Yana «xizmat doirasidan tashqari»dagi qishloqlar haqida. Yechim shunchalik murakkabmi?

Fan-texnika 17:19 / 24.07.2020 20657

Bu borada birmuncha ishlar qilinayotganini inkor etmagan holda ta'kidlash mumkinmi, masalaga yondashuv va e'tibor jamoatchilik talabi darajasida emas.

Xo‘sh, butun respublika bo‘ylab birday mobil aloqa sifati to‘laligicha ta'minlanmasligi sababi nimada? Rivojlangan davlatlar mayli, hatto qo‘shni respublikalar bilan taqqoslaganda ham mobil aloqa sifati borasida maqtana olmasligimizni qanday izohlash mumkin? Nima sababdan bu soha hanuz xususiy sektorga berilmayapti?

Biz mavzu yuzasidan mutaxassislar va jamoatchilik vakillari fikrlari bilan qiziqdik.

 

«Mobil aloqa kompaniyalariga nimaga kam stansiyalar quryapsan, deyishdan oldin ularning ham dardini eshitish kerak»

Huqushunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev MFaktor dasturidagi chiqishida mavzu yuzasidan fikrlarini bildirib, qator savollarni o‘rtaga tashlagan edi.

— Aloqa kompaniyalari stansiyalari chekka hududlarda kamligi, shuning natijasida aloqa sifati, internet pastligidan shikoyat qilamiz. Xo‘sh, nima uchun ularning soni kam? Bitta aloqa stansiyasini o‘rnatish – juda qiyin byurokratik jarayon. Nima uchun haligacha tizim yangilanmayapti?

O‘zbekiston tarixida aloqa stansiyalari bilan bog‘liq korrupsion harakatlar, sud jarayonlarini ko‘rdik. Agar bitta aloqa stansiyasini o‘rnatish bunchalik byurokratizmga botib ketmaganda, korrupsion holatlar bo‘lmasmidi? Demak, kimningdir «og‘zini moylash» orqaligina stansiyalarni qurish mumkin bo‘lgan.

Bu yerda bir nechta savol tug‘iladi: Birinchidan, aloqa stansiyasini o‘rnatish nima uchun juda murakkab? Ikkinchidan, bitta aloqa stansiyasini o‘rnatish uchun davlatga to‘lanadigan pul nega buncha qimmat?

Mobil aloqa kompaniyalariga nimaga kam stansiyalar quryapsan, deyishdan oldin ularning ham dardini tushunish kerak. Moliyaviy gigant mobil kompaniyalar qancha ko‘p stansiyalar qurishsa, ularga shuncha foyda-ku. Buning ildizini topishimiz kerak.

Nima uchun O‘zbekistonda internetni davlat ta'minlashi kerak? Nima uchun xususiy sektorga imkoniyat berilmaydi?

 

«Xorijda stansiyani qurib, antenna qo‘yish uchun ijara berish tajribasi bor, bizda esa...»

Mirzo Ulug‘bek nomidagi astronomiya, fizika, matematika va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati direktori Olimjon To‘ychiyev:

— Bu masalada asosiy sabab – har bir uyali aloqa kompaniyasi o‘zining antennasini qo‘yishga xarakat qiladi. Shu sababli ham shaharning bir qismida ishlagan mobil operator boshqasida ishlamaydi.

Xorijiy tajribada bir stansiyani qurib, bir-biriga antenna qo‘yish uchun ijaraga berish tajribasi mavjud, bizda esa afsuski, uyali aloqa kompaniyalarida bunday amaliyot mavjud yemas.

Bir stansiyani qurish va ekspluatatsiya qilish anchagina moliyaviy resurslarni talab qiladi, shuning uchun uyali kompaniyalar o‘zaro kelishib antennalarini birgalikda foydalanishni boshlasa, yuqoridagi holatlar bo‘lmaydi.

 

«Sifatli internet orqali hukumat o‘ziga savol beruvchilarni va hisob so‘rovchilarni ko‘paytiradi. Bu ularga kerakmi?»

Iqtisodchi, bloger Otabek Bakirov:

— Eng chekka qishloqlardan birida tug‘ilganman. Har safar qishloqqa hayitga, bayramlar yoki boshqa sabab borsam, meni yo‘qotib qo‘yishadi, chunki na mobil aloqa va na internet bor.

Qiziq tarafi, qishloq ahli Qirg‘iziston kompaniyalarining mobil internetidan foydalanadi. Rossiya va Qirg‘iziston bilan aloqada ham qirg‘iz mobil operatorlarining sim-kartalarini ishlatishadi. Bilmadim, nima qilish kerak? Koreya yoki Yaponiya emas, hech bo‘lmasa, Qirg‘izistonda nima qilishganini o‘rganish kerakmi?

Avvalo, tashqi internet trafigi monopoliyasiga amalda barham berish kerak. Nafaqat Mobiuz, balki boshqa kompaniyalar ham to‘g‘ridan to‘g‘ri tashqi trafikni sotib olish imkoniga ega bo‘lishlari lozim.

Optika orqali internet haqida qishloq joylarda hali-beri orzu qilmasa ham bo‘ladi. U yerda aholi kompakt yashamasligi sababli bu juda katta mablag‘ talab qiladi.

Mobil aloqaga kelsak, yana texnik muvofiqlashtirish masalalariga to‘xtashga to‘g‘ri keladi. Mobil operatorlardan so‘rang: bitta bazaviy stansiyani o‘rnatish qanchalik qimmatga va qiyin byurokratik jarayonga aylangan.

Darvoqe, 5ta mobil operatorning 4tasi davlat ixtiyorida, shuning o‘zi katta muammo. Tarmoqqa yana xususiy va xorijiy investorlarni qaytarish kerak.

Hatto kosmos xususiy tijorat orqali rivojlanish yo‘liga o‘tayotganida, internet va aloqa sohasida davlatning mavjudligining o‘zi anaxronizm. Bu sohada imkon boricha davlat bo‘lmasligi kerak, demakki, budjet pullari ham.

Sohadagi asosiy muammo – O‘zbekistonning istalgan biznes borasidagi asosiy muammosi singari mulk huquqi va investitsiyalar himoyalanmaganidir. Internet va aloqaga pul kiritgan investorni qonun va sud himoya qila olishiga nafaqat potensial investorlarning, balki oddiy foydalanuvchi sifatida mening ham ko‘zim yetmaydi.

Barcha axborot avtokratiyalarida bo‘lgani singari sifatli internet siyosiy, mafkuraviy va iqtisodiy monopoliyani yo‘qqa chiqaradi. Propaganda instrumentlari sifatli internet sharoitida juda ham ojiz va samarasiz mahsulotga aylanadi. Shunday ekan, sifatli internet orqali hukumat o‘ziga savol beruvchilarni va undan hisobot so‘rovchilarni ko‘paytiradi. Bu kerakmi hukumatga? Bilmadim. Qisqa istiqbolda sifatli internet hukumatning ziyoniga ishlaydi, o‘rta va uzoq istiqbolda esa mamlakat taraqqiyotini sifatli internetsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Internetsiz mamlakat eng asosiy boyligi – fuqarolaridan ayrilaveradi.

 

«Aloqa obektini ishga tushirish uchun kamida 6 oy, ba'zan 9 oy kerak bo‘ladi, chunki ruxsat olish jarayoni juda murakkab»

Beeline Uzbekistan kompaniyasi texnik direktori Yevgeniy Klyuchev:

— Beeline Uzbekistan joriy yil boshidan beri butun O‘zbekiston bo‘ylab 1500ga yaqin turli xil texnologiyalardagi bazaviy stansiyalarni ishga tushirdi. Ulardan 950dan ortig‘i to‘rtinchi avlod bazaviy stansiyalari (LTE). 2020 yil rejalariga ko‘ra, kompaniya tomonidan hozirda 70ta chekka hududlarni yangi qamrov bilan taminlash ustida ish olib borilyapti. Chekka hududlardagi asosiy tayanch stansiyalarning aksariyati Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida ishga tushirilgan.

Uzoq hududlarda aloqa stansiyalarini o‘rnatish doimo katta moliyaviy xarajatlarni talab qilib kelgan. Bu, birinchi navbatda, elektr ta'minoti, og‘ir uskunalar va transport tarmoqlari o‘tish uchun kirish yo‘llarining yetishmasligi bilan bog‘liq. Shuningdek, hududning murakkabligi va iqlim sharoiti tufayli ish faqat yilning ma'lum vaqtlarida bajarilishi mumkin. Shuning uchun qurilish qiymati juda katta farq qilishi mumkin.

Elektr energiyasini yetkazib berish uchun maxsus yechimlarni o‘rnatishga hojat bo‘lmasa, kamida 160 million so‘mga baholanadigan uskuna narxi hisobga olinmaganda, xarajatlar minimumi 150 milliondan boshlanadi. Baza stansiyasini ishga tushirish kamida 310 million so‘m bo‘ladi. Shu sababli bunday loyihalarni amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralarning ishtiroki va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatishi muhimdir.

Baza stansiyalarini qurish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsat olinadi. Aloqa vositalarini qurish va foydalanishga topshirish – murakkab jarayon. Yangi tayanch stansiyasini qurishni boshlashga ruxsat olish – LvQR (loyihalash va qurilish uchun ruxsatnoma) uchun kamida 1,5-2 oy vaqt talab etiladi. Aloqa obektini tijorat efiriga chiqarish uchun o‘rtacha 6 oy, ba'zan 9 oygacha vaqt ketadi, chunki qator oraliq ruxsatnomalar talab qilinadi.

Kompaniyamiz ruxsat olish jarayonini soddalashtirish tarafdori. Bu masalada tegishli vazirlik tomonidan tushunarli va konstruktiv tizim ishlab chiqilishiga umid qilamiz.

 

«Bu yil aholi maskanlarining mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga, keng polosali mobil internet tarmog‘iga ulanish qamrovi darajasi 78 foizga yetkazildi»

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati mavzu yuzasdan quyidagicha ma'lumotni taqdim etdi.

— Mobil aloqa qurilmalarini o‘rnatish, ishga tushirish, xizmat ko‘rsatishga o‘rtacha 250-300 mln. so‘m mablag‘ sarflanadi. Mobil aloqa operatorlari o‘z telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish maqsadida tayanch stansiya o‘rnatish ishlarini qonunchilikka asosan, jumladan, Adliya vazirligi tomonidan 2005 yil 7 dekabrda 1531-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston Respublikasi hududida radiochastota spektri va radioelektron vositalaridan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining buyrug‘i, «Priyemka v ekspluatatsiyu zakonchennyx stroitelstvom obektov» ShNK 3.01.04-04, shuningdek idoraviy qurilish normalariga (IKN 05:2013, IKN 07:2015) asosan ish olib boradilar.

O‘zbekiston Respublikasi hududida mobil aloqa operatorlari «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda vazirlik tomonidan berilgan litsenziyaga asosan faoliyat yuritadi. Barcha mobil aloqa operatorlari litsenziya shartnomalari shartlariga asosan, har yili tarmoqni rivojlantirish rejalarini vazirlik bilan kelishishlari belgilangan.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida mobil aloqa operatorlari tomonidan jami 1375ta mobil aloqa tayanch stansiyalari o‘rnatilib, aholi maskanlarining mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga va keng polosali mobil Internet tarmog‘iga ulanish qamrovi darajasi 78 foizga yetkazildi.

 

Xulosa

Anglaganingizdek, masala yechimiga byurokratiya to‘sig‘i yo‘l bermayapti. Aloqa stansiyalarini o‘rnatish uchun hujjatlar rasmiylashtirish uzoq vaqt va mablag‘ etadi.

Demakki, hukumat butun respublikada internet tezligini birday oshirishni istasa, gap mablag‘dan ko‘ra ko‘proq jarayonni soddalashtirishga va eng muhimi xohish bildirishga, tashabbus ko‘rsatishga borib taqaladi.

Muhabbat Ma'mirova

Ko‘proq yangiliklar: