Qibrayda sayohat jomadonidan erkak kishining jasadi topildi

Jamiyat 15:33 / 10.08.2020 82554

Xabarga ko‘ra, 8 avgust kuni kechga yaqin Qibray tuman IIBga «Qodiriya GESlar kaskadi» unitar korxonasi 11-sonli GESining 2-avankamerasida sayohat chemodaniga inson jasadi tiqib qo‘yilgani haqida xabar kelib tushadi.

Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda, yarim ochiq holatdagi «BIAHao» sayohat chemodani ichida sochlariga oq oralagan erkak kishining jasadi borligi ma'lum bo‘ladi.

Murdani ko‘zdan kechirish davomida uning badanida tan jarohati va undan qolgan izlar aniqlanmagan. Shimining cho‘ntagidan jami 410 000 so‘m miqdorda naqd pul topilgan.

Olib borilgan tergov va tezkor-qidiruv harakatlari natijasida murdaning shaxsiga oydinlik kiritilgan: u 1968 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, poytaxtning Yakkasaroy tumanida istiqomat qilib kelgan Sh.A. ekani aniqlangan.

Marhum muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ta'minotchi vazifasida ishlagani aytilmoqda.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Sh.A. shu yilning 7 avgust kuni ertalab uyidan «Gentra» avtomobilida Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy klinik (sobiq 6-sonli) shifoxonasiga chiqib ketgan. Hozirda mazkur transport vositasini qidirish ishlari olib borilmoqda.

Bo‘stonliq tumani sud tibbiy ekspertiza bo‘linmasining birlamchi ma'lumotnomasida marhum Sh.A. «bo‘yin a'zolari to‘mtoq jism ta'sirida siqilishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya»dan vafot etgani qayd etilgan.

Holat yuzasidan Qibray tuman prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Jinoyatni fosh etish maqsadida Toshkent viloyat IIBB, Toshkent shahar IIBB hamda tuman IIB xodimlaridan iborat tezkor guruhlar tashkil etilib, tergov hamda tezkor-qidiruv harakatlari amalga oshirilmoqda», - deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Ko‘proq yangiliklar: