O‘zbekistonda yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etiladi. U tergovchilar tayyorlash bilan shug‘ullanadi

O‘zbekiston 07:27 / 15.08.2020 25512

Prezident “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:

bir oy muddatda Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

ikki oy muddatda prokuratura organlarining belgilangan shtat birligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokuraturalari tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etish;

uch oy muddatda Davlat budjeti parametrlarida prokuratura organlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan prokuror-kriminalistlarni zamonaviy maxsus jihozlar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi.

Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori (Yo‘ldoshev), Davlat xavfsizlik xizmati raisi (Azizov), ichki ishlar vaziri (Bobojonov), Milliy gvardiya qo‘mondoni (Jo‘rayev) va Davlat bojxona qo‘mitasi raisi (Azimov) — respublika va viloyatlar darajasidagi hay'at yig‘ilishlarini onlayn tarzda o‘tkazib, unda surishtiruv va dastlabki tergov tuzilmalari rahbarlari va mas'ul xodimlariga sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta'minlash bo‘yicha yangi qabul qilingan choralar mazmun-mohiyati yetkazilishi va amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etilishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi (Komilov) — Oliy sud Plenumining navbatdan tashqari yig‘ilishida qabul qilingan Farmon normalari sudlarda to‘g‘ri tatbiq etilishi, shuningdek, sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta'minlash ustidan sud nazoratini kuchaytirish masalalarini ko‘rib chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori (Xo‘jayev) O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi va «Dunyo» axborot agentligi bilan birgalikda — ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda ushbu Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni aholi va ekspertlar hamjamiyati orasida keng yoritish choralarini ko‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: