O‘zbekistonda pandemiya sharoiti murakkab kechayotgani, karantin cheklovlari bekor qilinmayotgani yoki yumshatilmagani bois oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarini o‘tkazish muddatlari test topshiruvchilar salomatligiga zarar yetmaydigan vaziyat kelgunga qadar keyinga surilmoqda va bu haqda jamoatchilik muntazam xabardor qilib boriladi. Bu haqda Davlat test markazi axborot xizmati xabar qilgan.
«Keyingi kunlarda turli internet nashrlarida kirish imtihonlari usti ochiq katta maydonlarda, ertalab va kechki smenada o‘tkazilishi, shuningdek, aniq sanalar belgilanganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda.
Bu borada rasman shuni ma'lum qilamizki, ayni kunlarda Davlat test markazi tomonidan jarayonlarni, eng avvalo, test topshiruvchilar salomatligi xavfsizligini ta'minlagan holda tashkil etish borasida turli variantlar o‘rganib chiqilmoqda.
Qayd etish kerakki, ushbu harakatlar hali o‘rganish bosqichida bo‘lganligi sababli hozirdan «shunday bo‘ladi» qabilida xabarlar tarqatish abituriyentlarni chalg‘itishi, testga tayyorgarlik jarayoniga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Shularni hisobga olib, Respublika komissiyasi ko‘rsatmasi asosida sog‘liqni saqlash tashkilotlari bilan birgalikda 2020 yilgi qabul test sinovlarini o‘tkazish uchun maqbul va xavfsiz joylar tanlanib, aniq sanalar belgilangach, Davlat test markazi tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali ishonchli xabar beriladi. Bunga qadar abituriyentlardan turli xabarlarga e'tibor qilmasdan vaqtdan unumli foydalanishlarini, test sinoviga puxta tayyorgarlik ko‘rishni davom ettirishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi DTM axborotida.
Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari 25 iyuldan 20 avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgandi. Biroq mamlakatda avvaliga 1 avgustgacha, keyin 15 avgustgacha qat'iy karantin joriy etildi. Natijada kirish imtihonlari sanasi noma'lum muddatgacha kechiktirildi. 22 iyulda AOKAda o‘tgan brifingda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov imtihonlar sentabr oyida o‘tkazilishi ham mumkinligini aytgandi.
Ro‘yxatga olish 20 iyundan 20 iyulga qadar barcha hududlarda DTMning rasmiy veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali , respublikaning 8ta tumanida esa Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi. 21 iyul kuni abituriyentlarni ro‘yxatga olish yakunlandi. Ro‘yxatdan o‘tgan jami abituriyentlar soni 1 484 085 nafarni tashkil etdi.