Denovdagi «Zarafshon» mahallasida tarqatilgan pullar qaytarib olingan 9ta xonadonning har biriga boshqatdan 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam puli berilgan. Bu haqda Denov tumani hokimligining 6 avgust kuni Kun.uz saytida e'lon qilingan «Denovda ehtiyojmandlarga pul tarqatilib, qaytarib olindi. Tushunmovchilik qayerdan kelib chiqqan?» sarlavhali material yuzasidan e'lon qilingan rasmiy munosabatida ma'lum qilingan.
«Joriy yilning 30 iyul kuni Denov tumanidagi ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj 2 124ta xonadonga 1 milliard 725 million 604 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam puli tarqatildi. Ushbu xonadonlarda 9 678 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Ularning barchasi mahallalarda shakllantirilgan ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj oilalarning shaffof ro‘yxati – «Temir daftar»ga kiritilgan xonadonlardir.
Haqiqatdan, tumandagi 3-sektor hududidagi «Zarafshon» mahallasida «Temir daftar»ga kiritilmagan, biroq, mahalladagi ehtiyojmand oilalar ro‘yxatida bo‘lgan 9ta xonadonga ham 500 ming so‘mdan yordam puli tarqatilgan. Mahalla mas'ullari ushbu mablag‘lar faqat «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolarga tarqatilishi kerakligini bilishgandan so‘ng, ushbu 9ta xonadonga tarqatilgan moddiy yordam puli qaytarib olinib, «Temir daftar»ga kiritilgan ehtiyojmand xonadonlarga yetkazib berilgan.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, ushbu 9ta xonadon ijtimoiy himoyaga muhtoj ekanligi inobatga olinib, tuman «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasidagi mablag‘lar hisobidan ushbu xonadonlarning har biriga 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam puli berildi», deyiladi Denov tuman hokimligi axborot xizmatining rasmiy munosabatida.