Crew Dragon ekipaji Yerga muvaffaqiyatli qaytdi

Fan-texnika 01:12 / 03.08.2020 9550

SpaceX kompaniyasining Crew Dragon fazoviy kemasi NASA astronavtlari Duglas Xarli va Robert Benken bilan Meksika ko‘rfazida muvaffaqiyatli qo‘ndi.

Qo‘nish hududida bo‘lgan GO Navigator qidiruv-qutqaruv kemasi fazoviy kemani gidravlik kran yordamida o‘z bortiga olgach, uning ichidan astronavtlar chiqarib olinadi. Astronavtlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgach, sohilga yetkaziladi.

Bundan avval esa Crew Dragon Xalqaro koinot stansiyasidan 1 avgustda ajralgach, Yerga qaytish uchun 19 soatli avtonom parvozni amalga oshirdi.  

Bu AQSh fazoviy kemasining 1975 yilda “Apollon” kemalari parvozlari dasturi yakunlangandan keyin 45 yil ichida birinchi marta suvga qo‘ndirilishi bo‘ldi. 

Crew Dragon XKSga 30 may kuni birinchi marta fazogirlar bilan birga uchirilgandi. Bu xususiy kompaniya amalga oshirgan tarixdagi ilk boshqariluvchi fazoviy parvoz bo‘lgan. Shuningdek, AQSh 2011 yildan keyin birinchi marta shunday parvozni amalga oshirgan. 

Sinov tariqasida amalga oshirilgan parvoz davomida kema XKSga astronavtlar Xarli va Benkenni yetkazgan. Ular rossiyalik fazogirlar Anatoliy Ivanishin va Ivan Vagner hamda yurtdoshlari Kris Kessidi bilan 2 oy davomida XKSda ish olib borgan.

Crew Dragon’ning ushbu parvozi kemaning NASA tomonidan XKSga muntazam boshqariluvchi parvozlarni amalga oshirishi uchun sertifikatlashtirishi oldidan oxirgi yirik sinovi bo‘ldi. 2019 yil martida kema koinot stansiyasiga avtonom rejimda sinov parvozini amalga oshirgan edi. 

2011 yildan beri NASA astronavtlari XKSga Rossiyaning “Soyuz” kemalarida yetkazib kelinadi. AQSh koinot agentligi “Soyuz”dagi har bir o‘rin uchun mo‘maygina pul to‘laydi. Jumladan, may oyida NASA Roskosmos bilan XKSga oktyabrda uchadigan “Soyuz” kemasidagi bir o‘rin uchun 90,2 mln dollar to‘lashga kelishib olgan. 

NASA ma'lumotlariga ko‘ra, Crew Dragon kemasining XKSga keyingi parvozi sentabr oxirida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.  

Ko‘proq yangiliklar: