Pandemiya davrida to‘g‘ri ovqatlanish - parhezshunos shifokor tavsiyalari

Light 14:13 / 31.07.2020 28699

Navbatdagi mehmonimiz – oliy toifali vrach kardiolog, nutritsiolog, tibbiyot fanlari nomzodi Gulbahor Eshonxo‘jayeva.

– Gulbahor Rahmatullayevna, afsuski muhim soha bo‘lsa-da, nutritsiologiya fani nimaligini ko‘pchilik bilmaydi. Avvalo shu haqda ozgina tushuntirish berib ketsangiz.

– Ko‘p yillar kardiologiya-reabilitatsiya sohasida ishlagan bo‘lsam-da, yurak-qon tomir kasalliklarini, qandli diabet rivojlanishining asosiy sababchisi bo‘lgan, XXI asrning infeksion bo‘lmagan pandemiyasi – ortiqcha vazn, semizlik muammolarini davolashda ovqatlanish muhim ekani sababli, nutritsologiyani chuqurroq o‘rganishga to‘g‘ri keldi.

Nutritsiologiya (yunoncha «ozuqa ilmi») – bu ovqatlanishning turli jihatlari haqidagi fan bo‘lib, insonni ovqat tanlash sabablarini o‘rganishdan tortib, ovqatning tarkibi, ovqatlanish jarayoni, hujayra ichidagi oziqlanish mexanizmlari, har xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining o‘zaro va organizm salomatligiga ta'sirini o‘rganadi.

Ratsional ovqatlanish – davolashning mustaqil omili bo‘lib, davolanish natijalarini, qisqa va uzoq muddatli prognozni yaxshilaydi va asoratlarni kamaytiradi.

COVID-19'ga chalingan xastalarning ovqatlanishi bo‘yicha tuzilgan xalqaro amaliy qo‘llanmada ham yetarli miqdorda oqsil qabul qilishga katta ahamiyat beriladi. Kuniga kamida 70-120 g oqsil iste'mol qilish kerakligi ta'kidlanadi.

Sut, qatiq, tvorog, pishloq, o‘simliklardan qo‘ziqorin, no‘xat, loviya, mosh, bodom kabi mahsulotlarni ko‘proq iste'mol qilish kerak. Ayniqsa, tuxum va go‘sht, tuyoq, parranda, baliq mahsulotlarida tana uchun kerakli bo‘lgan barcha aminokislotalar mavjud va ular to‘liq o‘zlashtiriladi.

Shirinlik va pishiriqlarni, xamirli, uglevodga boy taomlarni kamroq iste'mol qilish ma'qul ko‘riladi.

Koronavirus infeksiyasida pnevmoniya rivojlanishi natijasida diafragmaning pastga tushishi qorinning shishishiga olib keladi, shuning uchun bemorlarga oz miqdorda, lekin tez-tez ovqatlanish tavsiya etiladi.

Kasallikdan tiklanishda, ko‘p hollarda, ovqat ta'mini bilmaslik, ishtaha yo‘qligi kuzatiladi. Shunday paytda xalq tabobatida qo‘llanilgan bodom atalasi tiklanishga juda yaxshi yordam beradi. Yengil oqsil manbayi bo‘lgan shifobaxsh va yengil hazm bo‘ladigan bu taomni ertalabki nonushtaga tavsiya etaman.

Yengil hazm bo‘luvchi ovqatlardan tovuq go‘shtli, mol go‘shtli qaynatma sho‘rvalar, qiymali mastava ichishni maslahat beraman.

Shuningdek, yetarlicha suyuqlik ichishni ham unutmang. Mors, kaliy manbayi bo‘lgan turshak va boshqa mevalar damlamasi, nordon, ishtahani ochuvchi kompotlar, na'matak damlamasini ichishni kanda qilmang.

Hozirgi pandemiya kunlarida yog‘siz ovqatli parhez, sigareta chekish kabilar o‘pkaga zarar yetkazadi. Agar o‘pkangizni kuchaytirmoqchi bo‘lsangiz, har kuni 20 g sariyog‘ yoki ikki qoshiq qaymoq yoki bir bo‘lak dumbayog‘ iste'mol qiling.

– Bugungi kundagi ko‘p muhokamalar mavzusi bu shubhasiz COVID-19'ga chalinganlarni qanday davolash va immunitetni oshirish bo‘lmoqda. Bu bo‘yicha qanday oson va foydali tavsiyalarni bera olasiz?

Immunitetni kuchaytirish uchun, avvalo, ichak faoliyatini va uning mikrobiotasini tiklashimiz kerak, chunki immun hujayralari va immunoglobulinlarni 80 foiz ichaklarda va ichaklardagi mikroblar yordamida hosil bo‘ladi.

COVID-19 kasalligida ko‘p holatlarda antibiotiklar qo‘llash, ichak mikroflorasiga salbiy tasir ko‘rsatadi va uni tiklash jarayoni olti oygacha davom etadi. Dorilar ta'siri ostida ichakdagi foydali bakteriya turlari butunlay yo‘q bo‘lib ketishi va birinchi navbatda, chidamli bo‘lgan patogen bakteriyalar tiklanishi ma'lum bo‘ldi.

Shuning uchun, foydali bakteriyalarni tiklash, tayyor probiotiklar va metabiotiklardan foydalanish koronavirus kasalligini boshidan kechirgan bemorlar uchun albatta kerak.

Ichakni foydali bakteriyalar bilan to‘ldirish uchun, fermentlangan an'anaviy achitqi bilan tayyorlangan qatiq, kefir, qimiz – foydali bakteriyalarga boy bo‘lgan ichimliklarni ichish zarur. O‘simliklardan – artishok, piyoz ham probiotiklarga boy hisoblanadi

Foydali bakteriyalarga – pribiotik-ozuqa bo‘lgan pomidor, sabzi, olma, sarimsoq, malina, smorodina, yashil o‘tlar – shivit, selderey, petrushka, kashnichlarni iste'mol qilish kerak.

Immun tizimining chidamli bo‘lishida sink – ruxning roli katta. Tsinkka boy mahsulotlar – go‘sht, jigar, tuxum, oshqovoq urug‘i, bodom, baliq mahsulotlari, tuxum, sariyog‘ tarkibidagi D vitamini immunitetga ta'sir qiladi va tanadagi yallig‘lanishni kamaytiradi.

Bizning immunitetimiz selensiz ishlamaydi. Selenning katta miqdori piyoz va sarimsoq tarkibida bo‘ladi. Kasallik paytida ko‘p sarf qilingan kaliy, magniy zaxirasini to‘ldirish ham muhimdir.

Asalni asalari mumkatagi (uyi) bilan iste'mol qiling, chaynang, undan qator qimmatli moddalarni olasiz. O‘simlik moylaridan – chakanda, kanakunjut moyi (kastorovoye maslo), qora kunjut (tmin) yog‘larini qo‘llash ham foydali.

– Koronavirusga chalinganlar o‘limi to‘g‘risidagi xabarlarda «yurak yetishmovchiligi» jumlasi ko‘p uchrayapti. Bu virusning yurakka bevosita qanday ta'siri bor?

– Koronavirus kasalligi hamma organlar, ayniqsa nafas yo‘llari, yurak, buyrak, miya va tomirlarning shikastlanishi, ularni torayishi va tromblar rivojlanishi bilan kechadigan jarayon hisoblanadi.

Xitoy va yevropalik olimlarning tadqiqotlaridan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, bemorlarning 12-30 foizda koronavirus kasalligi yurak mushaklarining yallig‘lanishi – miokardit bilan kechadi. Yurak aritmiyasi kasalxonaga yotqizilgan bemorlar orasida 5 foiz – 30 foiz hollarda uchraydi.

Surunkali koronar arteroskleroz kasalligida infeksiya aterosklerotik tiqinlarni (blyashka) beqarorlashtirishi va yorib yuborishi, bu esa o‘z navbatida miokard infarktiga olib kelishi mumkin. Undan tashqari, qon ivishi yuqoriligi, tomirda trombozlar rivojlanishi – aterogen bo‘lmagan miokard infarktiga olib kelishi ehtimoli katta.

Kasallikda gipoksiyani yengish uchun yurak-tomir tizimiga bo‘lgan oshiqcha talab va zo‘riqish, yurak-tomir kasalliklari, yurak yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlar holatini og‘irlashtiradi.

Shuning uchun yurak-qon tomir xastaliklari COVID-19 kasalligining og‘ir kechishi xavf omili hisoblanadi va bu bemorlarga alohida e'tibor beriladi.

– COVID-19'dan sog‘ayganlarning jismoniy faolligi tezroq tiklanishi uchun qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Kardiologiya sohasida reabilitatsiya bo‘yicha ko‘p yillik tajribam bor. Koronavirus infeksiyasining yengil o‘tkazgan bemorlarda – charchoq va jismoniy holsizlik davom etadi va sog‘ayishlari bilan sog‘lom holatlari tiklana boshlaydi.

Ammo uzoq muddat kasalxonada davolanganlar, kasallikni og‘ir kechirganlar uchun to‘liq tiklanish muddati bir yil yoki undan ko‘proq vaqtni talab qilishi mumkin, deb taxmin qilinadi.

COVID-19 xastaligini tiklanish davrida: quruq yo‘tal, mushaklar og‘rig‘i (mialgiya) va ularning kuchsizligi (miasteniya), asteniya belgilari: umumiy holsizlik, charchoq, ishtahaning yo‘qligi, asablar tarangligi, uyqusizlik, jismoniy chidamlilikni pasayishi kabi holatlar uchrashi mumkin.

Ko‘p holatlardi hansirash kuzatiladi. Agar jismoniy faol yoshlarda, hansirash tez yurganda, zinapoyaga chiqishda, jismoniy faollikda paydo bo‘lsa, kam harakatli, yoshi ulug‘ bemorlarda – minimal harakat paytida, tinch holatda ham kuzatilishi mumkin.

Kasallik asoratlarini yengish va to‘la tiklanish bemorning o‘ziga ham bog‘liq.

Avvalo, o‘z tana holatini nazorat qilishni o‘rganish kerak. Nafas olish tezligi, yurak urish tezligi, tonometr yordamida arterial bosim, termometr yordamida tana harorati, pulsoksimetr bo‘lsa, u yordamida – kislorod bilan to‘yinganlikni tekshirib turing.

O‘pkangizning holatini ovozli test yerdamida tekshirishingiz mumkin – tinch uzaytirilgan nafas chiqarishda sonlarni sanang (normada 30gacha sanaladi) – davolanish sari ko‘rsatkichlaringiz o‘sib boradi.

O‘zingiz uchun salomatlik kundaligi tuting, aniqlagan ko‘rsatkichlaringizni, har kuni mashqdan oldin va mashqdan keyin yozib boring.

Mashq qilganingizda holatingizga e'tibor bering, hansirash, kislorod bilan to‘yinganlik 94 foizdan pasayishi, qon bosimi 90/60 past yoki 140/90 ko‘tarilishi, yurak urishi 100dan oshishi, harorat 37,2 dan oshishi, ortiqcha holsizlik, ko‘krak qafasda og‘riq, kuchli yo‘tal, ko‘z tinishi, bosh aylanishi, yurak urishi, muvozanatni yo‘qotish kabi belgilardan birortasi paydo bo‘lsa, mashqlarni to‘xtating, shifokoringizga bildiring.

Og‘ir kechgan pnevmoniyadan so‘ng o‘pka fibrozi chandig‘i rivojlanishining oldini olish va nafas olish mushaklarini kuchini tiklash uchun nafas olish mashqlarini muntazam qilib, to‘g‘ri nafas olishni o‘rganish, mashqlar orqali o‘pkani kengaytiradigan nafas mushaklarning kuchaytirish kerak.

Bunday mashqlarni muntazam bajarish o‘pkani mustahkamlab, uni yanada samarali ishlashiga yordam beradi. Davolanish mobaynidagi jismoniy faollik – hayotimiz tarzi va kundalik ehtiyojga aylanishiga umid qilaman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: