Havo zarur. Kislorod konsentratorlari importi soliqdan ozod qilinadimi?

O‘zbekiston 14:31 / 24.07.2020 12123

Zero, qisqa vaqt mobaynida epidemik vaziyat o‘zgarib, Covid-19’ning o‘rta va og‘ir formalari bilan kasallanganlar soni keskin ko‘payib ketishi va ko‘plab odamlarga tom ma'noda havo zarur bo‘lib qolishi mumkin.

20 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilingan edi. Yig‘ilishda pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortishi qayd etildi. Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi, Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika birinchi va ikkinchi son klinik kasalxonasida hamda barcha yangi ochilayotgan «provizor» shifoxonalarida 1000dan ortiq kislorod o‘tkazadigan nuqtalar sonini ko‘paytirish zarurligi ta'kidlandi. Toshkent shahri xokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda har bir tuman hokimi o‘z hududida joylashgan tibbiyot muassasalarini doimiy asosda kislorod bilan to‘ldirib borishga shaxsan mas'ulligi belgilandi, bosh vazirga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatimizga yetkazish topshirig‘i berildi.

Biroq, mazkur vaziyatda kislorod taqchilligiga barham berish ishida nafaqat davlat kuchi va mablag‘larini safarbar etish, balki tadbirkorlik sub'yektlariga, jamoat birlashmalariga, xususiy tashabbus asnosida xayriya yig‘ib chet eldan kislorod konsentratorlari olib kelishga chog‘langan guruhlarga har taraflama ko‘mak berish bilan, bunday xususiy faollikni qo‘llab-quvvatlash bilan ham holatni yengillashtirishga urinish maqsadga muvofiq bo‘ladi.  

Mazkur yo‘nalishda prezident topshirig‘i bilan maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari ko‘rish topshirig‘i berildi. Undan oldinroq, 16 iyul kuni bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida yig‘ilishda import qilinadigan kislorod konsentratorlari bojxona bojidan ozod etish bo‘yicha qaror qabul qilingandi.

Biroq, hal qilinishi kerak bo‘lgan yana bir masala bor ekan – tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan kislorod konsentratorlarini qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)dan ozod qilish.    

Kun.uz tahririyatiga bir necha tadbirkorlardan murojaatlar kelib tushdi. Ularning bizga bildirishicha, mamlakatimizga chet eldan bir necha ming dona kislorod konsentratorlari olib kelish rejalashtirilgan. «Biroq, surishtirsak, mazkur tibbiy vositalarni mamlakatga olib kelingandan so‘ng, ular soliqqa tortilishi ko‘zda tutilgan ekan. O‘ylanib qoldik...», deyishdi biz bilan suhbatda tashabbuskorlardan biri.

Holatni o‘rganishimiz shuni ko‘rsatdiki, Soliq kodeksining 243-moddasida realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma soliq solishdan ozod etiladigan tovarlar (xizmatlar) keltirilgan bo‘lib, mazkur moddaning 13-bo‘limida dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar ham soliqdan ozod etilishi belgilangan. Mazkur tibbiyot buyumlari ro‘yxati esa Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 29 iyundagi 2809-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan bo‘lib, bu ro‘yxatda, afsuski kislorod konsentratorlari yo‘q ekan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, bu holatda masalaning yechimi – kislorod konsentratorini Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘sha ro‘yxatiga tezda kiritish lozim. Shu yo‘l bilan davlatning gardaniga tushayotgan yuk biroz bo‘lsa-da kamaytirilib, ko‘plab insonlarning bevaqt o‘limi oldini olishga erishilgan bo‘lar edi.        

Shokir Sharipov

Ko‘proq yangiliklar: