Toshkent viloyati IIBB Angrendagi tergov bo‘limida fuqaro qiynoqqa solinganini rad etdi

Jamiyat 21:39 / 07.08.2020 7724

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda surati tarqalgan fuqaroning jarohatlariga ikki kishi o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal sabab bo‘lgan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 7 avgust kuni taxminan soat 01:00 larda «Chavlisoy» aholi punktida Angren shahrida yashovchi fuqaro H.N. mast holatda tanishi G.Z. (ayol) bilan shahvoniy munosabatda bo‘layotgan vaqtda shu yerda yashovchi fuqaro A.A. ularni ko‘rib qolgan va bu yerdan ketishni talab qilgan. Natijada H.N. va A.A. o‘rtasida janjal kelib chiqqan, hodisa ularning bir-biriga tan-jarohati yetkazishi bilan tugagan.

«Har ikki fuqaro olgan tan-jarohatlari yuzasidan «Krasnogorsk» qo‘rg‘onida joylashgan Tez tibbiy yordam bo‘limiga murojaat qiladi. Tibbiy yordam bo‘limi ma'lumotnomasiga ko‘ra, fuqaro Xamid N.da bosh tepa sohasi yorilgan, shilingan jarohatlari borligi, fuqaro Azim A. da ham peshona sohasi shilingan jarohati borligi ko‘rsatilgan.

Har ikki fuqaroning olgan tan-jarohati yuzasidan Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumani sudga oid tibbiy ekspertiza bo‘limidan ekspertizadan o‘tkazish uchun qaror tayinlanib, ijroga qaratilgan.

Hozirda Angren shahar IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi viloyat IIBBning rasmiy munosabatida.

Ta'kidlanishicha, mazkur holatda fuqarolarga nisbatan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan hech qanday jismoniy kuch ishlatilmagan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati fuqarolar, jurnalist, bloger va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki ishlar tizimini obro‘sizlantirishga qaratilgan, tekshirilmagan yoki yolg‘on axborot va xabarlarni tarqatmasliklarini, bu kabi holatlarda ma'lumotlarni rasmiy manbalardan olishlarini va xolis axborot yetkazishni so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: