Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari: ISO 37001:2016 xalqaro standarti nimalarni ko‘zda tutadi?

O‘zbekiston 19:19 / 09.08.2020 4313

Korrupsiya dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. U jiddiy ijtimoiy, ma'naviy, iqtisodiy va siyosiy muammolar keltirib chiqaradi hamda davlat organlari faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, rivojlanishga to‘sqinlik qiladi va raqobatni o‘ldiradi.

Korrupsiya tufayli dunyo iqtisodiyoti 2,6 trillion dollarni yo‘qotmoqda, bu dunyo yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Mamlakatlar hukumatlari korrupsiyaga qarshi kurashish uchun turli xil davlat dasturlarini qabul qilmoqdalar, ammo uning natijasi kutilganidek samarali bo‘lmayapti.

Korrupsiyani idrok qilish indeksi (Corruption Perception Index) 2018 yil uchun e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo mamlakatlarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i noldan 100 gacha bo‘lgan shkalada 50dan past ball to‘plagan va o‘rtacha ball 43ga teng bo‘lgan. Bundan ko‘rinadiki, ko‘pgina mamlakatlar korrupsiyani sezilarli darajada nazorat qilishga qodir bo‘lmay kelmoqdalar.

ISO 37001:2016 – «Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari – Foydalanish uchun talablar va tavsiyalar» xalqaro standartining ishlab chiqilishini global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashda muhim qadam deb hisoblash mumkin.

ISO 37001:2016 nimani anglatadi?

ISO 37001:2016 – bu tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashning samarali tizimini yaratishning xalqaro usullarini o‘zida jamlagan, korrupsiyaga qarshi mukammal boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan xalqaro standartdir.

ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqish, joriy etish, qo‘llab-quvvatlash, tahlil qilish va takomillashtirish uchun talab va ko‘rsatmalarni belgilaydi.

Standart 44ta mamlakatdan jalb qilingan 80 nafar mutaxassisdan iborat maxsus shakllantirilgan ISO/PC 278 «Anti-bribery management systems» ishchi qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, tashkilot faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq yuzaga keladigan quyidagi holatlarga nisbatan amal qiladi:

a) davlat, xususiy va notijorat sektorlarida pora olish;

b) tashkilotlar tomonidan pora olish;

s) tashkilot nomidan yoki uning foydasiga ishlaydigan xodimlar tomonidan pora olish;

d) tashkilot nomidan yoki uning foydasiga ish olib boradigan hamkorlari tomonidan pora olish;

e) tashkilotga pora berish;

f) tashkilotning faoliyati bilan bog‘liq tashkilot xodimlarga pora berish;

g) tashkilotning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan hamkorlariga pora berish;

h) to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki kimdir orqali (masalan, uchinchi shaxs tomonidan taqdim etilgan yoki qabul qilingan pora) pora berish kabi holatlar.

ISO 37001:2016 har qanday yurisdiksiyada va har qanday sektor hamda tarmoqda (davlat, xususiy yoki notijorat tashkilot va hokazo) korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan.

Ushbu standart Malayziya hukumati tomonidan joriy qilingan bo‘lib, ham davlat sektorida, ham xususiy sektorda ijobiy natija bergan. Xususan, Malayziyaning bir qator muhim xalqaro tadqiqotlar va indekslar bo‘yicha ko‘rsatkichlari yaxshilangan.

Shuningdek, Singapur va Xitoyda davlat sektorida, Indoneziya va Tailandda xususiy sektorda ISO 37001:2016 standartidan foydalaniladi.

Buyuk Britaniyada esa Birlashgan qirollikning Akkreditatsiya xizmati (Accreditation Service) akkreditatsiya sxemasini ishlab chiqish uchun ISO 37001:2016 boshlang‘ich dasturini amalga oshirgan.

Dunyoning eng yirik kompaniyalaridan bo‘lgan Microsoft ham ISO 37001:2016 standarti bo‘yicha sertifikatga ega.

Tashkilotda ISO 37001:2016ni joriy qilish nima uchun muhim

Sir emaski, yirik tashkilot rahbari tashkilotidagi har bir xodimni nazorat qila olmaydi. Buning uchun samarali tizim kerak.

ISO 37001:2016 tashkilotga u qaysi mamlakatda faoliyat ko‘rsatishidan qat'i nazar, korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqishda, joriy etishda, saqlashda va takomillashtirishda yordam beradi.

Tizimni joriy etish:

– ma'muriy tartib-taomillar, davlat xizmatlari va xaridlarini amalga oshirishda davlat organlarida korrupsiya faktlari to‘g‘risida ma'lumot olishga;

– markaziy apparat va hududiy tuzilmalar kesimida korrupsiya holati
va tendensiyalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘plash va tahlil qilishga;

– davlat idoralari, tarmoqlar, hududlar va korrupsiya turlari kesimida korrupsiya holati va tendensiyalari monitoringini amalga oshirishga;

– fuqarolarning, xodimlarning murojaatlari bo‘yicha yagona tizim va ma'lumotlar bazasini yaratish, shuningdek davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi o‘qitish va halollik bo‘yicha malakasini oshirishga xizmat qiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashning ISO 37001:2016 bo‘yicha sertifikat olishning talablari

ISO 37001:2016 bo‘yicha sertifikat olish uchun korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimni ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, joriy qilingan tizimning standart talablariga muvofiqligini mustaqil audit o‘tkazish orqali tasdiqlash kerak.

ISO 37001:2016 tashkilotdan bir qator tadbirlarni amalga oshirishni talab qiladi. Xususan:

– korrupsiyaga qarshi siyosatni ishlab chiqish;

– korrupsiyaga qarshi tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish uchun mas'ullarni tayinlash;

– xodimlarni o‘qitish;

– korrupsiya xavflarini baholashni o‘tkazish;

– moliyaviy va tijorat nazoratini olib borish, hisobotlar yuritish
va boshqalar.

Standartga muvofiq, samarali korrupsiyaga qarshi siyosat uchun vakolatli va javobgarligi belgilangan korrupsiyaga qarshi kurashish xizmatini joriy etish zarur. Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati yetarli resurslarga ega bo‘lishi, tayinlangan shaxslari esa tegishli malaka, maqom, vakolatlarga va mustaqillikka ega bo‘lishi kerak.

Xavf darajasi past darajadan yuqori bo‘lgan barcha lavozimlarga, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurash xizmatining mutaxassislariga nisbatan tashkilot quyidagilarni o‘z ichiga oladigan tartib-taomillarni joriy etishi kerak:

– ishga qabul qilishdan, boshqa lavozimga o‘tkazish yoki yuqori lavozimga ko‘tarishdan oldin har bir nomzodni kompleks tekshiruvdan o‘tkazish, ularni ishga qabul qilish va boshqa lavozimga o‘tkazishning asosliligini tekshirish, ularning korrupsiyaga qarshi siyosat va boshqaruv tizimi talablariga muvofiqligiga ishonch hosil qilish;

– boshqa mehnatga xaq to‘lashni barcha turdagi rag‘batlantiruvchi elementlarini (bonuslar, maqsadli ko‘rsatkichlar va hokazo) ularni qo‘llashda korrupsiyaning oldini olish uchun yetarli himoya choralari ko‘rilganiga ishonch hosil qilish maqsadida davriy tahlil qilib borish;

– xodimlar, yuqori rahbariyat va boshqaruv organi o‘zlarining korrupsiyaga qarshi siyosatiga muvofiqligini tasdiqlash uchun vaqti vaqti bilan deklaratsiyani to‘ldirib turadilar.

Shuningdek, ushbu standartga muvofiq bo‘lish uchun tashkilot o‘z xodimlarini yetarli darajada xabardor qilish va o‘qitishni ta'minlashi kerak. Standartda korrupsiyaga qarshi tergovni va choralar ko‘rilishini ta'minlash uchun joriy qilinishi lozim bo‘lgan tartib-taomillar ham belgilangan. Xususan, tergovni tergovni lavozimi va vazifalari yuzasidan aloqasi bo‘lmagan xodimlar olib borishi va tergov bo‘yicha ma'lumotlar faqat shunday xodimlarga taqdim etilishi lozim.

Xulosa

ISO 37001:2016 standartini joriy etish O‘zbekistonda ham fuqarolarning ishonchini orttirish, xodimlarning halolligini oshirish, huquqbuzarliklarni kamaytirish hamda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning shaffof va samarali tizimini yaratishni maqsad qilgan davlat idoralari uchun juda samarali vosita bo‘lishi mumkin.

ISO 37001:2016 sertifikatini olish orqali davlat organi va boshqa har qanday tashkilot o‘zining sheriklariga, davlat idoralari va boshqa manfaatdor shaxslarga korrupsiya holatlarining oldini olish, aniqlash va bartaraf qilish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirayotganining tasdig‘i bo‘la oladi.

A'zam Madaminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori

Ko‘proq yangiliklar: