«Ulug‘ ayyomda O‘zbekistonimiz uchun duoda bo‘laylik» - Saida Mirziyoyeva barchani Qurbon hayiti bilan tabrikladi

Jamiyat 18:12 / 31.07.2020 20128

O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta'minlash bo‘yicha komissiyasi a'zosi, Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘zbekistonliklarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi.

Aziz yurtdoshlar!

Bugun barcha musulmonlar uchun muqaddas bayram — Qurbon hayiti.

Olti oy oldin hammasi boshqacha edi. Hayot bir maromda o‘tardi, ko‘chalarda bemalol yurar, xohlagan joyimizga borar, yoqtirgan ishlarimiz bilan shug‘ullanar va eng asosiysi, qandaydir maqsadlar bilan yashar edik.

Bugun esa mamlakatimiz ahli sarosima va qayg‘uda. O‘zbekistonimizda kasallik avj olgan, bundan har birimiz tashvishdamiz. Yaqinlar, do‘stlar, ota-onalar, qavm-u qarindoshlar — hammadan har kuni bir-biridan g‘amgin voqealarni eshityapmiz. Bularni tinglash og‘ir va qayg‘uli.

Yaqinlarini yo‘qotgan barcha kishilarga o‘z hamdardligimni bildiraman. Xastalikka qarshi mardonavor kurashayotganlarga shifo, ularga g‘amxo‘rlik qilayotganlarga esa sabr-toqat tilayman. Sizga kuch-quvvat yor bo‘lsin!

24 soat davomida tik oyoqda ishlayotgan shifokorlarga ta'zim qilaman, ular salomatliklarini xatarga qo‘yib, bemorlarni davolashda davom etmoqdalar. Bugun uyiga borolmay, ish joyida qolishga majbur bo‘layotgan barcha-barchaga ming rahmat. To‘rt devor ichida bularning hammasi tezroq barham topishini sabrsizlik bilan kutayotganlarni yaxshi tushunaman. Oson emas. Lekin hozir bizdan talab etiladigani faqat sabrdir. Kutishdan boshqa ilojimiz yo‘q.

Biz albatta odatiy hayotimizga, erkin va baxtiyor kunlarga qaytamiz. Ishontirib aytamanki, prezidentimiz shunday kunlar tezroq kelishi uchun hamma choralarni ko‘rmoqdalar, biror so‘zingizni e'tibordan chetda qoldirmay, har biringizning dardingizga sherik bo‘lmoqdalar. Prezident uchun hammamiz, butun xalqimiz yagona, katta bir oila va bunda har bir insonning munosib o‘rni bor.

Mana shunday yorug‘ va ulug‘ bayramda barchamiz kuch va jasoratimizni jamlab, duoda bo‘lishimizni so‘rayman. Bugun kasallik tufayli oramizdan ketganlar uchun, xastalik bilan kurashayotganlar va uni yengayotganlar uchun, yaqinlarini yo‘qotib, iztirob chekayotganlar, barcha-barcha uchun. Farzandlari qornini to‘ydirish g‘amida yurganlar uchun. O‘zida borini begonalardan ayamayotgan ko‘ngillilar uchun. Va hamma narsa haqida ochiq-oydin gapiradiganlar uchun.

O‘zbekiston xalqi uchun.

Bayram muborak! Hammaga osoyishtalik tilaymiz.

Ko‘proq yangiliklar: