Hokim o‘z murojaatida viloyatda karantin davrida olib borilayotgan amaliy ishlar haqida ma'lumot berib, ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholiga berilishi ko‘zda tutilayotgan yordam pullarini yetkazish tizimi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
U hududda ish olib borayotgan 1200 ta dorixona faoliyatiga to‘xtalib, shu kungacha aholi vakillaridan dori-darmonlarning narxi ko‘tarilgani yoki sun'iy taqchillik yuzaga kelgani haqida biror marta murojaat bo‘lmaganini qayd etib o‘tdi.
Shuhratbek Abdurahmonov aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam sifatiga to‘xtaldi.
“Bugungi kunda viloyatda 239ta tez tibbiy yordam brigadalari faoliyat olib boryapti. Viloyat bo‘yicha bir sutkada chaqiruvlar soni 3600-3700tani tashkil etmoqda. Favqulodda holatlar yuz berishi mumkinligini hisobga olgan holda yana 53 ta tez tibbiy yordam mashinalari, qo‘shimcha operatorlar, maxsus brigadalar shakllantirish masalalarini ko‘rib chiqmoqdamiz. Bundan tashqari, ko‘ngilli vrach va hamshiralar Andijon tibbiyot institutidagi maxsus kursda tayyorlab borilyapti”, dedi viloyat hokimi.
Uning ma'lumot berishicha, viloyatda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 31 ming xonadonga 6,5 milliard so‘mlik oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa mahsulotlar yetkazib berilgan.
“Kuni kecha prezidentimiz tashabbusi bilan viloyatimizdagi kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, moddiy yordam berish maqsadida 10 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Men viloyat hokimi sifatida hududdagi qiynalayotgan, kambag‘al oilalarni aniqlash xolis bo‘ladi deb va'da beraman. Mazkur ro‘yxatlarni xalq o‘zi saylagan deputat va mahalla raislari shakllantiradi. Bu masalaga alohida e'tibor beramiz. Mazkur mablag‘lar haqiqatan qiynalgan aholi vakillariga yetib borishi kerak”, dedi viloyat hokimi o‘z murojaatida.