XTV bu yilgi Xalqaro matematika olimpiadasi ishtirokchilari qay tarzda saralanishini ma'lum qildi

O‘zbekiston 14:27 / 06.08.2020 1469

Qayd etilishicha, Xalqaro matematika olimpiadasi Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi joriy yilgi olimpiada 16-26 sentabr kunlari masofaviy tarzda o‘tkazilishi haqida bayonot bergan. Olimpiadada har bir mamlakatdan tarkibi 6 nafar ishtirokchidan iborat terma jamoa ishtirok etadi.

«Bugungacha ko‘p bosqichli saralash olimpiadalari orqali terma jamoamiz tarkibi aniqlangan edi. Biroq COVID-19 pandemiyasi joriy yil saralash tizimiga o‘zgartirishlarni kiritishga majbur qilmoqda.

Shu maqsadda Fanlar akademiyasi va Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2018 yildan shu kunga qadar o‘tkazilgan quyidagi nufuzli xalqaro va respublika matematika olimpiadalarda ishtirok etgan yurtimiz o‘quvchilarining natijalari chuqur tahlil qilinib, 2020 yilgi xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi shakllantiriladi», deyiladi XTV axborot xizmatining xabarida.

Ma'lum bo‘lishicha, nomzodlarni saralash jarayonida ularning Maktab o‘quvchilari uchun Xalqaro matematika musobaqasi (Bolgariya, BIMC-2018), Maktab o‘quvchilari uchun Xalqaro matematika musobaqasi (Janubiy Afrika Respublikasi, SAIMC-2019), Mirzo Ulug‘bek nomidagi qo‘shimcha Respublika matematika olimpiadasi (Buxoro-2019), Xalqaro Jautikov olimpiadasi (Qozog‘iston 2020), Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasi (Maykop 2020), Butunjahon Kibermatematika musobaqasi (Masofaviy 2020)dagi natijalari inobatga olinadi.

«Saralash olimpiadasi joriy yil avgust oyining ikkinchi o‘nkunligida masofaviy tarzda o‘tkaziladi. Xalqaro tajribaga ko‘ra saralash ishtirokchilari Zoom platformasi orqali video kuzatuv ostida bo‘lishlari lozim.

Saralash aynan xalqaro matematika olimpiadasi uslubida 2 kun, har kuni 4,5 soat vaqt davomida o‘tkaziladi va ishtirokchilardan Algebra, Geometriya, Sonlar Nazariyasi va Kombinatorikaga oid 3 tadan, jami 6 ta masalani yechishlari talab qilinadi.

Saralash natijalariga asosan, Xalq ta'limi vazirligi va yurtimizning yetakchi matematik olimlari, akademiklar tomonidan yakuniy terma jamoa tarkibi shakllantiriladi», deya Xalq ta'limi vaziri matbuot kotibi Laylo Rustamovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: