Kun.uz Bosh prokuratura matbuot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, bu haqda Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB navbatchilik qismiga 10 avgust kuni soat 10:33da xabar kelib tushgan.
Marhum – 1989 y.t. O.K. Surxondaryo viloyati Denov tumani «I.Ismoilov» MFYda doimiy ro‘yxatda turgan. Oilali, muqaddam sudlanmagan, ruhiy asab kasalliklari va narkologik dispanser ro‘yxatida turmagan.
Ma'lum bo‘lishicha, O.K. oilasi bilan birga Rossiyaning Qozon shahriga ishlash uchun ketgan va 4 avgust kuni charter reys orqali Toshkentga olib kelinib, karantin uchun «Sayohat» mehmonxonasi 408-xonasiga joylashtirilgan.
7 avgustda undan COVID-19ga test olingan, 9 avgustda chiqqan test natijasidan unda koronavirus yo‘qligi aniqlangan.
Marhumning Denovda yashovchi yaqin qarindoshlari bilan bog‘lanilganda, ular so‘nggi paytlarda O.K.ning ruhiyatida salbiy tomonga o‘zgarishlar sezilgani va o‘zini yomon his qilib yurgani, shu sababli turmush o‘rtog‘i va ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari Rossiyada qolishiga qaramay, u O‘zbekiston olib kelinganini aytishgan.
Mehmonxonada O.K. bilan bir xonada turgan va u bilan hamqishloq bo‘lgan Qozon universiteti talabasining so‘zlariga ko‘ra, marhum oilasi Rossiyada qolib ketganidan stressga tushgan, so‘nggi vaqtlarda mehmonxonaning balkon qismiga ko‘p marta kirib chiqqan; voqeadan bir kun oldin – 9 avgust kuni soat 17:00lar atrofida Rossiyada qolib ketgan oila a'zolari bilan telefonlashgan.
Talaba ichki ishlar xodimiga bergan ko‘rsatmasida 10 avgust kuni soat 10:30lar atrofida xonada uxlab yotgan bo‘lgani, harorat o‘lchash uchun mehmonxona xodimi kelganida uyg‘onib haroratini o‘lchatgani, xodim undan xonadoshi O.X.ni chaqirib berishni iltimos qilgach, u xonada yo‘qligi sabab balkonga chiqqani va mehmonxona hovlisida marhumning jasadini ko‘rgani, so‘ng bu haqda mehmonxona xodimiga xabar berganini ma'lum qilgan.
Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilib, O.K.ning ruhiy kasallikka chalingan yoki chalinmaganiga aniqlik kiritish choralari ko‘rilmoqda.