahvoli og‘irlashmasligi va asoratsiz davolanishi uchun doimiy ravishda poliklinika shifokori bilan muloqotda bo‘ling», dedi shtab a'zosi.
Tadbirda oshqozon yarasi, pankreatin va xoletsistit surunkali kasalliklarning koronavirus kasalligining kechishida qay darajada xavfli ekani haqida ham aytib o‘tildi.
«Bugungi kunda ko‘pchilik surunkali kasalliklar, xususan oshqozon-ichak trakti kuchayishi bilan murojaat qilishmoqda. Olimlar ko‘p marta koronavirus infeksiyasi inson organizmiga ta'sir ko‘rsatishi va surunkali kasalliklarni kuchaytirishini ta'kidlashgan. Shuning uchun, bunday vaziyatlarda o‘z vaqtida davolovchi shifokoriga murojaat qilish va doimiy nazoratda bo‘lish, shuningdek, koronavirusga qarshi asosiy muolaja bilan birga surunkali kasalliklarga qarshi dori qabul qilishda davom etish muhim», dedi Ubaydullayeva.