O‘runov – «Spartak»dagi oltinchi o‘zbekistonlik futbolchi

Sport 20:04 / 05.08.2020 11331

O‘zbekistonlik yarimhimoyachi Oston O‘runov Moskvaning «Spartak» klubi bilan shartnoma imzoladi.

Natijada u Rossiyaning yetakchi klubi sharafini himoya qilgan 5 nafar o‘zbekistonlikning safiga qo‘shildi. Ostonning «qizil-oqlar» safidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tilagan holda, ushbu futbolchilarni esga olamiz.

Birodar Abduraimov (hujumchi, 1964)

Moskvaning «Spartak» klubida o‘ynagan o‘zbekistonlik ilk futbolchi Birador Abduraimov hisoblanadi. U 1943 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1964 yili 21 yoshida «Paxtakor»dan «Spartak»ga o‘tgan.

Birodar Abduraimov «Paxtakor» tarkibida (sariq libosda)

Ammo toshkentliklar safida 4ta mavsumda 85ta o‘yinda maydonga tushib, 20ta gol urgan hujumchining moskvaliklar tarkibidagi ishlari negadir yurishmadi. Birodar «Spartak» tarkibida atigi 1ta o‘yinda maydonga tushdi xolos. Keyin yana «Paxtakor»ga qaytdi. 1968 yili qadrdon klubi tarkibida 22ta gol bilan SSSR chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.

Azamat Abduraimov (hujumchi, 1984 va 1990)

«Spartak» klubida o‘ynagan o‘zbekistonlik ikkinchi futbolchi Birador Abduraimovning o‘g‘li Azamat hisoblanadi. U 1966 yili Toshkentda tug‘ilgan. 1984 va 1990 yillarda «Spartak» klubi tarkibida bo‘lgan.

Azamat Abduraimov Malayziyaning «Pahang» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi libosida

Azamat 1984 yili asosiy tarkibda debyut qilolmagan va «Spartak»ni tark etgan. 1990 yilda esa yana «Spartak»ga qaytgan. Shu mavsumda yosh hujumchi moskvaliklarning o‘rinbosarlar jamoasi tarkibida 9ta o‘yinda 7ta gol urgan. Ammo asosiy tarkibda atigi 3ta o‘yinda maydonga tushgan xolos. Keyinchalik Dushanbening «Pomir» klubiga ijaraga berib yuborilgan.

Andrey Pyatnitskiy (yarimhimoyachi, 1992-1997)

1967 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1992 yili 25 yoshida «Paxtakor»dan «Spartak»ga o‘tgan. 6 yil davomida «qizil-oqlar» sharafini munosib himoya qilib, hatto jamoa sardori bo‘lishga erishgan.

Andrey «Spartak» tarkibida gol urgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi hisoblanadi. 1992 yil 29 iyul kuni Moskvada «Zenit» darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining 4:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan. «Spartak» tarkibida jami 140ta o‘yinda maydonga tushib, 30ta gol urgan. Rossiyaning 5 karra chempioni, Kubogining 2 karra sohibi.

Andrey Pyatnitskiy O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida norasmiy o‘yinlarda ishtirok etgan. Keyinchalik fuqaroligini o‘zgartirib, Rossiya milliy jamoasini tanladi va 1994 yilgi jahon chempionatida o‘ynadi. Qayd qilish joizki, Andrey faoliyati davomida SSSR, MDH, O‘zbekiston va Rossiya milliy jamoasi tarkibida o‘ynagan «noyob» futbolchilardan biri hisoblanadi.

Valeriy Kechinov (hujumchi, 1993-2000)

1974 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1992 yili «Paxtakor» tarkibida O‘zbekiston chempioni, chempionatning eng yaxshi to‘purari va mamlakatning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan.

1993 yili «Spartak»ga o‘tgan, ammo o‘rtoqlik o‘yinida og‘ir jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqan. Natijada, faqat 1994 yil kuzidan boshlab moskvaliklar tarkibida muntazam maydonga tushishni boshlagan. Afsuski, bu jarohat Valeriyning faoliyatida salbiy iz qoldirdi, u o‘z iqtidorini to‘la namoyish qilolmadi. Shunday bo‘lsa-da, Kechinov «Spartak» safida jami 158ta o‘yinda maydonga tushib, 44ta gol urgan. Rossiyaning 6 karra chempioni va Kubogi sohibi. Xuddi Andrey Pyatnitskiyga o‘xshab, fuqaroligini o‘zgartirib, Rossiya milliy jamoasini tanlagan. 

Jafar Irismetov (hujumchi, 2001)

1976 yilda Toshkentda tug‘ilgan. O‘zbekiston chempionatining 2000 yilgi mavsumida «Do‘stlik» klubi tarkibida 37ta o‘yinda 45ta gol urganidan so‘ng, «Spartak» klubiga chaqirilgan.

2001 yili, 25 yoshida mavsumoldi «Hamdo‘stlik Kubogi»da «Spartak» tarkibida debyut qilgan. U musobaqada 4ta gol urib, jamoasining yakuniy g‘alabasiga munosib hissa qo‘shishga erishgan.

Keyinchalik Jafar rasmiy o‘yinlarda sermahsullikni namoyish qilolmadi. «Spartak» tarkibida 12ta o‘yinda (shundan 4tasi Chempionlar Ligasida) maydonga tushgan bo‘lsa-da, birorta gol urolmadi. Natijada, zaxira o‘rindig‘iga «mixlanib» qoldi. Keyinchalik Belarusning «Slaviya» klubiga ijaraga berib yuborildi. 2001 yilgi Rossiya chempioni.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: