Davergeodezkadastr qo‘mitasi matbuot kotibi Ne'mat Atamuratov AOKAdagi shtabda o‘tkazilgan brifingda tugallanmagan bino uchun kadastr hujjatlari qilib berish tartibi haqidagi savolga javob berdi.
«Qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlar tegishli loyiha tashkiloti tomonidan ularning qurilishi boshlangani tasdiqlangan taqdirda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mumkin. Asos – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi 1060-son qarori. Buning uchun siz davlat xizmatlari markazi yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza berishingiz mumkin», dedi qo‘mita matbuot kotibi.
Shuningdek, kimlar yakka tartibda uy-joy qurish uchun auksion savdolarisiz yer olishi mumkinligi haqida ham ma'lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 28 yanvardagi 63-sonli qaroriga muvofiq yakka tartibda uy-joy ajratib berish auksion savdolari va auksion savdolarisiz quyidagi holatlarda berish belgilangan:
- halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalariga;
- davlat va xususiy uy-joy fondidagi o‘zlari egallab turgan uy-joyni tuman (shahar) hokimliklariga o‘tkazayotgan fuqarolarga va mulkdorlarga auksionsiz ya'ni to‘g‘ridan to‘g‘ri 0,04 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari tuman hokimi qarori asosida beriladi.
Yer uchastkasini berish bo‘yicha imtiyozlar bir oilaga bir marta (mulkdorning nomiga) beriladi va oilaning boshqa a'zolariga tatbiq etilmaydi.
Ma'lum qilinishicha, Davergeodezkadastr qo‘mitasi tomonidan zaxira yerlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni onlayn ko‘rish imkoniyatini beruvchi yer axborot tizimi geoportal yaratilmoqda. Hozirgi kunda davlat zaxirasida turgan yer maydonlari haqida ma'lumot olish uchun tuman(shahar) hokimliklariga ariza bilan murojaat qilinadi va natijasi olinadi.