Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi. «Navbahor» FKga pul yig‘ilayotgani qanchalik haqiqat?

Sport 15:21 / 25.07.2020 41369

Bir necha kun avval Namanganning «Navbahor» futbol klubi rossiyalik mutaxassis Aleksey Belenkovga 500 ming AQSh dollari to‘lashi kerakligi haqida xabar qilingandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Navbahor» tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan ushbu summa viloyatdagi korxona va tashkilotlardan homiylikka majburlash yo‘li bilan yig‘ilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shuningdek, ushbu xabarlarga viloyat hududidagi tijorat banklari tomonidan «Navbahor» FK hisobiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan homiylik mablag‘lari haqida ma'lumot aks etgan surat ham biriktirilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Tijorat banklari «o‘z xohishlari bilan» homiylikda ishtirok etishayotgani haqidagi xabarlar qanchalik haqiqat ekanini aniqlash uchun suratda aks etgan ayrim banklar bilan bog‘landik.

ATB «Hamkorbank» Namangan filiali bilan bog‘langanimizda bunday ma'lumotlar bank siri hisoblanishi hamda bu haqda uchinchi tomonga ma'lumot berilmasligini ma'lum qilishdi.

AKB «InfinBank» filiali vakili esa homiylik pullari o‘tkazilayotganini, biroq mablag‘lar bankning emas, tranzit hisob raqamlardan, ya'ni klub ishqibozlari bo‘lgan ko‘ngilli fuqarolar taqdim etgan pullar hisobidan o‘tkazib berilayotganini ta'kidladi.

PFL direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev mazkur masala yuzasidan fikr bildirar ekan, PFLda bunday ma'lumot yo‘qligini, bu kabi masalalar klubning ichki ishi ekanini ma'lum qildi.

«Navbahor» futbol klubi rasmiylari bilan bog‘lanishga urinishlarimiz samara bermadi.

Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, homiylik deganda, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik maqsadlarida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga mol-mulkni, shu jumladan pul mablag‘larini qaytarmaslik sharti bilan yoki imtiyozli shartlarda berishda, ular uchun ishlar bajarishda, ularga xizmatlar ko‘rsatish va ularni boshqacha shaklda qo‘llab-quvvatlashda ifodalanadigan ixtiyoriy beg‘araz yordami tushuniladi.

Homiylik faqatgina ixtiyoriy asosda amalga oshiriladigan beg‘araz yordam ekanini hisobga olsak, bu faoliyatga majburiy ravishda jalb etish jiddiy qonun buzilishi hisoblanadi.

Zero, Konstitutsiyada davlat barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlashi belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun, homiylikka majburiy jalb etish harakatlarida mulk daxlsizligiga tahdid ham o‘z aksini topadi.

Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi deganlaridek, agar rostdan ham «Navbahor» FK o‘zining A.Belenkov oldidagi majburiyatini bajarishda boshqa tashkilotlarning homiylik mablag‘ini jalb etgan taqdirda, bu haqdagi ma'lumotlarni bekitishning imkoni yo‘q. Chunki «Homiylik to‘g‘risida»gi Qonunning 5-1-moddasiga ko‘ra, homiylik oluvchilar olingan homiylik xayriyalarining hisobini yuritishi hamda homiylik xayriyalari olingan kundan e'tiboran o‘n kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek mavjud bo‘lgan taqdirda o‘z rasmiy veb-saytlarida olingan homiylik xayriyalari to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishi shart. Aks holda, qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.

Darvoqe, «Homiylik to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasida ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 10 foizidan oshmasligi kerakligi hamda bu xarajatlar ular biznes-rejasining o‘tgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi ko‘rsatkichlari bajarilganda amalga oshirilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Bundan chiqadiki, bordi-yu ushbu ma'lumotlar tasdiqlangudek bo‘lsa, jadvalda aks etgan ayrim (davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan) banklar bu kabi «xayriya»larda orqa-oldiga qarab olishlari lozim bo‘ladi.

Aytish kerakki, homiylik pullarini banklar yoki fuqarolarning majburiy yoki ixtiyoriy o‘tkazayotganidan qat'i nazar, yana bir achinarli tomoni – bu pullarning klubni rivojlantirishga emas, klub rahbariyatining xatosini tuzatishga sarf bo‘layotganida.

So‘zimiz yakunida sport jurnalisti Bobur Akmalovning ayni vaqtdagi futbolimiz haqida aytgan quyidagi fikrlarini eslab o‘tsak, zarar qilmaydi:

«Menimcha, futbolni to‘xtatish kerak. O‘zbekiston xalqi bundan hech narsa yo‘qotmaydi. Bugungi kunda futbol davlatning, demakki, xalqning bo‘ynida ortiqcha yuk. Superligadagi barcha klublarni xalq boqadi, futbol odamlari o‘zbekistonliklarning soliqlari va tabiiy boyliklar orqasidan keladigan pullarni yeyishadi. Pandemiyasiz ham bizning zimmamizda o‘tirib, tuzukroq natija ko‘rsatmagan futbolimiz hozirgi og‘ir sharoitda ming chandon ortiqcha.

Bu mavsum futbolidan voz kechaverish kerak ikkilanmasdan. Milliardlarni o‘pqondek yutadigan klublar keyingi yilga tayyorlanaversin. Ana, Fransiya, Niderlandlar va hatto Bangladesh futbolni to‘xtatdi – biror yeri kamayib qolmadi. FIFA «Oltin to‘p»ini bu yil bermaydigan bo‘ldi. Aqlli qaror.

Yashashni, yashab qolishni eplab olaylik, futbol ko‘ngilga sig‘adigan kunlarga ham yetarmiz, nasib bo‘lsa».

Bank muassasalaridan futbol klubi uchun pul yig‘ilayotgani haqidagi holat bo‘yicha Namangan viloyat hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan munosabat kutib qolamiz.

Abbos Salaydinov,
huquqshunos

Ko‘proq yangiliklar: