Zarafshonda ham yo‘nalishsiz taksilar, sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga ruxsat berildi

O‘zbekiston 22:51 / 06.08.2020 12227

Shahar hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bu haqda koronavirus pandemiyasini oldini olish bo‘yicha shahar muvofiqlashtiruvchi shtabining 5 avgustdagi yig‘ilishida qaror qabul qilingan.

Yo‘nalishsiz taksilar yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan bo‘lishi, haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi), yo‘lovchilar avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi hamda faqat shahar hududida harakatlanishi lozim.

Sartaroshxona va go‘zallik salonlari – xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob (N95 yoki ustma-ust 2ta oddiy niqob), yuzni to‘liq to‘sadigan himoya maskasi va tibbiy qo‘lqopdan foydalangan holda «1ta xizmat ko‘rsatuvchi shaxs – 1ta mijoz» tamoyili asosida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishlashi talab etiladi.

«Shahardagi barcha transport uyushmalari rahbarlariga yo‘nalishsiz taksilar-yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘sish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishi belgilandi», – deyiladi hokimlik axborot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, ko‘plab muassasalar qatorida sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyati butun respublika bo‘ylab 15 avgustgacha to‘xtatilgan.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev: «Karantin normalarini yumshatish yoki kuchaytirish bo‘yicha hududlar rahbarlari o‘zlari qaror qabul qilishlari kerak», deya ta'kidlagandi.

Joriy hafta sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga Qarshi shahrida ham ruxsat berildi.

Bir necha kun oldin Farg‘ona viloyatida buyum bozorlari, xususiy bog‘chalar, go‘zallik salonlari va sartaroshxonalar qayta ochilishi xabar qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: