«Sulton Tex Group» ishi: Prokuror suddan hukumat vakillariga qarshi kiritilgan da'voni qanoatlantirishni so‘radi

O‘zbekiston 17:56 / 04.08.2020 30683

Bugun, 4 avgust kuni Qibray tumani ma'muriy sudida bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevlar ustidan Qashqadaryodagi klaster tomonidan kiritilgan shikoyat arizasi yuzasidan navbatdagi sud protsessi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda sudda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Jarayonda tomonlarning muzokara nutqi tinglandi. Ahrorbek Eraliyev raisligidagi sudning bu majlisida «Sulton Tex Group» tomonidan kiritilgan ariza yuzasidan deyarli barcha tomonlar vakillari qatnashdi.

Majlisda Vazirlar Mahkamasining agrosanoat majmui vakili Shuhrat Safarov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi qator boshqarmalari mutasaddi xodimlari, Suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maxsus jamg‘armasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, «Paxtasanoat» AJ, qator tijorat banklari va klaster o‘rnida tashkil etilgan «Silver Viber» agrokooperatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Raislik qiluvchi tomonidan ish tafsilotlari bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi, savol-javoblar va muhokamalarga imkon berildi. Shu bilan birga, sudya normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda asosiy mezon hisoblanuvchi «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunni ham qayd etib o‘tdi.

Sudda ishtirok etgan prokuror keltirilgan dalillar va tomonlarning fikrlarini inobatga olgan holda, arizani qanoatlantirishni so‘radi.

Da'vogar «Sulton Tex Group» vakili ham suddan shikoyatni qanoatlantirishni so‘radi.

Ishchi guruh rahbari vakili, Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari da'voni qanoatlantirishni rad etish lozim, deb hisoblashdi.

Shu munosabat bilan, sudga raislik qiluvchi A.Eraliyev 6 avgustga qadar tanaffus e'lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, «Sulton Tex Group» xususiy korxonasining Qarshi tumanidagi paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri faoliyati bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev tomonidan 2020 yil 8 aprel kuni imzolangan yig‘ilish bayoniga asosan tugatilgan.

Keyinchalik, Qarshi tuman ma'muriy sudi tomonidan Qarshi tuman hokimi va hokimlik mansabdor shaxslariga «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi klaster faoliyatiga aralashish, uning 2020 yil uchun fermerlar bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga urinishi taqiqlab qo‘yilgandi.

Sudning mazkur hal qiluv qarori Qarshi tuman prokurori tomonidan kiritilgan protestga asosan Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqildi va sud qarori bekor qilindi.

9 iyuldan e'tiboran Qibray tuman ma'muriy sudida Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevning xatti-harakatlarini noqonuniy deb topishni so‘rab kiritilgan shikoyat arizasi yuzasidan sud ishi davom etib kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: