Markazda koronavirusga gumon qilinayotgan fuqarolarni vaqtincha saqlab turish uchun 1008ta koykadan iborat joy hozirlanmoqda.
Bu yerda fuqarolarga zaruriy birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Hozirda binoni moslashtirish va koykalarni o‘rnatish jarayoni ketmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.
Ayni paytda Yunusobod tumanidagi «O‘zekspomarkaz»ning 3-pavilonida 1000 o‘rinlik maxsus markaz faoliyat yuritmoqda (mas'ul – Toshkent shahar hokimligi). Shuningdek, 1- va 2-pavilonlarda yana 814ta koyka tayyorlanmoqda (mas'ul – Mudofaa vazirligi gospitali).
Bundan tashqari, yaqin 2-3 kun ichida Yunusoboddagi gimnastika saroyida 750 o‘rinli (mas'ul – IIV gospitali), Shayxontohur tumanidagi «Yoshlik» sport majmuasida 520 o‘rinli (mas'ul – DXX gospitali) birinchi tibbiy yordam markazlari foydalanishga topshirilishi kutilyapti.
Sergeli tumanidagi 2-son BO‘SM 250 o‘rinli davolash maskani etib qayta jihozlanyapti.
Bundan avval O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti yotoqxonasi va Chilonzor tumanidagi «Cardio Star Plus» xususiy klinikasi (50ta o‘rin) ham koronavirusga gumon qilinganlarni vaqtincha saqlash maskanlariga aylantirilgani aytilgandi.
Bu markazlarda koronavirusga gumon qilinganlarga tashxis qo‘yish, zaruratga ko‘ra davolash uchun sharoit yaratilayotgani, ular pandemiya talablari asosida jihozlanib, zarur tibbiy uskunalar bilan ta'minlanayotgani xabar qilingan.
29 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda COVID-19 uchun mo‘ljallangan 10ta maxsus poliklinika va koronavirusni davolashga moslashtirilgan 16ta tibbiyot muassasasi ro‘yxatini e'lon qildi.