Farg‘onada viloyat koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq 2020 yil 3 avgustdan mashg‘ulotlarni 15 kishidan ortiq bo‘lmagan guruhlarda tashkil etish, binoni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar hamda tonnellar bilan jihozlash, xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi, tana harorati 37° S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud xodim va tarbiyalanuvchilarni mashg‘ulotlarga kiritmaslik choralarini ko‘rish sharti bilan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi.
Bugungi kunda viloyatda 824 ta nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari mavjud bo‘lib joriy yilning 3 avgust kundan boshlab mazkur tashkilotlar bosqichma bosqich tegishli yo‘riqnomalar orqali o‘z faoliyatini boshladi.
Farg‘ona viloyati hokimining tashabbusi bilan tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlash maqsadida faoliyatini boshlagan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlaridagi bolajonlarga bir qator sovg‘alar va tibbiy jihozlar jo‘natildi.
Pandemiya davrida jonajon bog‘chasiga bora olmay, onlayn ta'lim olayotgan bolajonlar bugun ta'lim tashkilotlariga har doimgidan ko‘ra ko‘proq quvonch va intiqlik bilan kelmoqdalar. Karantin qoidalariga qat'iy amal qilgan holda muassasalarda mashg‘ulot va to‘garaklarni yanada qiziqarli, yanada mazmundor o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Ularning baxtiyor damlariga guvoh bo‘lish uchun tadbir tashkil etilib, unda viloyat hokimligi vakillari, Maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Yu.Xodjayeva, viloyat kasaba uyushmalar Kengashi raisi E.Nuraliyevlar ishtirok etishdi.
Tashrif buyurgan mehmonlar yurtimizda maktabgacha ta'lim tashkilotlariga bo‘lgan e'tibor, bolajonlarning kelgusi kamolotida bog‘chalarning tutgan muhim o‘rni haqida atroflicha to‘xtalib, yurtimizga tinchlik, yurtdoshlarimizga salomatlik, muassasa faoliyatiga omad, kichkintoylarga esa porloq istiqbol tilagan holda viloyat hokimi tomonidan bolajonlar uchun maxsus yuborilgan esdalik sovg‘alarini topshirishdi.
Farg‘ona viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi