Yozda iste’mol qilish tavsiya etiladigan mahsulotlar sanaldi

Jamiyat 19:18 / 10.07.2023 12989

Yozning issiq kunlarida inson ishtahasi biroz pasayadi. Shu bois sersuv noz-ne’matlar — meva-sabzavot va ulardan tayyorlangan salatlar ko‘proq iste’mol qilinadi. Chunki bu ozuqalar chanqoqni ham qondiradi, tanani zarur mineral va vitaminlar bilan to‘yintiradi. Bu haqda Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Guli Shayxova ma’lumot berdi. 

«Biroq ushbu mahsulotlar kam kaloriyali bo‘lgani tufayli kundalik sarflangan energiya o‘rnini bosolmaydi. Organizm esa doim oqsil moddalariga ehtiyoj sezadi. Demak, go‘sht va uning o‘rnini bosuvchi dukkakli hamda boshqa ozuqalar kunlik dasturxonimizdan joy olishi kerak. Faqat ularni qaynatilgan holatda tanovul qilish tavsiya qilinadi. Suyuq ovqatlar issiq kunlar uchun, ayniqsa mos», dedi shifokor. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yozda ovqatlanish tartibini biroz o‘zgartirgan ma’qul. Masalan, nonushta uchun soat 7:00 mos vaqt. Ertalab sut mahsulotlari, meva-sabzavot, qaynatilgan go‘sht va tarkibida oqsil, yog‘ va uglevodlar bo‘lgan boshqa mahsulotlar iste’mol qilinishi kerak.

«Tushlik uchun yengil hazm bo‘luvchi sho‘rva, moshxo‘rda, mastava, manpar, suvda yoki bug‘da tayyorlangan kotletlar foydali. Ular sabzavotlardan tayyorlangan salat va ko‘katlar bilan qo‘shib tanovul qilinsa, nur ustiga a’lo nur. Meva sharbatlari tayyorlash chog‘ida ular tarkibiga imkon qadar shakar qo‘shmaslikni tavsiya qilamiz», dedi Shayxova. 

Qayd qilinishicha, kolbasa, konserva va tuzlangan mahsulotlar, sho‘r baliq, dudlangan go‘shtdan mutlaqo tiyilish kerak. Bunday yeguliklar chanqoqni oshirishidan tashqari, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Shifokor tavsiyasiga ko‘ra, kechki ovqat uchun taomnoma ham tez va yengil hazm bo‘luvchi suyuq ovqatlardan tashkil topishi lozim. O‘zida nisbatan kam uglevod saqlovchi qatiq, olma, sabzavotlar ham dasturxonga tortilishi kerak. 

«Pishiqchilik ne’mati bo‘lgan qovun va tarvuz iste’moli uchun tushlik payti eng maqbul davr. Ular ham quvvat beradi, ham chanqoqni bosadi», dedi Shayxova.

Uning ta’kidlashicha, sog‘lom insonlar uchun kunlik iste’mol qilinadigan suv me’yori 3 litrgacha. Yurak qon-tomir, buyrak xastaligi bor insonlarga esa ko‘p suv ichish tavsiya etilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: