Viloyat hokimligi axborot xizmati ma'lumotiga ko‘ra yong‘in bugun, 29 iyul kuni ertalab sodir bo‘lgan. Yong‘in xavfsizligi otryadlari ofatni bartaraf etishgan.
Buxoro viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, 29 iyul kuni soat 09:50da Jondor tumani favqulodda faziyatlar bo‘limi dispetcherlik xizmatiga yong‘in haqida xabar kelib tushgan. Xabarda «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari» AJga qarashli 110-35-10 kvli Jondor podstansiyasida yong‘in bo‘layotgani aytilgan.
Belgilangan manzilga 5ta yong‘in qutqaruv avtoekipajlari jalb etilgan. Yong‘in oqibatida 1 dona 10 000 kvli transformatorning ichki qismidagi elektr simlari va 15 tonna moy yongan.
Yong‘in sodir bo‘lgan manzilga 3 km. masofadan soat 10:00da yong‘in qutqaruv bo‘linmalari yetib borib, 10:25da alanga o‘rab olingan va 11:30da batamom o‘chirilgan. Yong‘in sabab fuqarolarning kuyish va tan jarohati olish holatlari qayd etilmagan. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining aniqlik kiritishicha, yong‘in oqibatida tumandagi 52ta mahallaning 50tasida elektr ta'minoti uzilgan.