Buxoroda ham karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatiladi

Jamiyat 07:50 / 08.08.2020 7911

Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish maqsadida Buxoro viloyatida koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha viloyat komissiyasining yig‘ilish bayoni qabul qilindi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 10 avgust kunidan boshlab, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi shahar va tumanlar bo‘limlarining xulosasi hamda sektor rahbarlari bilan kelishilgandan so‘ng hokimlarning kafolat xatlari asosida Buxoro viloyati hududidagi: 

  • umumiy ovqatlanish shoxobchalari (restoran va kafelarda banketlar hamda boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi); 
  • mehmonxonalar; 
  • individual shug‘ullanish uchun trenajyor zallar;
  • nodavlat ta'lim markazlari, to‘garaklar (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruh tashkil etib, mashg‘ulotlar vaqtini oldindan kelishgan holda); 
  • nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari; 
  • buyum, qurilish mollari savdosi va boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanadigan bozorlar; 
  • sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga ruxsat beriladi.

Mazkur muassasalar, tadbirkorlik sub'yektlari va majmualar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda belgilangan shartlarga amal qilinishi shart. Aks holda ularga nisbatan qat'iy choralar ko‘riladi. 

Qolaversa, 8-9 avgust (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida viloyat miqyosida harakatlanish, shuningdek, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi. Bunda avtomobillar harakatiga fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun ruxsat etiladi. Bemorlarni olib ketayotgan transport vositalaridan maxsus ruxsatnoma so‘ralmaydi.

Shu bilan birga, fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish (homiladorlik, tug‘ruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologik yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini ko‘rsatish, test va qon topshirish, jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lganda, inson sog‘lig‘iga va hayotiga xavf tug‘dirayotgan boshqa holatlar) bilan bog‘liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmasligi belgilandi va shu munosabat bilan mutasaddilarga mazkur holatlarda fuqarolarning avtotransport vositalari harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaslik, zarur hollarda fuqarolarni manziliga yetkazishda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan aniq ko‘rsatma berildi.

Bundan tashqari, Buxoro va Kogon shahri hamda tumanlar markazlariga avtotransport vositalarining kirib-chiqishini nazorat qiluvchi blok-postlar faoliyati to‘xtatiladi.

Aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida hamda epidemiologlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda:

  • davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlariga 8-9 avgust kunlari xodimlarni ishga jalb etmaslik; 
  • ularning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish; 
  • aholiga “o‘zini o‘zi yakkalash” hayot tarziga qat'iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish tavsiya etiladi. 
Ko‘proq yangiliklar: