Note qatoridan joy olgan yangi smartfonlar Galaxy Note20 va Galaxy Note20 Ultra kompaniya qurilmalari orasidagi eng kuchli protsessor Exynos 990 hamda mos ravishda 6,7 va 6,9 dyuymli ekranlar bilan jihozlangan. Smartfonlarning ikkalasi ham yangilangan S Pen perosi bilan ta'minlangan. Smartfonlarning “aqlli” akkumulyatori yarim soat ichida 50 foizdan ko‘proqqa quvvatlana oladi.
Smartfonlarda tomonlari nisbati 21:9 bo‘lgan va soniyasiga 24 kadr yozuvchi 8K-kamera o‘rnatilgan. Shuningdek, soniyasiga 120 kadr tezlik bilan hamda ovoz yozish yo‘nalishini sozlash imkoniyatiga ega FHD-video suratga olish rejimi mavjud. Galaxy Note 20 Ultra uchta modulli kamera bilan jihozlangan: 108 Mpli asosiy modul hamda 12 MPli ikkita modul. Smartfon, shuningdek, lazer sensorli avtofokus bilan jihozlangan. Galaxy Note20 kamerasida asosiy modul 64 Mpga ega.
Galaxy Note20’da 256 Gb ichki xotira bo‘ladi, Galaxy Note 20 Ultra esa 256 va 512 Gb ichki xotira bilan taklif qilinadi.
Yangi smartfonlar narxi ularning konfiguratsiyasiga qarab, 999 dollardan 1439 dollargacha turadi.
Janubiy Koreya kompaniyasi, shuningdek, bukiluvchi ekranli yangi Galaxy Z Fold2 smartfonini taqdim qildi. U ikkita displey – 6,2 dyuymli tashqi va 7,6 dyuymli ichki ekranlar bilan jihozlangan. Smartfon ochiq holatda asosiy displeyi o‘lchami 7,6 dyuymni tashkil qiladi.
Qurilma bukilganda undagi tasvir tashqi ekranga o‘tib, uning o‘lchamlariga moslashadi. Kompaniyada ta'kidlanishicha, smartfonning ekrani qalinligi insonning soch tolasidan ingichkaroqdir.
Samsung smartfonlardan tashqari, Galaxy Tab S7 va S7+ planshetlarini namoyish qilgan. Ular mos ravishda 11 va 12,4 dyuymli ekranlarga ega.
Shuningdek, Galaxy Watch3 “aqlli” soati taqdim qilingan. Soat qon bosimini o‘lchash va elektrokardiogramma ko‘rsatkichlarini olish funksiyalari bilan ta'minlangan. Bundan tashqari, u pulsni va qonning kislorod bilan to‘yinganligini o‘lchay oladi.
Taqdimotda namoyish qilingan yana bir gadjet - Galaxy Buds Live simsiz quloqchinlari bo‘lib, ular 12 mmli dinamik bilan jihozlangan. Kompaniyada ta'kidlanishicha, qurilmadagi uchta mikrofondan iborat adaptiv tizim va tebranishlar datchigi hattoki shovqin joylarda ham aniq eshitish imkonini beradi. Gadjetda shovqinni bostirish funksiyasi mavjud bo‘lib, u past chastotali shovqinlarni (misol uchun, o‘tib ketayotgan avtomobillar tovushi) olib tashlab, transportdagi e'lonlar va nutqni eshitish imkonini beradi.