Tug‘ruqxonaga kelgan homiladorlardan test natijasini talab qilish mumkin emas – shtab a'zosi

Jamiyat 13:07 / 02.08.2020 5783

AOKAda o‘tkazilgan brifingda epidemiologik vaziyatda homiladorlarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ma'lumot berildi.

«Tug‘ruqxonaga kelgan homilador ayolni qabul qilish uchun undan koronavirusga topshirilgan test natijasini talab qilish mumkin emas. Har bir homilador ayolga yordam ko‘rsatish zarur, ularning sharoitida vaqtni o‘tkazib yubormaslik kerak. Shuning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘iga asosan, har bir tug‘ruqxonaga homilador ayollar test natijalarisiz qabul qilinishi shart.     

Shuningdek, homilador ayolda koronavirus bo‘lgan taqdirda, yangi tug‘ilgan chaqaloq tug‘ruqdan 12-24 soat o‘tgach, koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkaziladi. Natijalarni tasdiqlash uchun takroriy test 24 soatdan keyin amalga oshiriladi. Tekshiruv uchun biomaterial sifatida burun-halqum yoki og‘iz-halqumdan surtma olinadi», dedi Barno Abdusamatova.

Ma'lum qilinishicha, mavjud epidemiologik sharoitda homilador ayolning yaqinlari tug‘ruq jarayonida hamrohlik qilishi mumkin emas.

«Tug‘ruq vaqtida hamrohlik normal sharoitlarda ma'qullansa ham, epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, bu cheklanishi kerak.

Homiladorlik patologiyasi va tuqqan ayollar bo‘limlariga tashriflar ham cheklanishi lozim. Homilador ayollarga oila a'zolari va yaqinlari bilan aloqada bo‘lish uchun turli videoaloqa vositalaridan foydalanish tavsiya qilinadi. Ushbu choralar kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida qo‘llanadi», deya Abdusamatovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: