O‘zbekistonda kun davomida yana 5 o‘lim holati haqida xabar berildi. SSV Yerniyazovning o‘limini hali tasdiqlamadi

O‘zbekiston 23:26 / 31.07.2020 37442

Bugun Toshkent shahridagi shifoxonalarda 5 o‘lim holati qayd etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi hafta davomida har kuni 5tadan o‘lim holati haqida xabar bermoqda.

Birinchi o‘lim. 13 iyul kuni Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan 55 yoshli erkak bemor vafot etdi.

Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 55 yoshli B.Sh. (erkak) joriy yil 13 iyul kuni Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Keyinchalik ahvoli og‘irlashgani sababli reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan.Unga Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi, o‘pka shishi asoratlari bilan kechgan. 

Shuningdek, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. 10 iyul kuni Toshkentdagi 1-sonli klinik shifoxonaga olib kelingan 67 yoshli ayol vafot etdi.

Toshkent shahar Sergeli tumanida yashagan 67 yoshli N.T. (ayol)da joriy yil 10 iyul kuni Covid-19 infeksiyasi tasdiqlangan va shahar 1-sonli klinik shifoxonaga olib kelingan, holati yomonligi sababli reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. 

Unga Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. 

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. 21 iyul kuni Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan 60 yoshli ayol vafot etdi.

Poytaxtlik 60 yoshli M.S. (ayol) joriy yil 10–20 iyul kunlari uy sharoitida xususiy shifoxona shifokorlarining tavsiyalariga muvofiq davolangan. 21 iyul kuni esa Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. 19 iyul kuni og‘ir holatda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan 55 yoshli erkak bemor vafot etdi.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 55 yoshli N.D. (erkak) 19 iyul kuni og‘ir holatda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Shifoxonada unda Covid-19 tasdiqlangan. Bemorga Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi, keng tarqalgan miokard infarkti asorati bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, miokard infarktidan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. 10 iyul kuni koronavirus tasdiqlanib, og‘ir holatda Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan 62 yoshli erkak bemor vafot etdi.

Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 62 yoshli T. S. (erkak)da 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi IIB Markaziy gospitalida o‘tkir appenditsit aniqlangan va operativ davo o‘tkazilgan. 10 iyul kuni unda Covid-19 tasdiqlangan va og‘ir holatda Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga Covid-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan va kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘tkir yurak-qon tomir yetishmoqchiligi va infeksion toksik miokardit asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kalalligi, arterial gipertenziyaning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar kuzatilgan. 

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli stabil og‘ir bo‘lib turgan bemor, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha holatlarda shifoxonalarda bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilganini qayd etgan.

Shu tariqa, Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy statistikasida o‘lim holatlari soni 141taga yetdi. Ammo vazirlik statistikasida O‘zbekistondagi barcha o‘lim holatlari ham o‘rin olmayapti. 

Xususan, bugun koronavirusga chalinish oqibatida vafot etgani ma'lum bo‘lgan va O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ta'ziya bildirilgan Musa Yerniyazovning o‘limi hozircha SSV tomonidan tasdiqlanmadi.

Ko‘proq yangiliklar: