Ijtimoiy tarmoqlar: muloqot uchun yoki manipulyatsiya va «xayp» uchun maydonmi?

Jamiyat 14:12 / 01.08.2020 8935

Bugun ijtimoiy tarmoqlar aholining hokimliklar bilan muloqot qilishlari uchun maydon vazifasini o‘tamoqda, u yoki bu hujjatlar, hodisalar va jarayonlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganishda foydalanib kelinmoqda. Xususan, fuqarolar mansabdor shaxslarga ularning shaxsiy va u ishlaydigan davlat organining sahifalari orqali murojaat qilmoqda, ijtimoiy-iqtisodiy muammolari bo‘yicha ochiq fikr bildirmoqda, deb yozadi «Yuksalish» umummilliy harakati axborot xizmati.

Qayd etilishicha, ko‘p hollarda bu muammolarga blogerlar, alohida internet-nashrlar, ijtimoiy tarmoqlarning minglab foydalanuvchilarining faol fuqarolik pozitsiyasi tufayli o‘zaro maqbul yechimlarni topishga erishilmoqda. Fuqarolarning fikrlari, konstruktiv takliflari, garchi ular ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan bo‘lsa-da, inobatga olinmoqda, bu bilan davlat va jamoatchilik boshqaruvida aholining keng ishtiroki ta'minlanmoqda.

Lekin ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralar va ijtimoiy hayot aralashtirib yuborilishining salbiy ta'sirlari ham bor. Misol tariqasida populizm, jamoat ongini manipulyatsiya qilish, “trollar fabrika”si, feyk (yolg‘on) xabarlar, insonlarning sha'ni va qadr-qimmatini, tashkilotlarning ishchanlik obro‘sini qoralovchi axborotlarni tarqatish, internet-bulling kabilarni aytish mumkin.

Ratsional argumentlar hissiy qoliplarga yutqazadi

Yolg‘on xabarlar ishonchli va obektiv axborotlarga qaraganda tez tarqaladi va ba'zan katta zarar keltiradi. Yangilikdek tuyuladigan yolg‘on xabarni tarmoq foydalanuvchilari tezroq ulashishga harakat qiladi, bu esa turli-tuman mish-mishlar, uydirmalar, agressiyani keltirib chiqaradi, davlat organlari, biznesga ishonchsizlik paydo qiladi. Xabar ulashishda birinchi bo‘lish amalda qo‘llaniladi: kim birinchi aytgan bo‘lsa, u haq. Agarda yolg‘on xabar ortidan rasman raddiya bildirilsa, bu odamlar unga ishondi, degani emas. Bunda ratsional argumentlar hissiy qoliplarga yutqazadi. Britaniya siyosatchisi Uinston Cherchil aytganidek: «Haqiqat ishtonini kiyguncha, yolg‘on dunyoning yarmini aylanib chiqishga ulguradi».

Pandemiya davrida mish-mishlar va asossiz axborotlar tarqalishi odamlar orasida vahima uyg‘otadi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida o‘g‘rilar narkotik modda shimdirilgan tibbiy niqoblarni tarqatayotgani, O‘zbekiston bo‘ylab vertolyotlarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilishi haqidagi yolg‘on xabarlar, karantin paytida har bir yurtdoshlarimizga haftasiga 300 ming so‘mdan berilishi, pandemiya sabab kirish imtihonlari bekor qilinishi va boshqa shu kabi mish-mishlar tarqaldi. Davlat tuzilmalari bularning barchasini rad etdi va fuqarolarni yolg‘on axborotlarni tarqatishdan avval ma'lumotlarini tekshirishga chaqirdi. 

Yana bir jihat borki bu — feyk, ya'ni soxta akkauntlar. Tarmoqlarda o‘z fikrlarini ochiq bayon qilishga, yangi tashabbus va takliflarini bildirishga tayyor fuqarolar bilan birga “trollar” deb ataladiganlar ham tez-tez maydonga chiqishadi. Ular o‘ylab topilgan ismlar ostiga yashirinib, kinoyali postlar yoki jamoatchilik ongini boshqarishga urinuvchi ochiq yolg‘onlarni tarmoqlarga joylaydi. Izohlarda esa ko‘pincha adabiy tilda yozishmaydi, shaxsga o‘tadi, odamlarni obro‘sizlantirishga, adovatni avj oldirishga harakat qilishadi. Bu tartibsizlik va g‘alayonlarga, moliyaviy zarar ko‘rishga olib kelishi mumkin.

Misol uchun, Zambiyada aholining 80 foizini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi «ZESCO» davlat kompaniyasi Xitoyga sotilishi haqidagi yolg‘on xabar Internetda tarqalgach, minglab odamlar ko‘chaga chiqishdi. Feyk ortidan yuzaga kelgan mitinglar kompaniya aksiyalarini qulatdi.

Ba'zida hazil ham halokatga olib keladi. Bundan ikki yil avval Hindistonda “samosud” ortidan o‘nlab kishilar vafot etdi. Notanish kimsalar WhatsApp messenjeri orqali oddiy odamlarni qotil va zo‘ravon sifatida ko‘rsatuvchi xabarlar tarqatgan. 

Moddiy zarar va biznes obro‘siga putur

Feyk xabarlar xiyla vositasi sifatida nafaqat ijtimoiy-siyosiy sohada, balki ishbilarmonlik davrasida ham foydalaniladi. Ular tadbirkorlik sub'yektlarini ham katta iqtisodiy yo‘qotishlar va obro‘siga putur yetkazish bilan «hayhay»lab turishadi. Masalan, 2016 yilda AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampning millionlab tarafdorlari PepsiCo kompaniyasi mahsulotlariga boykot e'lon qilishdi. Shundan so‘ng, internet tarmoqlarida go‘yo kompaniya rahbariyati ularga qarshi ekanligi haqida yolg‘on axborotlar paydo bo‘ldi. Xabar chiqqan kuni AQShning iste'molchilarni qondirish darajasi uchdan bir qismga, dunyo bo‘yicha esa 20 foizga tushib ketdi. Kompaniya aksiyalarining narxi birjada keskin pasaya boshladi, vaziyatni yaxshilashga bir necha oy o‘tibgina erishildi. Baltimor universiteti (AQSh) hamda «CHEQ» kompaniyasi mutaxassislarining hamkorlikdagi tadqiqotlariga ko‘ra, aksiyalar va investitsiyalar mavzusidagi yolg‘on axborotlar ularni vaqtincha qiymatini tushirishi mumkin, bu o‘zi bilan yiliga 39 mlrd dollarga yaqin ziyon keltiradi.

Yaqinda O‘zbekistonning developer kompaniyalaridan birining asoschisi allakimlar uning nomi va kompaniyasining logotipidan foydalangan holda ijtimoiy tarmoqlarda feyk kanallar va guruhlar ochganini ma'lum qildi. Ular ochgan o‘sha guruhlarga har bir yangi odam qo‘shganga sovg‘alar va pul va'da qilib, 10 soat ichida 60 ming obunachilarga ega bo‘lgan. Bunday soxta akkauntlar kompaniya faoliyatini tahqirlamay qolmaydi.

Soxta sahifalar paydo bo‘lgani haqida respublikadagi ommabop nashrlardan biri e'lon qildi. Alohida shaxslar Facebook, Instagram, Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarda kanal va sahifalar ochadi va unda turli mazmundagi, yangiliklar sayti uslubi va yo‘nalishiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan postlar, shu jumladan lotereyalar va qimor o‘yinlarini joylaydi.

So‘nggi vaqtlarda o‘zlarini ommabop so‘z bo‘lgan «bloger» deb atovchi fuqarolar tez-tez paydo bo‘lmoqda. Ular mansabdorlar, tadbirkorlar, oddiy odamlar haqida har doim ham obektiv bo‘lmagan axborotlarni to‘playdi, ularning suratlariga kontekstdan yulib olingan ma'lumotlarni chapishtirib videomaterial shaklida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatadi. Ayrim soxta blogerlar provokatsion, ig‘vo materiallar hisobiga ko‘proq obunachilarga ega bo‘lishga yoki ko‘proq pul ishlashga, boshqalari “xayp” qilishga urinadi. Yana ba'zilari qora maqsadlarda tarmoq foydalanuvchilarini manipulyatsiya qiladi, o‘zining yoki «buyurtmachilar»ning qiziqishlarini yolg‘on dalillar bilan tarqatadi. Shunday internet foydalanuvchilari borki, hissiyotlarga berilib, haqorat va so‘kinishlar bilan oqibatini o‘ylamay yozadi.

Ba'zi shaxslar noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortilyapti. Shuning uchun fuqarolarda, shu jumladan blogerlarda nafaqat huquqi, balki majburiyatlari ham borligini unutmaslik kerak.

Masalan, o‘tgan yilning oktabr oyida Samarqandda qurilish kompaniyasi 500 mln so‘m ma'naviy zarar yetkazgani uchun ikki bloger ustidan da'vo qo‘zg‘atdi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Kitob shahrida maxsus xizmatlar tomonidan soxta blogerlar ushlandi, ular mahalliy aholini qo‘rqitib, tovlamachilik qilib kelgan. Ya'ni bir to‘yda ayolni erkak bilan raqs tushayotganini videokameraga tasvirga olib, undan 1 000 AQSh dollari talab qiladi, aks holda videoni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborish bilan qo‘rqitadi. Aniqlandiki, qo‘lga olingan bloger bundan avval ham bolalar bog‘chasida go‘yo aynigan go‘shtdan taom tayyorlanayotgani haqida rolik e'lon qilgan.

2020 yilning aprel oyida o‘zini bloger deb atagan samarqandlik tadbirkor ichki ishlar organlari faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgani, xizmat paytida davlat xizmatchilarini haqoratlagani va tasvirga olgani uchun 15 sutka qamalib chiqdi. Joriy yilning may oyida esa yana bir soxta bloger qo‘lga olindi, u Bekobod dehqon bozori (Toshkent viloyati)ning mansabdor shaxsini bozordagi antisanitar holat olingan videokadrlarni ijtimoiy tarmoqlar va OAVda tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, undan 1 000 AQSh dollari undirgan.

Prezidentga murojaat

Yana bir tendensiya kuzatilmoqda. O‘zbekistonning turli hududlaridan odamlar ijtimoiy tarmoqlar orqali bevosita davlat rahbariga murojaat qilmoqda. Ular uyini buzilishdan saqlab qolishda, bolasini bog‘chaga joylashtirishda, o‘zini ishga qayta tiklashda, biror mansabdorni javobgarlikka tortishda, vijdonsiz rahbarni jazolashda yordam so‘raydi, davlat organlari faoliyatidan shikoyat qiladi...

Prezident virtual qabulxonasi uch yildan ortiq vaqt faoliyat yuritayotgani, davlat rahbarining har bir tuman, shaharda xalq qabulxonalari tashkil etilgani, vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlik vakillari, shu jumladan hududlar hokimlarining virtual qabulxonalari mavjudligi, ular sayyor va shaxsan qabullar o‘tkazishlarini inobatga olib, bahsli savol tug‘iladi: nahotki ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlar davlat organlarining xalq bilan muloqotida ishlab chiqilgan mexanizmlar orqali hal qilinmaydi? 

Odamlar huquqlari buzilgani haqida gapirishadi: mulk va mehnat huquqidan tortib shaxsiy va siyosiygacha. Biroq tushunarsiz vaziyat bor: bu fuqarolar davlat organlariga – prokuratura, adliya organlari yoki sudga Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklarini himoya qilib avval murojaat qilganmi? Yoki ular muammolariga yechim topish uchun qonuniy tartibda murojaat qilishga harakat qilmay turib, jamoatchilik fikriga ta'sir qilishga, ularda xavotir uyg‘otib, go‘yoki masalasi o‘z foydasiga hal qilinmagan, qonun buzilgan deya maqsadiga erishishga intilishyaptimi? Shunday holatlar borki, sud ishlari davom etayotgan paytda, hali qaror chiqmasidan jarayon ishtirokchilari ijtimoiy tarmoqlarga sud organlarini qoralovchi postlar joylaydi.

Huquqiy jihatlar

Konstitutsiyaga muvofiq, har kim axborotni izlash, olish, tadqiq qilish, uzatish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger Internet tarmog‘ida milliy, irqiy, etnik va diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Ushbu Qonunda bloger tushunchasiga aniqlik kiritilgan. U Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs.

«Axborot erkinliklari kafolatlari va prinsiplari to‘g‘risida»gi Qonunda ochiqlik va oshkoralik, hamma erkin foydalanishi mumkin va haqqoniylik axborot erkinligining asosiy prinsiplari belgilangan. Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi. 

Yodda tutish kerakki, bu kabi xatti-harakatlar, shu jumladan tuhmat, haqorat uchun fuqarolik, ma'muriy va jinoiy shakldagi javobgarliklar o‘rnatilgan.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga ko‘ra, haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Tuhmat, ya'ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksiga muvofiq, agar haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobarigacha (44 mln 600 ming so‘m) jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mediasavodxonlik va fakt-cheking

Internet keng imkoniyatlar eshigini ochadi, ayniqsa, pandemiya sharoitida bu o‘z tasdig‘ini topdi (masofaviy ta'lim, onlayn-muloqotlar va munozaralar nafaqat maishiy muloqot, balki davlat darajasida tashkil etilmoqda).

Yolg‘on axborotlar va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishning boshqa vositalariga qarshi kurashish uchun global tarmoqlarni yopish maqsadga muvofiq emas. Davlat organlari faoliyatida, ular ta'minlayotgan ma'lumotning ochiqligi va shaffofligi muhim. Murojaatlar bilan ishlash tizimini rivojlantirishga hamda rasmiy manbalarning transparentligiga zarurat bor.

Bunda davlat tuzilmalarining matbuot xizmatlari asosiy rol o‘ynaydi. Ular fuqarolarni axborot bilan ta'minlashi, ularning murojaatlariga, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali yuboriladigan so‘rov va izohlariga, o‘z vaqtida javob qaytarilishiga ko‘maklashishi kerak.

Aks ta'sirning asosiy faktorlarini tanqidiy fikrlarni shakllantirish, aholiga ma'lumotlar haqiqiyligini tekshirish — fakt-chekingga o‘rgatish tashkil etadi. Hammaga, nima gapirilayotgani va ko‘rsatilayotganiga ishonish kerak emas, tarmoqlarda «Ulashish» tugmasini bosishdan avval faktlarni qayta tekshirish lozim. Mediasavodxonlik va axborot iste'moliga tanqidiy yondashuv (OAVda yoki ijtimoiy tarmoqda bo‘lsin) sizni va yaqinlaringizni, hamkasblar va do‘stlaringizni tarmoqlardagi yolg‘on va nayranglardan himoya qiladi. U esa o‘z qo‘lingizda.

Ko‘proq yangiliklar: