08.08.08 raqamli urush. 12 yil muqaddam Rossiya va Gruziya urushi boshlangan edi

Jahon 20:29 / 08.08.2020 48190

Gruziya va Rossiya o‘rtasida sodir bo‘lgan urushning sabablarini biroz avvalroqdan qidirish kerak. 2008 yil 5 yanvarda Gruziyada prezidentlik saylovi bilan birgalikda mamlakatning NATOga qo‘shilishi masalasida ham referendum o‘tkaziladi. Prezident saylovida amaldagi prezident Mixail Saakashvili g‘alaba qozonadi. Referendumda esa unda qatnashganlarning 77 foizi NATOga qo‘shilish uchun ovoz berdi.

Fevralda Saakashvili NATOning o‘sha paytdagi bosh kotibi Yaaap de Xoop Sxefferga Gruziya alyansga a’zo bo‘lish uchun muzokaralarga tayyorligini ma’lum qilib, maktub jo‘natadi. Bu esa tabiiyki hududning «katta og‘asi» Rossiyaga yoqmaydi. SSSR tarqab ketganidan so‘ng NATOning chegaralari shimolda, Boltiq bo‘yi respublikalari va Polsha orqali Rossiya chegaralariga kelib taqalgani o‘zi shundoq ham Rossiya rahbarlarining g‘ashiga tegib kelayotgandi. Shunday holatda «burnining tagi»dagi Gruziyaning ham NATOga qo‘shilish uchun harakat qilishi Rossiyaning nazdida oshiqcha edi. Shu tufayli 2008 yil 6 mart kuni Rossiya Gruziyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi rejalariga javoban MDH doirasida 1996 yil 19 yanvarda qabul qilingan «Gruziya-Abxaziya mojarolarini tartibga solish» haqidagi kelishuvdan chiqqanini ma’lum qiladi.

Rossiyaning bu qarori Gruziya uchun biroz tahlikali edi. Sababi Rossiya Gruziyaning rasmiy Tbilisiga bo‘ysunishni xohlamagan hududlari Janubiy Osetiya va Abxaziya aholisiga Rossiya pasportlarini avvaldan berib kelayotgan bo‘lsa, endi bu ishni tezlashtirishi ehtimoli bor edi. Amalda shunday bo‘ladi ham. Rossiya ochiqchasiga bu ikki respublika aholisiga o‘z pasportini bera boshlaydi. 2008 yil yoziga kelib Abxaziya va Janubiy Osetiya aholisining aksar qismida Rossiya pasportlari bor edi.

Shu o‘rinda Rossiyaning asosiy maqsadi 2004 yilda Saakashvili hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng o‘zi bilan aloqalarni sovuqlashtirib yuborgan Gruziyadan o‘ch olish bo‘lgani oydinlashadi. Chunki Gruziya har qancha referendum o‘tkazmasin, muzokara boshlash uchun bosh kotibga maktub jo‘natmasin, NATO uni hech qanaqasiga o‘z safiga qo‘shmas edi. Chunki NATO safiga qo‘shilish uchun nomzod davlatning nafaqat qo‘shnilari bilan, balki mamlakat ichida ham hududiy mojarolari bo‘lmasligi kerak. Ukraina va Gruziya shu jihatdan NATOga kira olmaydi.

Shu o‘rinda bir misol: sobiq Yugoslaviyadan mustaqil bo‘lib chiqqan Makedoniya NATOga a’zo bo‘lish uchun murojaat qilganiga ko‘p yillar bo‘lgan edi. Gretsiyaning birgina «Makedoniya bizning viloyat nomi, shu uchun sen o‘z nomingni o‘zgartirasan», deb qo‘ygan talabi ortidan NATO Makedoniyani avval Gretsiya bilan kelishib olishga chaqirib, uzoq yillar o‘z safiga qo‘shmay keladi. Oxiri Makedoniya yon berdi va Gretsiya bilan kelishib, o‘z nomini Shimoliy Makedoniya deb o‘zgartirdi. Shundan so‘ng NATO bu davlatni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Rossiyada esa NATO hududiy mojarolar sabab Gruziyani o‘z safiga qo‘shmasligini yaxshi bilishardi. Rossiyaning «Gruziya-Abxaziya mojarolarini tartibga solish» haqidagi kelishuvdan chiqib ketgani va bu ikki respublika aholisiga o‘z pasportini tarqatishi esa Saakashvili va Gruziya hukumatiga yuborilgan «alangali salom» edi.

Saakashvili hududiy mojarolar sabab NATOga qo‘shila olmasligini bilar, shu sabab avvalo Abxaziya va Janubiy Osetiya muammosini hal qilishi kerak edi. Afsuski, qiziqqon Saakashvili buni tinch yo‘l bilan emas, harbiy kuch bilan amalga oshirishga urinadi.

Gruziyada sobiq ittifoq davrida uchta avtonom hudud bor edi: Abxaziya, Janubiy Osetiya va Ajariya. Ulardan ikkitasi – Abxaziya va Janubiy Osetiya SSSR tarqab ketgan yillarda Gruziya tarkibidan chiqib ketish uchun harakat boshlaydi va qisman bunga erishadi. 1992-1993 yillarda Gruziya isyonchi o‘lka Abxaziyani o‘z tarkibiga qaytarish uchun bu respublikaga qarshi harbiy harakatlar olib boradi. Ammo Rossiyadan harbiy yordam olib turgan Abxaziyani o‘z tarkibiga qaytara olmaydi. Janubiy Osetiya bilan bo‘lgan mojarolar ham shu ssenariy ostida kechadi va Rossiya qo‘llab turgan bu respublikani ham ortga qaytarishning iloji bo‘lmaydi. Keyinchalik Saakashviligacha Gruziyani boshqargan Eduard Sheverdnadze taqdirga tan beradi va Abxaziya va Janubiy Osetiyani ortga qaytarishdan umidini uzadi. Shu-shu Gruziya bilan bu ikki respublika o‘rtasida jiddiy qurolli mojarolar sodir bo‘lmagan, faqat chegarada kichik mojarolar chiqib turgan.

Uchinchi avtonom hudud Ajariya 2004 yilda Gruziyadan ajralib chiqish uchun harakat qilib ko‘radi. O‘shanda endigina Gruziya rahbari bo‘lgan Saakashvili Ajariyani 1991 yildan beri boshqarib kelayotgan Aslan Abashidzeni keskin tanqid qilib chiqadi. Bunga javoban Ajariya rahbari Gruziyadan ajralib chiqishini bildiradi va o‘rtada qurolli mojaro boshlanadi. Rossiya Aslan Abashidzeni zimdan qo‘llab, unga har tomonlama yordam bergan bo‘lsa ham, voqealar ajariyalik ayirmachilarning mag‘lubiyati bilan tugaydi. Abashidze Moskvaga, «valine’matlarining» panohiga qochib ketadi. Shu tariqa, Saakashvili Ajariya muammosini hal qiladi va oldinda Abxaziya va Janubiy Osetiya muammosi qoladi.

2008 yil yozda Gruziya va Janubiy Osetiya o‘rtasidagi chegarada tez-tez qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘la boshlaydi. Berilayotgan bayonotlarda har ikki taraf ham bir-birini ayblaydi.

10 iyuldan boshlab Rossiya harbiy samolyotlari xalqaro qonunlarga zid ravishda Janubiy Osetiya osmonida parvoz qila boshlaydi. Bunga norozilik bildirish uchun 11 iyul kuni Saakashvili Gruziyaning Moskvadagi elchisini chaqirib oladi. Gruziya o‘z harbiylarini Janubiy Osetiya chegarasiga jo‘nata boshlaydi. Janubiy Osetiya ham o‘z ehtiyotini qilib poytaxt Tsxinvalidan qariyalar, yosh bolalar va ayollarni avtobuslarda xavfsiz joyga ko‘chira boshlaydi.

Iyulning ikkinchi yarmida Gruziyada AQSh harbiylari bilan qo‘shma harbiy o‘quv mashg‘uloti o‘tkaziladi. Bunga javoban Rossiya ham «Kavkaz-2008» harbiy o‘quv mashqini o‘tkazadi. 7 avgust kuni Gruziya va Janubiy Osetiya chegarachilari o‘rtasida yana otishma sodir bo‘ladi. Tushdan keyin ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatganini ma’lum qiladi. Bu paytda Gruziya harbiylari Tsxinvali tomon harakatlanishda davom etayotgan edi.

8 avgust kuni tushga yaqin Janubiy Osetiya xavfsizlik kengashi raisi Anatoliy Barankevich Rossiya nashrlariga Gruziya armiyasining tanklari va artilleriya kuchlari poytaxt Tsxinvaliga yaqinlashib qolgani haqida ma’lum qiladi. Ko‘p o‘tmay Gruziya artilleriyasi Tsxinvalini nishonga ola boshlaydi. O‘shanda Rossiya harbiylariga ko‘ra, Tsxinvalini Gruziya harbiy aviatsiyasi ham bombardimon qilgan, ammo bu ma’lumot tasdiqlanmagan.

Gruziya Janubiy Osetiyaga qarshi urush boshlagan kuni Xitoy poytaxti Pekinda navbatdagi olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tayotgan va ko‘pchilikning diqqat markazi ushbu musobaqada edi. Qolaversa, Xitoy rahbarining taklifiga binoan dunyoning ko‘plab davlat rahbarlari va taniqli siyosatchilar Pekinga kelgandi. Pekinda bo‘lib o‘tgan tadbirda dunyoning 80 ta davlati rahbari yoki hukumat raislari qatnashgan.

Shu jumladan, 2008 yil 7 may kuni prezidentlik kursisini Dmitriy Medvedevga bo‘shatib berib, mamlakat bosh vaziri lavozimiga o‘tgan Vladimir Putin ham o‘sha paytda Pekinda edi.

U o‘shanda Xitoydan turib «Gruziya Janubiy Osetiyaga nisbatan juda agressiv yo‘ldan borgani, bu odamlar halok bo‘lishiga olib kelgani, shaharlar vayron bo‘lgani, Rossiya Gruziyaning bu bosqinchilik harakatini javobsiz qoldirmasligi»ni aytgandi.

9 avgust kuni ertalab butun dunyo Gruziyaning Janubiy Osetiyaga bostirib kirganidan xabar topadi. Zudlik bilan BMT Xavfsizlik Kengashi maslahat uchun yig‘iladi. Ikki soat davom etgan maslahatlashuvda tomonlar Rossiyaning Gruziyaga jazo choralari qo‘llash kerakligi haqidagi talabiga ko‘nmaydi va tomonlardan o‘t ochishni to‘xtatish talab qilinadi.

BMT kotibi Pan Gi Mun, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar masalalari bo‘yicha vakili Xaver Solana, AQSh davlat departamenti vakili hamda NATO bosh kotibi Yaaap de Xoop Sxeffer ikki tomon o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishi lozimligini bildirishadi. Garchi o‘shanda Gruziya armiyasi Janubiy Osetiyaga bostirib kirgan va poytaxt Tsxinvalini zabt etgan bo‘lsa ham, mamlakat rahbarlari xalqaro tashkilotlarni chegarada ikki tomonlama otishma bo‘layotganiga qisman ishontirgan edi. Qolaversa, aksariyat xalqaro tashkilotlar Gruziya tarafida bo‘lgani uchun ham mazkur hodisada bu mamlakatga jazo qo‘llash emas, balki ikki tomon ham zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishini ma’lum qiladi.

Xalqaro tashkilotlar hodisaga yumshoqlik bilan munosabat bildirganidan so‘ng Janubiy Osetiya xavfsizlik kengashi raisi Anatoliy Barankevich Rossiyadan harbiy yordam so‘raydi. «Agar bizga Rossiya tezkorlik bilan yordam bermasa, respublikada qisqa vaqtda tirik jon qolmaydi», degan edi u. Bir tarafdan Barankevich ham o‘shanda «rolini yaxshi bajargan», chunki u Rossiyadan harbiy yordamni avvalroq so‘rab bo‘lgan va rasmiy ravishda yordam so‘ragan paytda Rossiyaning Shimoliy Kavkazdagi 58-armiyasiga tegishli harbiy qismlar Tsxinvaliga yaqinlashib qolgan edi.

9 avgust kuni Moskvada Rossiya Mudofaa vaziri Janubiy Osetiyani Gruziya bosqinchiligidan himoya qilish uchun rossiyalik harbiylar o‘z harakatini boshlaganini ma’lum qiladi. Bu paytda Rossiya harbiylari Tsxinvali ostonasida edi.

Gruziyalik harbiylar Tsxinvalini o‘qqa tutmoqda, 2008 yil 8 avgust. 
AFP/SHLAMOV

Oradan bir necha soat o‘tib Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda chiqish qiladi. Rossiya har doim Kavkaz xalqlari uchun tinchlikni ta’minlash kafolati bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Rossiya konstitutsiyasi va federal qonunlariga muvofiq, Rossiya prezidenti sifatida men mamlakat fuqarolarini va o‘z vatandoshlarimni, ular qayerda, qanday holatda bo‘lsa ham, munosib himoya qila olaman», deydi Rossiyaning uchinchi prezidenti Dmitriy Medvedev. U «Rossiya fuqarolari va vatandoshlarim» deganda Rossiya pasportini olgan janubiy osetiyaliklarni nazarda tutgan edi. Medvedev Rossiya qo‘shinlari Janubiy Osetiya va Gruziyaga kiritilayotgani haqida hech narsa demaydi, ammo uning nutqini eshitganlar Rossiya Gruziyaga qarshi urush boshlab yuborganini anglab turar edi.

Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, Rossiyaning 58-armiya bo‘linmalari 8 avgustdayoq Shimoliy Kavkazdagi harbiy bazalardan Tsxinvali tomon harakatlana boshlagan. O‘shanda bu armiya tarkibida 1500 nafar harbiy, 14ta T-72 tanki, 16ta «Akatsiya» tipidagi harbiy texnika, 9ta «Grad» artilleriya qurilmasi bo‘lgan. 9 avgust kuni Rossiya mudofaa vaziri va uning ortidan Medvedev gapirgan paytda Rossiyaning boshqa hududlaridan harbiy bo‘linmalar Gruziya tomon jo‘natilgan. Ular orasida harbiy aviatsiya bo‘linmalari ham bo‘lgan.

8 avgust kuni Gruziya armiyasi Janubiy Osetiya poytaxtiga hujum qilganida bu yerda «tinchlikparvar kuchlar» vazifasini bajarayotgan kam sonli rossiyalik harbiylar ham ularga qarshilik ko‘rsatadi. Teng bo‘lmagan janglarda ular yengiladi va Tsxinvali gruzinlar qo‘liga o‘tadi.

9 avgust kuni ertalabdan Rossiya harbiy samolyotlari Gruziyaning muhim obektlariga havodan zarba bera boshlaydi. 58-armiya bo‘linmasi esa Tsxinvalini gruzinlardan ozod qilish uchun janglarni boshlaydi. O‘sha kuni soat 11:30da Gruziya prezidenti Saakashvili mamlakat bo‘ylab jangovar shaylik holatini e’lon qiladi. Tushdan so‘ng Rossiya Gruziyaning bir qancha muhim hududlariga harbiy desantlarni tashlay boshlaydi. Gori, Vaziani va Marneulida joylashgan harbiy aerodromlarga havodan zarba beriladi.

9 avgust kuni Saakashvili G‘arb nashrlariga bergan qisqa intervyusida «Rossiya Gruziyaga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Mamlakatning katta qismida ruslarga qarshi jang qilyapmiz», deydi. O‘sha kuni kechga borib Rossiya mudofaa vazirligi Tsxinvalidan Gruziya harbiylari chiqarilgani va Gruziyaga yana qo‘shimcha kuchlar jo‘natilganini ma’lum qiladi.

9 avgust kuni Gruziya prezidenti mamlakatda 15 kunlik harbiy holat e’lon qiladi. Shu kuni Xitoydan qaytgan Vladimir Putin Shimoliy Osetiya markazi Vladikavkaz shahriga boradi. U «respublikada olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishadi» va Rosiya-Gruziya urushi haqida bir og‘iz ham gapirmaydi.

10-12 avgust kunlari Rossiya va Gruziya harbiylari o‘rtasida janglar davom etadi. 12 avgust kuni Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi ikki o‘rtada shu urushni to‘xtatish masalasida vositachilik qilish uchun Moskvaga tashrif buyuradi. U Moskvadagi muzokaralarni tugatib, 12 avgustda Tbilisiga ham boradi va Saakashvili bilan muzokara o‘tkazadi.

Shu kuni Gruziya urushda yengilganini tan olib, harbiy harakatlarni to‘xtatadi. Urush tugaydi. Ammo Rossiya harbiylari o‘zi egallagan pozitsiyada 16 avgusgacha qoladi. O‘shanda Rossiya harbiylari poytaxt Tbilisiga juda yaqin kelib qolgandi. Agar Saakashvili Gruziyaning yengilganini tan olishni biroz ortga surganda, rossiyalik harbiylar Gruziya poytaxtini ham bosib olishi mumkin edi.

Yo‘qotishlar

Bu urushda Rossiya armiyasi minimal yo‘qotishlarga uchragan va 64 nafar harbiy halok bo‘lgan, 283 nafar harbiy yarador bo‘lgan, 3 harbiy bedarak yo‘qolgan, oltita harbiy samolyot yo‘qotilgan. Keyinchalik ushbu urushda qatnashgan iste’fodagi rus harbiylari o‘shanda Rossiya samolyotlarining uchtasini Gruziya harbiylari, yana uchtasini esa anglashilmovchilik tufayli ruslarning o‘zi urib tushirganini aytgan edi. Lekin Rossiya tomoni bu ma’lumotni tan olmagan.

Bu urushda Gruziyaning 179 nafar harbiysi halok bo‘lgan, 1 964 nafar harbiy va politsiyachi yarador bo‘lgan. Gruziya bu urushda o‘zining ko‘plab harbiy texnikalaridan, aviatsiyasidan va harbiy kemalaridan ayriladi. Bundan tashqari, mamlakatning bir qismi vayron bo‘ladi.

Urush oqibatlarining Gruziyaga ta’siri

Gruziya-Rossiya urushi tugaganidan so‘ng rasmiy Tbilisi amalda Janubiy Osetiya va Abxaziyadan batamom ayriladi. Rossiya 2008 yil 26 avgustda ushbu respublikalarning mustaqilligini tan oladi. Shundan so‘ng bu respublikalar hududida Rossiya o‘z harbiy bazalarini joylashtiradi. Bugungi kunda ham har ikki respublikaning Gruziya bilan chegarasini Rossiya harbiylari qo‘riqlab kelmoqda. Keyinchalik dunyoning yana bir necha davlati Janubiy Osetiya va Abxaziyaning mustaqilligini tan oladi. Ammo xalqaro qonunlar bo‘yicha har ikki respublika Gruziyaning ajralmas qismi hisoblanadi.

Urushdan so‘ng Rossiya-Gruziya munosabatlari

2008 yil 26 avgust kuni Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olgach, ikki kun o‘tib 28 avgustda Gruziya parlamenti Rossiya bilan barcha aloqalarni, hatto diplomatik munosabatlarni uzish haqida qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng Rossiyaning Tbilisidagi elchixonasiga xat kiritilib, u yerda ishlayotgan rossiyalik diplomatlardan Gruziyani tark etish talab qilinadi. 3 sentabr kuni Rossiya Tbilisidagi elchixonasini yopib, elchilarni olib chiqib ketadi. Tbilisidagi elchilari quvib yuborilgandan so‘ng Rossiya Gruziya bilan iqtisodiy aloqalarni ham batamom uzadi. Gruziya mahsulotlari Rossiyaga kiritilmay qo‘yiladi. Butun Rossiya bo‘ylab Gruziya fuqarolarini ushlash va deportatsiya qilish boshlanib ketadi.

Rossiya-Gruziya urushidan besh yil o‘tib, 2013 yilda Saakashvili mamlakat prezidentligidan ketadi. Uning o‘rniga yangi prezident Georgiy Margvelashvili keldi. 2018 yil 28 oktyabrda Gruziyaga Salome Zurabishvili prezident etib saylanadi. Lekin ularning hech biri Rossiya bilan aloqalarni tiklashni xohlamaydi.

Shu tariqa, hanuz Rossiya va Gruziya o‘rtasida diplomatik aloqalar tiklanmagan. 2009 yil 5 mart kuni Shveytsariyaning Moskvadagi elchixonasida «Gruziya manfaatlari bo‘limi» ochiladi. O‘z navbatida, Shveytsariyaning Tbilisidagi elchixonasida ham «Rossiya manfaatlari bo‘limi» ochilgan. Har ikki mamlakat manfaatlari o‘zaro to‘qnashganda yoki boshqa masalalarda ular Shveytsariya vositachiligida ana shu bo‘limlar orqali o‘zaro muloqot qiladi.

Mag‘rur Gruziya yengilmaydi

2008 yilda Gruziya va Rossiya o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy aloqalar batamom uzilganda rossiyalik ayrim siyosatchilar «Gruziya mahsulotlarini Rossiyaga kirishini taqiqladik, Rossiyada pul ishlab yurgan gruziyaliklarni quvdik, endi ertaga ochidan o‘lmaslik uchun Saakashvili oldimizga yalinib keladi», deb ham gapiradi. Lekin bunday bo‘lmadi. Mag‘rur Gruziya och qolsa qoldi, qiynalsa qiynaldi, ammo Rossiyaga yalinib bormadi. Aksincha, qiyinchiliklar bu davlatning, bu xalqning irodasini tobladi va yanada kuchli qildi. Saakashvili urushdan keyin mamlakat og‘ir vaziyatga tushgan kezlarda ham o‘zi boshlagan islohotlarni davom ettirdi. Saakashvili prezidentlikdan ketganidan so‘ng uning o‘rniga kelgan yangi rahbarlar ham u boshlab bergan islohotlarni davom ettirishdi.

Buning natijasida Gruziyada korrupsiya holatlari keskin kamaydi, mamlakatga xorijdan katta investitsiyalar kirib keldi va bu davlat qisqa muddatda iqtisodiyotni rivojlantirib, nafaqat urushdan oldingi mavqeyini tikladi, balki yanada rivojlantirdi. Ayniqsa, Gruziyaning sayyohlik sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar tahsinga sazovor. Gruziya aholisi 3 million atrofida bo‘lgan holda so‘nggi bir necha yilda bu mamlakatga har yili 7-8 million atrofida sayyoh kelgan. Bugun Gruziya Rossiya ta’sir doirasidan chiqib ketgani bilan ko‘pgina ko‘rsatkichlar bo‘yicha sobiq ittifoq respublikalari orasida eng yaxshi natijalarini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, ta’lim sohasida. Eng muhimi, bu respublika Rossiyasiz ham yashay olishini butun dunyoga isbotlab qo‘ydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: